Islom Karimov prezident sifatida yangi besh yillikni boshlamoqda


Toshkentdagi saylov uchastkasi. 29-mart, 2015-yil.

Toshkentdagi saylov uchastkasi. 29-mart, 2015-yil.

Qariyb 91 foiz ovoz bilan yana bir muddatga saylangan Islom Karimov rahbarligidagi O'zbekistonda kelasi besh yil o'ta murakkab davr bo'lishi taxmin qilinmoqda.

Kuzatuvchilarning aytishicha, davlat rahbarining keksayayotgani, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz oqibatlari, “Islomiy davlat” timsolidagi tahdidning asta-sekin mintaqaga kirib kelishi vaziyatni ancha keskinlashtirishi mumkin.

Amaldagi prezident g'alabasi bilan tugagan navbatdagi saylovlar Islom Karimov boshqaruvini 2020-yilgacha uzaytiradi. Karimov yetakchiligidagi kelgusi besh yil esa O'zbekiston uchun ancha murakkab davr bo'lishi aytilmoqda.

Murakkablik kelgusi saylovlar Karimovning 83 yoshiga taqalishi bilangina bog'liq emas, balki uning boshqaruvi davrida cho'ktrilgan muammolarning yuzaga qalqishida, mintaqada, dunyoda vaziyat o'zgarayotgani bilan bog'liq ko'rilmoqda. Shu ma'noda barqarolik garovi sifatida ko'rilgan Karimov uchun berilgan ovozlar aksincha natijaga olib kelishi haqida xavotirlar mavjud.

O'zbekiston prezidentligi uchun o'tgan saylovlarda faqat virtual tarzdagina qatnashish imkoniyatiga ega bo'lgan o'zbek muxolifati ham bu murakkablikka tayyor emas, ammo vaziyatdan ogohlantirmoqda.

“Karimov 80 yoshga yaqinlashayapti, har insonning umri o'z nihoyasiga yetadi, bu birinchi faktor. Ikkinchidan, Ukraina voqealari munosabati bilan AQSh va Yevropa tomonidan ko'rilayotgan sanksiyalar bois Rossiya iqtisodining inqirozga uchrashi Markaziy Osiyoda ham iqtisodiy inqirozni boshlab berdi. Hozir O'zbekistonda iqtisodning qiyinlashgani haqida juda ko'p xabarlar kelayapti. Ya'ni xalqning qashshoqlashishi bilan odamlarning ko'chaga chiqish faktori kuchayadi. Uchinchidan, hozirgi Afg'onistonda bo'layotgan vaziyatning ham O'zbekistonga ta'siri bor. Qolaversa, AQSh ham mintaqaga nisbatan o'z siyosatini qayta ko'rib chiqmoqda, amaldagi bu siyosat ham vaziyatdan kelib chiqib o'zgartirilsa kerak”, - deydi o'zbek muxolifati faollaridan, virtual saylovlarda prezidentlikka nomzodini surgan Namoz Normo'min.

Virtual saylovdagi nomzodlardan yana biri Rossiyadagi “Vatandosh” jamiyati rahbari Usmon Baratovning aytishicha, o'zbekistonliklar kelgusi besh yilda iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bevosita seza boshlashadi.

“Karimov siyosati o'zgarmaydi, O'zbekiston baribir Yevrosiyo ittifoqiga qo'shilmaydi. Bu degani, bu yerdagi o'zbek mehnat muhojirlari qiynalib yuraverishadi, deportatsiya ko'payadi, patent qilishga majbur bo'ladi, nolegal bo'lishadi. Bu degani, Rossiyadan deportatsiyaga tushganlar O'zbekistonga borib ish topolmaydi, har xil ijtimoiy portlashlar kutiladi. Kimdir o'g'rilik qilib qamoqqa tushadi, kimdir pul ishlagani Suriyaga ketadi, kimdir Tolibonga ketar, kimdir bola-chaqasini ko'tarib, non ber deb Mustaqillik maydoniga chiqar”, - deydi Usmon Baratov.

Uningcha, iqtisodiy tanazzulga qaramasdan uch millionga yaqin o'zbekistonlik hamon Rossiyada, ishlash imkoniyati esa tobora qiyinlashib bormoqda. O'tgan prezident saylovida bu uch million ovoz kimning foydasiga o'zlashtirilgani noma'lum.

O'zbek muxolifati Karimov boshqaruvidagi keyingi besh yilni o'ta tahlikali ko'radi, ammo bu tahlikali vaziyatga qaramasdan muxolifatining vatanda faoliyat boshlashi gumon.

“Agar biror favqulodda vaziyat sodir bo'lgan taqdirda ham muxolifatning O'zbekistonga kirishi qiyin, Karimov o'rnini uning merosxo'rlari egallaydi. Muxolifat uchun eshiklar yopiqligicha qolaveradi. Faqat xalq qo'zg'olanlari yuz bergan taqdirdagina muxolifat mamlakatga kirib borishi mumkin”, - deydi Baratov.

Namoz Normo'min so'zlariga ko'ra, muxolifat birlashishi uchun jiddiy harakatlar kuzatilmoqda.

“Virtual saylovlar muxolifat o'rtasida hamjihatlik bo'lsa, ancha ishlarni amalga oshirish mumkiligini ko'rsatdi. Bu saylov muxolifat uchun siyosiy sinov bo'ldi. Karimovning saylovlari shunchaki bir siylov bo'ldi, xolos. Shu ma'noda muxolifatni muvofiqlashtrish uchun ancha jiddiy qadamlar tashlandi. Virtual saylov komissiyasinining o'zi bir siyosiy tashkilot emas, lekin bu borada ancha jiddiy qadamlar tashladi”, - deydi Normo'min.

29-mart kuni O'zbekistonda o'tgan saylovlarda to'rtinchi bor nomzodini surgan 77 yoshli Islom Karimov 90 foizdan oshiq ovoz bilan g'alaba qildi. O'zbekiston 25 yillik mustaqillik tarixidan buyon davlat rahbari o'zgarmay kelayotgan sanoqli davlatlardan.

Mamlakatdan quvg'in qilingan muxolifat muqobil tarzda internetda saylov tashkil etdi. Virtual saylov komissiyasi xakerlik hujumlari natijasida o'z faoliyatini to'xtatishga majbur bo'ldi. Yaqinda esa Virtual saylov komissiyasi asosida “Muqobil O'zbekiston” kengashi tuzilgani e'lon qilindi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG