Vatandoshlar saylovda qanchalik faol?


O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida 100 dan ortiq fuqaro ovoz berdi. Saylov uchastkasi ertalab 6 dan kech 8 gacha ochiq.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida 100 dan ortiq fuqaro ovoz berdi. Saylov uchastkasi ertalab 6 dan kech 8 gacha ochiq.

Xorijda yurgan fuqarolar ovoz berishni istasa, tegishli elchixona yoki konsullikka borib fuqarolik huquqidan foydalanishi mumkin. Diplomatik vakolatxonalar saylovda qatnashishni yoki biror nomzodni targ'ib qila olmaydi, biroq fuqaroga ovoz berish imkoniyatini yaratib berishi kerak.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi mahalliy vaqt bilan ertalab 6 da ochildi va kech 8 gacha ochiq turib, pasporti bilan kelgan, tegishli yoshdagi vatandoshlarni qabul qildi. Saylovchilarga issiq choy, somsa va kunning yarmiga borib osh taklif qilindi. Ayrim vatandoshlar farzandlari bilan kelib, elchixonani tomosha qilishdi.

Tushgacha 100 ga yaqin odam keldi. "Amerika Ovozi" ning kuzatishcha, ovoz berganlarning aksariyati yoshlar, asosan Vashington va uning atrofida yashab ishlaydigan mutaxassislar. Uzoqdan turib yoki elektron ravishda ovoz berish imkoniyati mavjud emas ekan, Amerika bo'ylab yashayotgan o'n minglab fuqarolar bu huquqdan foydalana olmaydi. Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdagi konsullikka yaqin bo'lsangizgina, saylovda qatnashish mumkin.

Jorj Vashington universitetida huquqshunoslikdan ta'lim olayotgan Dilshod Zokirov faol vatandoshlardan. Ovoz berish konstitutsiyaviy huquq, deydi u, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. Saylovda qatnashish imkoniyati bor ekan, vatan kelajagiga loqayd bo'la olmaysiz. Ovoz berish burch va sharaf, deydi Zokirov. (Quyida elchixona oldidan berilgan reportajni tinglang)

Dekabr oyida o'tgan parlament saylovlarida Vashingtondagi elchixonada 86 kishi ovoz bergan. Nyu-Yorkdagi konsullikka kelganlar bundan ko'p, chunki Nyu-York va uning atrofida o'zbekistonliklar kattaroq sonni tashkil etadi. Aniq hisob mavjud emas, biroq jamoa faollarining taxminicha, Qo'shma Shtatlar bo'ylab 300 mingga yaqin o'zbek bor. Ularga O'zbekiston fuqarosi bo'lmaganlar ham kiradi. Biroq respublika pasportiga ega immigrantlar ko'pchilikni tashkil etishiga shubha yo'q.

Umuman olganda, vatandagi saylovlarda qatnashishga xohish u qadar kuchli emas. Muhojirlar yangi mamlakatdagi hayot tashvishlari bilan band. Ish, o'qish, oila va tirikchilik - asosiy masalalar. Qolaversa, elchixona va konsulliklar uzoq. Bir vatandoshning hazilomuz aytishicha, "ovoz beraman deb hozir Toshkentdan Moskvadek joyga borib kelarmidim?"

"Amerika Ovozi" bilan gaplashganlarning aksariyati Islom Karimovni quvvatlashini bildirdi. Sabab - ular boshqa nomzodlarni bilmaydi va ularning haqiqiy nomzod ekaniga ishonmaydi.

Bu saylovlar ijtimoiy tarmoqlar hukmron zamonda o'tar ekan, ovoz berishga qiziqmaganlar ham internetda bu voqea muhokamasi bilan band. Prezident Islom Karimov va qolgan uch nomzod haqida qizg'in bahs-munozaralarga guvohmiz. Yoshlar orasida Karimovni quvvatlayotganlar ko'p. Lekin tuzumning tanqidchilari ham faol.

Ushbu saylov, qolaversa, 2014-yilning dekabrida kechgan parlament saylovlari rasmiy matbuotda emas, ijtimoiy tarmoqlarda kengroq va erkinroq yoritilgani o'ziga xos tarixiy o'zgarishdir. Bu sharhni saylovchilarning o'zidan eshitasiz.

Yevropadagi huquq himoyachilari va faollar olib borgan virtual saylov, ularda qatnashgan muqobil nomzodlar, ular olg'a surgan g'oyalar ham xorijda yurgan o'zbekistonliklarni o'ziga tortdi va bahsli mavzuga aylandi.

"Facebook", "Instagram", "Twitter", "Odnoklassniki" va "VKontakte" singari ijtimoiy platformalarda O'zbekiston fuqarolarining o'zgacha faxr bilan ovoz berayotganini aks ettirgan tasvirlarni ko'rasiz. Taniqli shaxslardan tortib, oddiy shaxslargacha. Yangicha axborot vositalari barq urayotgan zamonda hamma o'z mikrofoniga egadek. Fikringiz, munosabatingizni dunyoga bildirish uchun siz matbuot xizmatiga muhtoj emassiz. Ijtimoiy tarmoqlar siz uchun ochiq sahna.

Xorijda yurganlar uchun bu vositalar vatan bilan bog'lanish, yurtdoshlar bilan aloqa qilishda qo'l keladi.

Hukumat va davlat rahbariga ishonch qanchalik ekanidan qat'i nazar, saylov jamoatchilik munosabatini oydinlashtiradi, siyosiy qarashlarni aks ettiradi.

Prezident Islom Karimov yana bir bor nomzod bo'lishga haqlimidi? Konstitutsiya nima deydi? Markaziy saylov komissiyasi nima deyapti? Dunyo bunga qanday qaramoqda? Karimov shu kungacha nimani epladi? Nimani eplamadi? O'zbeklar qanday rahbarga muhtoj? Kim bu davlatni to'g'ri boshqara oladi? Haqiqiy muxolifat vujudga kelishi uchun nima qilmoq zarur? Xorijdagi muxolif guruhlar qanday rol o'ynaydi? Saylov o'zi nima? Ovoz berishning ahamiyatini tushunamizmi? Demokratiya nima? Saylov oldidan ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa axborot vositalarida mana shu savollar ko'tarildi.

Umidsizlanganlar ko'p, biroq shu fursatda o'z fikri va g'oyalarini ulashishga harakat qilganlar ham oz emas.

Qo'shma Shtatlar O'zbekistondagi saylovni Toshkentdagi elchixonasi va u a'zo Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti orqali kuzatmoqda. Saylov oldidan biror bayonot berilmadi. Rasmiylarning aytishicha, jarayon qanday o'tgani yuqorida nomi tilga olingan organ bergan hisobotga qarab baholanadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG