Raskol Xon - amerikalik musulmon repper

  • Amerika Ovozi

Raskol Xon - amerikalik musulmon repper

Raskol Xon - amerikalik musulmon repper

Ota-bobolari Eron va irlandiyalik musulmon repperni ehtimol faqat Nyu-York shahrida uchratishingiz mumkin.

"Bir necha mandaniyatlar yig’indisiman. Albatta, ijodimda aks etadi bu", - deydi ijodkor.

Asl ismi Sayrus MakGoldrik. Sahnada esa uni hamma Raskol Xon sifatida biladi.

Raskol Xon bu bir ijodiy obraz, lekin real hayotdan olingan.

"E’tibor bering, ismimning yarmi g’arbcha, yarmi sharqona. Bu taxallus meni to’la-to’kis ochib bera olgan deb o’ylayman",- deydi u.

Raskol Xon Kolumbiya Universiteti talabasi, taqvodor musulmon. Besh vaqt namozni kanda qilmaydi.

“Islom haqida rep kuylayman deb ayta olmayman. Lekin musulmon repperman va bundan faxrlanaman. Nyu-York turli xil insonlar, madaniyatlar qorishgan ajib bir shahar va shunisi bilan menga juda ma’qul. Erkin ijod qiladi kishi”, - deydi u.

“Hammamiz bir insonmiz, orzu-umidlarimiz, ehtiyojlarimiz bir. Qo’shiqlarimda ana shu haqiqatni ask ettirishga harakat qilaman. Har bir odam, xoh musulmon bo’lsin, xoh boshqa din vakili, avvalo mas’uliyatni his etishi, atrofga razm solishi kerak. Insoniylik – qo’shiqlarimning asosiy mavzusi. Muxlislarim ko’ngliga shu orqali yo’l topganman. Ular ham buni his etadi”.

Ota-onasining ham boshi osmonda. Onasi o'g'limning ijodi hammaga birdek manzur desa, otasi "u o'z ustida tinmay ishlaydi, bundan zavq oladi. Muxlislari bir dunyo, faxrlanamiz undan", deydi.

San’at olamida shuhrat qozonish bu yurtda ko’pchilik yoshlarning orzusi. Lekin el tanigan mashhur qo’shiqchilarni xudojo’y, taqvodor deb tasavvur qilish qiyin. Bu go’yoki bir-biriga qovushmaydigan tushunchalar.

Raskol Xon - amerikalik musulmon repper

Raskol Xon - amerikalik musulmon repper

“Sa’natkor, albatta, mamlakat kezadi, turli sahnalardan turib qo’shiq aytadi. Dindor odam uchun noqulay holatlar ham bo’lib turadi. Tungi klublar, baland muzika, ichkilik va hokazo. Lekin nazarimda, har ikkisini bir maromda olib borish mumkin. Hammasi amalga, niyatga, irodaga bog’liq. Men uchun musiqa muhim ahamiyat kasb etadi. Ichimdagini to’kib sochaman. Ichkilik, kayfu safo bilan uncha ishim yo’q”.

Raskol Xon Kolumbiya universitetida Yaqin Sharq, Osiyo va afrikashunoslikdan dars oladi.

AQShning Rod-Aylend shtatida tug’ilgan bu yigit jamoatchilik ishlarida ham faol. O’z mahallasida maktab ko’rmagan insonlarning savodini chiqarishga yordam beradi.

“Odamlar o’qish-yozishni o’rgansa, albatta, as qotadi. Bilganingni boshqalar bilan baham ko’rishga nima yetsin. Yaxshilik savob. Odamlarga foydam tegyapti”.

"Do’st-birodarlarim, yaqinlarim, ota-onam, universitetda tahsil olish, ijod, qilayotgan ishlarim – hayotim mazmuni. Shularni deb yashayman. O’zimni juda omadli inson deb bilaman. Bandman, lekin hayot shunisi bilan qiziq. Yugurasiz, chopasiz, qo’lim-qo’limga tegmaydi. Lekin menga juda yoqadi", - deydi repper.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG