Ukrain faollari: Inqilob hali poyoniga yetgani yo’q

  • Amerika Ovozi

Ukrainadagi siyosiy inqiroz Qrimdagi voqealar soyasida qolib ketgan bo’lsa-da, namoyishlarga turtki bergan ommabop sahifalarda turli xil fikrlar qaynaydi. Faol jurnalistlardan biri Mustafo Naimning aytishicha, Ukrainada inqilob hali poyoniga yetgani yo’q.

Mustafo Naim “Facebook” dagi sahifasida namoyishlarga chaqirgani rejim qulashiga va prezident Rossiyaga qochib qolishiga olib keladi, deb hecham o’ylamagandi.

“Xalqni oyoqqa turg’izgan aslida Ukraina hukumatining Yevropadan yuz o’girgani bo’ldi. Men yozgan narsa faqat turki xolos. Jamiyatda g’azab hissi allaqachon bor edi”, - deydi blogger.

Xavfsizlik kuchlari bilan to’qnashuvlarda keyinchalik 100 kishi halok bo’ldi, deyarli hammasi oddiy fuqarolar.

“Politsiya Maydonni tozalashga kirishgani, palatkalar vayron qilingani haqida ko’pchilik internetdagi xabarlardan bilib oldi”, - deydi Alina ismli namoyishchi.

Kiyevlik Jilko Marchekning aytishicha, “Facebook” va shunga o’xshagan boshqa rus saytlari tez o’zgaruvchan voqealarni kuzatib borish uchun juda qulay.

“Har 15 minutda xabarlar yangilanib turardi. Ba’zi havaskor muxbirlar hatto Maydondan jonli reportajlar uzatdi”, - deydi Marchek.

Lekin ommabop saytlarda yolg’on, uydirma gaplar ham ko’p, deya qayd etadi Maksim Savanevskiy, Ukraina media markazi koordinatori.

“Bu kampaniya ortida Rossiya razvedkasi va boshqa uyushgan guruhlar turganini taxmin qilish mumkin. Yolg’on ma’lumotni tarqatish uchun qalbaki akkauntlardan foydalanishyapti. Shuningdek, Kremlning qarorlarini yoqlayotgan odamlar ham internetda juda aktiv”, - deydi Savanevskiy.

Blogger Mustafo Naimga ko’ra, Qrim ustida Rossiya bilan urush bo’ladi degan xavotirlar Ukraina siyosatchilariga yana o’sha eski uslublarga qaytish uchun imkoniyat bermoqda.

“Yosh avlod g’alaba tomon harakat qilishi kerak. Yanukovichni yutish uchun emas, Timoshenko Yatsenyuk va Klichko uning raqibi bo’lgani uchun ham emas. Bizning raqib bu hozirgi sistema va uni yaratishda barcha siyosatchilarning hissasi bor. O’sha rejimni tiklashga urinishlar bo’layotgan ekan, inqilob davom etishi kerak”, - deya so’zini yakunlaydi faol.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG