Breaking News

Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz


Qohiraning "Tahrir" maydoni, 4 fevral 2011
Qohiraning "Tahrir" maydoni, 4 fevral 2011

Prezident Barak Obama fikricha Misr rahbari Husni Muborak hokimiyatni topshirish jarayonini darhol boshlab, undan norozi xalqning talablarini qondirishga kirishishi kerak.

Butun dunyo diqqati hozir Misrda, deydi Obama, bu murakkab holatdan chiqishning eng ma'qul yo'li - yangi hukumat tomon qadam tashlash.

Obama bu fikrlarni bugun Vashingtonda Kanada Bosh vaziri Stiven Xarper bilan uchrashuvdan keyin o'tgan matbuot anjumanida bayon etdi.

Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz
Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz

Misrda namoyishlar 25 yanvarda boshlangan bo'lsa, Oq Uy "Amerika kim tomonda"? deb har kuni savolga tutiladi.

Obama ma'muriyati omma oldida Misr rahbarini siyosiy o'zgarishga chaqirsa-da, yopiq eshiklar ortida kechayotgan muhokamalarda "Muborak ketishi kerak" degan fikrlar yangrayotgani ma'lum.

Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz
Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz

Ism-sharifini bildirmaslik sharti bilan gaplashgan rasmiylarning Amerika axborot vositalari, xususan CNN telekanali va "Nyu-York Tayms" gazetasiga aytishicha, Muborakka hokimiyatni topshirish maslahat berilgan.

Prezident Obama Husni Muborak bilan bu hafta ikki bor telefonda gaplashgan.

Unga shunday nasihat qilgan:

"O'z xalqingiz va davlatingiz manfaati va kelajagini hamma narsadan ustun qo'yib, tartibli, tinch va demokratik ravishda lavozimni tark eting".

"Prezident Muborak o'zidan so'rashi kerak: "Hukumatdan qanday ketishim kerakki, Misrda o'tish davri osoyishta va osonroq kechsin"? Umid qilamizki, u to'g'ri qaror qabul qiladi",- deydi Obama.

Muvaqqat hukumat tuzish ustida gap ketayotgani ma'lum.

Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz
Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz

Barak Obama Misr kelajagi bu xalqning o'z qo'lida deydi.

Tinch o'tayotgan namoyishlar bu hafta qonli tus oldi. Namoyishchilarga Muborak tarafdorlari hujum qilib, bir necha kishi halok bo'ldi. Jurnalistlar, huquq faollari ham nishonga olingan.

"Zo'ravonlikka chek qo'yib, murosa qilish kerak",- deydi Obama.

"Juma kuni ommaviy namoyishlar tinch kechganidan mamnunmiz",- deydi AQSh rahbari.

83 yoshga yaqinlashgan Muborak 30 yillik hukmronlikdan keyin shu yilning sentabr oyida, amaldagi muddati bitgach, iste'foga chiqishga so'z bermoqda.

AQSh bu davlatga har yili 1, 5 milliard dollar miqdorida yordam berib keladi. Muborak ketadimi yo'qmi, bu yil shuncha ko'mak va'da qilingan.

Lekin millionlab fuqarolarning talabi shuki, u hoziroq hokimiyatni topshirishi, mamlakat erkin va farovon jamiyatga aylanishi uchun avvalo undek "diktatordan qutulish kerak".

Qohiraning "Tahrir" maydonida bir necha kundan beri namoyish qilayotgan odamlar qo'lida "Lan'at senga, Muborak", "Kuning bitdi, Muborak", "Alvido, Muborak" degan yozuvlarni ko'rasiz.

Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz
Obama: Muborak to'g'ri qaror qiladi degan umiddamiz

Misr qashshoqlik, ishsizlik, savodsizlik va ijtimoiy tengsizlik domida yashayotgan jamiyatlardan biri.

Husni Muborak va uning oilasining boyligi 40-50 milliard dollar orasida deb baholanadi. Rafiqasi Suzana Misrda o'ziga yarasha hayrat va nafrat uyg'otib keladi.

O'glilari Jamol va A'lo xalqaro maydonda tanilgan tadbirkor va bankirlar.

Otasidan keyin hokimiyatga kelish niyatida degan qarash keng tarqalgan. Lekin namoyishlar boshlangach Jamol Muborak "bunday orzum yo'q" degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG