Neftning arzonlashishi energetika kompaniyalari uchun zarar

  • Amerika Ovozi

Neft narxining pasayishi xaridor uchun, tabiiyki, ijobiy hol. Ammo buning oqibatida neftni gidravlik yoki fraking uslubi bilan qazib olayotgan kompaniyalar zarar ko’ra boshlagan.

Ekolog-muhandis Jerri Kvindri Illinoysdagi Feyrfild shahrida ofisni ijaraga olganida yangi odamlarni ishga yollashni rejalagan edi. U bu shtatda frakingga ruxsat berilgan bo’lsa, biznes ham gullab-yashnashi kerak, deya xulosa qilgan edi. Ammo bunday bo’lmadi.

“Maqsad - neft kompaniyalari bilan muhandislik sohasida maslahatchi bo’lib ishlash,” - deydi u.

Kvindri uchun bunday ish topish oson bo’lmadi. Shu bois ofisda o’zidan boshqa ishchi yo’q.

"Hamma kutyapti. Neft narxlarining tushishi hammani shu ahvolga solib qo’ydi. Noqulay. Kutish kerak”.

Kvindri Kaliforniyadan o’zi tug’ilib o’sgan Feyrfild shahriga qaytib keldi. U neft sanoati gurkirashini kutmoqda, ammo jarayon hali boshlanganicha yo’q.

“Bu yerda o’tirib, bo’sh binolar, huvillab qolgan idoralarga qarasa, imkoniyatlar haqida o’ylasa, ko’ngli tushadi odamning,” - deydi u.

Feyrfild janubiy Illinoys va Indianadagi slanets mavjud hududlarga yaqin joylashgan. Slanetsni gorizontal burg’ulab neft qazib olish boshlansa, shahar ham gullab-yashnashiga umidlar katta edi. Ammo neftning arzonlashgani tufayli bu umidlar hozircha oqlanmadi. Feyrfild meri Chak Grisvold shtat rahbariyatidan fraking uchun ruxsat olish ko’p vaqt talab qilganini aytadi.

“Ular tezroq qaror qabul qilganida, gorizontal fraking uslubidan yaxshigina daromad olayotgan bo’lardik,” - deydi mer.

Shahar burg’ulash joylaridan daromad olmaydi. Grisvoldning aytishicha, mablag’ning asosiy qismi Illinoys shtati g’aznasiga tushadi. Ammo Feyrfild ham foyda ko’rishi mumkin.

“Savdoga solinadigan soliqlar oshadi. Ko’chmas mulk qimmatlashishi ehtimoli bor. Mehmonxonalar qurilishi mumkin. Odamlar ko’proq ovqat, kiyim-kechak xarid qiladi,” - tushuntiradi u.

Kvindri kabi tadbirkorlar bu sohada vaziyat o’zgarishidan hamon umidvor. Ammo kutish biznesga qimmatga tushadi.

"Olti oy, ko’pi bilan bir yil kutishga tayyor edim. Ikki yil vaqt o’tdi. Abadiy kuta olmayman axir”, - deydi Kvindri.

Illinoys shtatining Tabiiy boyliklar boshqarmasiga ko’ra, shtat hududida katta hajmdagi gorizontal gidravlik burg’ulash ishlarini olib borishga litsenziya so’rab hech kim murojaat qilmagan. Arizani kompaniya ro’yxatga olinganidan 30 kun o’tib topshirish kerak. Shu kungacha faqat bir kompaniya ro’yxatga olindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG