Bashar al-Assad murosaga borishiga ishonch past

  • Amerika Ovozi

Hims, 15-fevral 2012

Hims, 15-fevral 2012

G'arb va Arab Ligasi Suriyada zo'ravonliklarni to'xtata olmayapti. O'tgan kunlar ichida vaziyat yanada yomonlashgan. Suriya shaharlarida hukumatga qarshi isyon davom etar ekan, hukumat uni kuch bilan bostirish qarorida qat'iy. Har hafta yuzlab insonlar halok bo'lmoqda. Aniq ma'lumotlar olish qiyin, chunki mamlakat chet el axborot vositalari uchun yopiq.

Suriyadan kelayotgan xabarlar va tasvirlar odamni junbushga keltiradi. Prezident Bashar al-Assad esa xalqaro hamjamiyat talabiga qaramay hokimiyatdan ketmoqchi emas.

Amerikalik siyosatshunos professor Jerrold Postning aytishicha, Assad kuch ishlatishdan boshqasini bilmaydi, ammo bu halokatli yo'l.

Ba'zilar nazarida bunday xislat Basharga Suriyani 30 yil boshqargan qattiqqo'l otasi Hofiz al-Assaddan o'tgan.

Assadlar shia mazhabining alaviy oqimidan. Tahlilchi Rizvon Ziyoda deydiki, rejim mamlakatda alaviylar hukmronligini saqlab qolishga harakat qiladi.

"Assad rejimi xavfsizlik kuchlariga tayanadi. Ular alavitlar nazorati ostida. Bunday tizimga aloqador odamlar bir-biriga sodiq bo'ladi", - deydi Ziyoda.

Hofiz al-Assad Londonda oftalmologlikka o'qigan Basharni tortinchoq, jur'atsiz deb voris sifatida ko'rmasdi. Uning akasi Bazil Basharga qaraganda ancha dadilroq bo'lib, otasining umidi edi, ammo yo'l halokatida nobud bo'lgan. Bazilning o'limidan so'ng Bashar darhol Damashqqa chaqirilib, katta siyosiy sahnaga tayyorlandi.

Jerrold Postning aytishicha, Bashar al-Assad zo'ravonliklar bilan jur'atsiz emasligini, otasi kabi dadil rahbar ekanini namoyish etmoqchi.

Hofiz al-Assad 1982-yilda Hamoda ko'tarilgan isyonni shafqatsiz bostirgan. Ayrim hisoblarga ko'ra, 10 mingdan 25 minggacha odam qirilgan. Bashar o'sha voqeadan ta'sirlangan bo'lishi mumkin, deydi professor Post.

"Bunday vaziyatda murosa qilish kerakligi unga o'rgatilmagan. Bashar nazarida isyon hamisha Hamodagi kabi kuch bilan bostirilishi kerak", - deydi u.

Ammo ayrim tahlilchilar nazarida vaziyat Suriya prezidenti nazoratidan chiqqan. Maslahatchilari murosaga qarshi. Ayrimlari otasining qo'lida ishlagan.

Rizvon Ziyodaning aytishicha, Bashar al-Assad past kela olmaydi, jiddiy islohotlarga qo'l urmaydi, chunki har qanday o'zgarish rejimni halok qiladi.

Natijada zo'ravonliklar kundan-kunga kuchayib, prezident xalqidan begonalashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG