Breaking News

Oq uy: Haqiqatni aniqlash asosiy vazifa


Yo'lovchilardan birining jasadi.. Grabovo, Ukraina, 19-iyul, 2-14
Yo'lovchilardan birining jasadi.. Grabovo, Ukraina, 19-iyul, 2-14

Haqiqatni aniqlash uchun tekshirish kerak, bu esa zudlik bilan, hech qanday qarshilik va to'siqsiz amalga oshishi lozim deya bildiradi Oq uy.

Ukraina kontr-razvedka idorasi rahbari Vitaliy Nada shuni bayon qiladiki, Malayziya Havo yo'llariga tegishli yo'lovchi samolyotni Rossiyaga yaqin joyda nishonga olishda Rossiya muhim rol o'ynagan. Buni isbotlovchi dalillar bor, deydi rasmiy.

Nadaning tasvirlashicha, BUK-1 rusumidagi raketa moslamasini ishlatish ilg'or texnologik uquv va malaka talab qiladi.

"BUK-1 sistemasini qo'llagan guruh rossiyaliklar bo'lgan, Rossiya fuqarolari. Ular Rossiya Federatsiyasidan mana shu qurol bilan kirgan odamlar", - deydi Ukraina rasmiysi.

Samolyotda 298 kishi bo'lgan. Birortasi tirik qolmagan.

Halokat joyiga borgan xalqaro mutaxassislar separatistlar aralashuvidan shikoyat qilmoqda. Jangarilar ularga bemalol tekshirish uchun yo'l bermayotgani aytiladi. Samolyot va yo'lovchilarning qoldiqlari hamon tushgan joyida. Bir necha kilometrlik maydonga sochilib ketgan. Jasadlar chiriy boshlagan.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimkin Rossiyaga bosimni oshirmasa bo'lmaydi deydi.

"Chunki bu terroristlar ortida turgan Rossiyadir",- deydi u. "Maydonni tekshirish uchun imkoniyat kerak. Ekspertlar u yerda erkin ishlashi uchun sharoit zarur."

Ukraina Rossiyani ashyoviy dalillarni olib chiqayotganlikda ham ayblamoqda.

Lekin Donetskda xalq respublikasini tuzib, o'zini bosh vazir deb e'lon qilgan rossiyalik Aleksandr Borodayning qayd etishicha, separatistlar halokat joyidagi ishlarga aralashmayapti. Boroday Rossiya fuqarosi va bu bilan faxrlanishini aytadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun telefon orqali AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan muloqot qilgan. Mustaqil, xalqaro tekshiruv olib borish kerak deya kelishib olingan.

Lavrov va Kerri suhbatida Ukrainadagi urushni to'xtatib, tinchlikka erishish uchun Amerika va Rossiya o'z ta'sir kuchini ishga solishi kerak degan so'zlar yangragan.

Malayziya Transport vaziri Liov Tiong Lay halokat joyida faqat ekspertlar bo'lishi lozim va jasadlarni ehtiyotkorlik bilan ko'chirish zarur deydi. Begunoh insonlarning murdalari yotgan joy urush maydoni ekanini tan olar ekan, u samolyotdagilar urushga umuman aloqasi bo'lmagan shaxslar edi, deydi.

Malayziya samolyoti nega notinch hudud ustidan uchgan degan savolga vazirning javobi:

"Yevropa havo yo'llarini nazorat qiluvchi idora ma'qullagan yo'ldan uchilgan. Bu yo'nalishda yuzlab samolyotlar uchadi. Samolyot balandligi talabga javob bergan. Hamma narsa nazorat ostida edi. Biz biror xato qilmaganmiz".

Hozirda Malayziya Havo yo'llari yo'nalishni o'zgartirib, Turkiya orqali uchmoqda.

MH17 reysi Amsterdamdan Kuala Lumpurga ketayotgan edi.

Yo'lovchilarning 200 ga yaqini Niderlandiya fuqarolari bo'lgan. Olti nafari Avstraliyada o'tadigan xalqaro anjumanga yo'l olayotgan edi. Ular SPID, immunitet taqchilligi sindromi deb ataluvchi xavfli kasallikka davo izlab tanilgan olimlar edi. Xalqaro ilm-fan uyushmasi rahbari Joep Lange ulardan biri.

Samolyotda 44 malayziyalik, 28 avstraliyalik, 12 indoneziyalik, shuningdek, ingliz, nemis, belgiyalik, vyetnamlik, fillippinlik, amerikalik, yangi zelandiyalik va xitoylik passajirlar bo'lgan.

Mark Rutte, Niderlandiya bosh vaziri
Mark Rutte, Niderlandiya bosh vaziri

Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte bugun Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefonda "og'ir suhbatda" bo'lganini aytadi. Rutte Putindan Ukrainadagi separatist kuchlarni to'xtatishni talab qilgan. Samolyot qoldiqlari va jasadlarni olib chiqib, tekshirishda "vijdonan ish tuting" deya chaqirgan.

Putin dunyoga insoniy ish tuta olishini va yordam bera olishini isbotlashi zarur, deydi Niderlandiya rahbari.

Rutte bo'lginchi kuchlar jasadlar ustida yo'lovchilardan qolgan narsani ko'tarib yurganidan g'azabda.

Niderland Tashqi ishlar vaziri Frans Timmermans ham xalqi bu manzaradan keskin norozi ekanini aytib, samolyot parchalari va odamlarning qoldiqlari yotgan joy muqaddas ekanini eslatmoqda.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Niderland hukumati adolat talab qilayotganiga urg'u berib, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti oshkora tekshiruv olib borishi uchun qo'ldan kelgan barcha chora ko'riladi deya va'da bermoqda.

Rossiya rahbari Vladimir Putin, 17-iyul, 2014
Rossiya rahbari Vladimir Putin, 17-iyul, 2014

Rossiya tanqid va ayblovlarga javoban Kiyevni qoralay ketdi. Ukraina boshdan kechirayotgan balolarning hammasida markaziy hukumat aybdor, deydi Kreml rasmiylari.

Bugun Germaniya kansleri Angela Merkel ham Putin bilan telefonda gaplashgan. Mustaqil xalqaro komissiya tuzib, uni Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti boshqarishi lozim deya kelishilgan. Bu organ darhol halokat joyida ish boshlashi lozim, deydi rahbarlar.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Xammond esa Rossiya va'daboz, gapda boshqa narsa, amalda esa boshqa ishlar qilmoqda, deydi.

Agar Rossiya berayotgan va'dalarini bajarganida balki bu fojianing oldi olingan bo'lar edi, deydi u. Kreml tekshiruvda yordam bermoqchi bo'lsa, nega ekspertlar hamon hududga kira olmayapti, har bir daqiqa g'animat axir, deya noliydi diplomat.

Grabovo, Donetsk
Grabovo, Donetsk

AQSh prezidenti Barak Obama faktlarga e'tibor qaratib, Rossiyadan jiddiy qadamlar kutmoqda.

Vashington pozitsiyasi shuki, samolyot separatistlar hukmron hududdan nishonga olingan. Ishlatilgan qurollar Rossiyadan bo'lishi mumkin. Raketani Rossiya quvvatlagan kuchlar otgan bo'lishi mumkin. Shu tariqa fojiada Rossiyaning qo'li borligi shubhasiz, deydi Vashington rasmiylari. Haqiqatni aniqlash uchun tekshirish kerak, bu esa zudlik bilan, hech qanday qarshilik va to'siqsiz amalga oshishi lozim deya bildiradi Oq uy.

Obama fikricha shuncha begunoh insonning nobud bo'lgani Yevropani "uyg'otishi" va Ukraina sharqidagi mojaroni hal etishga turtki bo'lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG