Rossiya siyosiy muxolifati oyoqqa turish harakatida

  • Amerika Ovozi

Rossiyadagi muxolif partiyalar 18-sentabr saylovlarida Kreml tarafdorlariga to’lgan parlamentdan o’rin olmoqchi. 2011-yilgi saylovda ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi da’volar norozilik namoyishlariga turtki bergan edi.

PARNAS partiyasi fuqarolarni sentabrdagi saylovda o’zgarish uchun ovoz bering, deya undamoqda.

“Hozirgi hukumat siyosati iqtisodni barbod qildi va shuning uchun rossiyaliklar qashshoqlashib bormoqda”, - deydi partiya rahbari Mixail Kasyanov.

PARNAS tarafdorlari Putin siyosatini tanqid qiladi.

“Suriya aholisi bombardimon qilinayotgani tentaklik. Ukraina bilan urushga ham qarshiman. Shuning uchun mana shu nomzodlarni quvvatlayapman”, - deydi Mixail Kirtsev.

Ammo ayrimlar fikricha muxolifat zaif, davlatni boshqara olmaydi.

“Men shaxsan hozirgi hukumatga ham, oppozitsiyaga ham ishonmayman. Lekin kuchli muxolifatchilar topisa, quvvatlashim mumkin”, - deydi tadbirkor Dmitriy Nikolayev.

Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti olimi Andrey Zubov Rossiya Qrimni bosib olganini natsistlar Germaniyasi bilan qiyoslagani uchun ishdan haydalgan.

“Oddiy fuqaro sifatida, siyosiy jarayonlarni tushunadigan olim sifatida mening vazifam faqat kuzatish va tushuntirish emas, balki bu jarayonda qatnashishdir. Totalitar diktatura qaytmasligi kerak bu mamlakatga”, - deydi saylovga nomzodini qo'ygan Zubov.

Rossiyada hukmron partiya Qrim bosib olinishi to’lqinida o’z reytingini oshirdi. Davlat matbuoti tanqidchilarga e’tibor bermaydi yoki ularni xoin deb ataydi.

“Muxolifat valdirashdan boshqa narsaga yaramaydi. Xalq uchun biror narsa qilib bergani yo’q”, - deydi hukmron partiya tarafdori Svetlana Apollonova.

2015-yilda oppozitsiya yetakchisi Boris Nemtsovning Kreml yaqinida otib ketilgani Putinning tanqidchilarini larzaga solgan.

Ammo Kreml tarafdorlari hozirga qadar mamlakat yo’nalishini emas, qattiqqo’l siyosatni ustun qo’yib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG