Breaking News

Ukraina floti binosi Rossiya qo'liga o'tdi


Yevropa Ittifoqi Qrimning Ukrainadan chiqishi ketidan Rossiyaga qarshi qo’shimcha sanksiyalar ustida ishlayapti.

Germaniya kansleri Angela Merkel bugun iqtisodiy jazo choralari haqida gap ochdi. Yevropa sal oldin Qrimning ajralishiga sababchi rus mulozimlariga viza cheklovlari joriy etib, hisob raqamlarini muzlatgan edi.

Moskva Qrim rasmiylari bilan hujjat imzolab, yarimorolni rasman Rossiya tarkibiga qo’shgan. Aholisi asosan ruslardan iborat o’lka o’tgan haftadagi referendumda Ukrainadan ajralishni yoqlab ovoz berdi. Yevropa Ittifoqi va Amerika saylov natijalarini tan olmayapti.

Bu orada, 19-mart kuni Rossiya tarafdori bo’lgan o’zini o’zi himoya qilish kuchlari Ukraina flotining Qrimdagi qo’mondonligi binosiga bostirib kirdi.

Guvohlarning aytishicha, Sevastopoldagi binoga 200 dan ziyod quroli yo'q shaxs kirib Rossiya bayrog’ini o’rnatgan. Ukraina harbiylari ularga qarshilik ko’rsatmagan va binoni tark etgan.

Rossiay axborot agentliklarining Sevastopol prokuraturasiga tayanib xabar berishicha, Ukraina floti qo’mondoni Serxiy Xaiduk “vaqtincha hibsga olingan”. So'nggi xabarlarga ko'ra, u ozod qilindi.

19-mart kuni, shuningdek, yana bir dengiz floti bazasi ham Rossiya tarafdori bo’lmish kuchlar qo’liga o’tgani haqida xabar tarqatildi.

18-mart kuni qurollangan shaxslar Simferopol yaqinidagi Ukraina harbiy bazasiga hujum qilgan edi. Hodisa natijasida bir ukrainalik zobit otib o’ldirilgan. Yarimorolning Rossiya tarafdori bo’lgan drujinasi a’zosi ham halok bo’lgani aytilmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina muhokamada

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer Xavfsizlik Kengashi yig’inida Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qattiq tandiq qildi. AQSh buni harbiy intervensiya deb hisoblaydi va qabul qilmaydi, deydi Pauer, aslida bu bosqinchilik.

“Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishdi, Rossiyaning o’zi imzo chekkan shartnomalarga, xalqaro huquq tamoyillariga zid, qolaversa, ushbu Kengashning aksariyat a’zosi fikri va irodasiga hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga ziddir”, - dedi AQSh diplomati.

“Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, Rossiya harakatlari huquq nuqtai nazaridan noto’g’ri, tarix nuqtai nazaridan noto’g’ri va xavflidir. Qrimdagi hodisalarni qabul qilib bo’lmaydi. Hammamiz ushbu noqonuniy qadamga qarshi chiqishimiz va uning oqibatlarini qabul qilishdan bosh tortishimiz kerak. Shunday qilar ekanmiz, Qrimdagi hodisalar Ukrainaning boshqa qismlarida takrorlanmasligi kerakligini aniq ta’kidlashimiz zarur,” – dedi Pauer.
U Rossiyaning Qrimdagi harakatlarini o’g’rilik bilan qiyosladi va “o’g’ri mulkni o’g’irlashi mumkin, lekin bu uning mulkka egalik qilish huquqiga ega bo’lganini anglatmaydi”, - deb aytdi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin bunga javoban “mamlakatimiz haqida aytilayotgan haqoratli gaplarni eshitishga toqat qilib bo’lmaydi”, dedi.

Xavfsizlik Kengashining chorshanba kungi yig’ini o’tgan uch haftada Ukrainaga bag’ishlangan sakkizinchi favqulodda yig’in bo’ldi. Unda Churkin yakka o’zi Rossiyaning Qrimdagi harakatlarini himoya qilishga majbur bo’ldi.

Ukraina Qrimdan qo’shinlarini olib chiqadi

Ukraina rahbariyati Qrimdan barcha harbiylarini olib chiqishni rejalayapti. 19-mart kuni e’lon qilingan qaror hudud ustidan nazorat Rossiyaga o’tishini anglatadi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Andriy Parubiy Kiyev BMTdan Qrimga qurolsiz hudud maqomini berishni so’rashini aytdi.

U, shuningdek, Ukraina hamkorlari bilan harbiy mashqlar o’tkazadi, deydi. Lekin aynan kim bilan, buni aytmadi. Ma’lumotlarga ko’ra, Kiyev rasmiysi AQSh va Britaniyani nazarda tutgan.

Ukraina bosh vaziri muovini va mudofaa vaziri 19-mart kuni Qrimdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida yarimorolga bordi, ammo hududga kiritilmadi. Xalqaro kuzatuvchilar ham shu paytgacha Qrimga kira olmayapti.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Moskvada. U Vladimr Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashayapti. So'ngra Kiyevda Ukraina muvaqqat prezidenti va bosh vaziri bilan muloqotda bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG