Kongress yo'l-transport infratuzilmasiga mablag' ajratish bo'yicha kelisha olmayapti

  • Amerika Ovozi

Kongress avgustda bir oylik ta’tilga chiqishga hozirlanar ekan, Vakillar palatasi va Senat mamlakat yo’llarini yaxshilash va transport ehtiyojlarini qondirishga oid bir-biridan farqli va ziddiyatli qonun loyihalarini olg’a surmoqda.

Agar yangi qonun qabul qilinmasa, yo’l va ko'priklarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag’ 31-iyul kuni to’xtab qoladi.

Senatda AQShning Eksport-import bankini qayta yo’lga qo’yishni ko’zda tutuvchi choralarni o'z ichiga olgan olti yillik transport qonuni ovozga qo'yilgan.

Vakillar palatasi esa yo’llar qurilishi uchun mablag’ni yana besh oyga uzaytirish haqidagi qonunga ovoz berdi. Lekin unda xorij kompaniyalariga AQSh mahsulotlarini sotib olishda yordam beruvchi Eksport-import bankini qayta tiklash ko'zda tutilmagan. Palatadagi respublikachilar ayni paytda ko’p yillik yo’l byudjetiga oid har qanday qonunga qarshi.

Shunga qaramay, senatorlar qonunni qabul qilish ahdida qat’iy.

“Qonun ovozdan o’tsa, uni Vakillar palatasiga yuboramiz, - deydi jamoatchilik ishlari qo’mitasi a’zosi demokrat senator Barbara Bokser. – Agar palata ta’tilga chiqib ketishni ma’qul topsa, bu ularning ishi. Lekin oldimizdagi muammolarni hal qilish bizning vazifamiz”.

Bokserga ko’ra, nafaqat yo’llar tizimi, balki Amerika transport infratuzilmasining katta qismi eskirgan yoki yaroqsiz holatga kelmoqda. Ular orasida Nyu-Yorkdagi Bruklin ko’prigi va San-Fransiskodagi Oltin darvoza ko’prigi kabi mashhur inshootlar bor.

O’tgan 25 yil davomida AQShda yo’llar benzinning bir litriga solingan 5 sentlik soliq hisobiga qoplangan. Ammo inflyatsiya o’sgan sari tushayotgan mablag’ning xarid quvvati kamayib bordi. Natijada to’plangan mablag’ yo’l va transport infratuzilmalarini ta’mirlash va qayta qurish uchun yetarli darajada bo’lmay qoldi. Kongress esa bir necha yildan beri qo’shimcha mablag’ni qayerdan topish bo’yicha kelisha olmayapti. Respublikachilar soliqning oshirilishiga qarshi bo’lsa, demokratlar boshqa federal dasturlarni qisqartirib, ularning pulini yo’l-transport byudjetiga o’tkazilishini istamayapti.

Ammo so’nggi paytlarda hozirgi vaziyat qabul qilib bo’lmas darajada ekani va tezroq mablag’ topish zarurligi bo’yicha har ikki tomon o’rtasida yakdillik kuchaymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG