Senat AQSh josuslik dasturini chekladi

  • Amerika Ovozi

Hukumat fuqarolarni shu dastur yordamida zimdan kuzatib borayotganini ikki yil oldin Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Edvard Snouden oshkor qilgan. Bu xabar ketidan jamoatchilik junbushga kelgan edi.

Hukumat fuqarolarni shu dastur yordamida zimdan kuzatib borayotganini ikki yil oldin Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Edvard Snouden oshkor qilgan. Bu xabar ketidan jamoatchilik junbushga kelgan edi.

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi endi fuqarolarning telefonini kuzata olmaydi. 2001-yilning 11-sentabridagi xurujlar ortidan qabul qilingan, hukumatga aholini zimdan kuzatishga ruxsat beradigan dastur muhlati yakshanba tunda nihoyasiga yetdi. Senat uni uzaytirmaslikka qaror qildi.

Bir paytlar maxfiy bo’lgan bu dastur fuqarolarning telefoni, qachon va qancha gaplashganini tekshirishga ruxsat berar edi. Hukumat shu yo’l bilan terror xurujlarining oldini olmoqchi ekanini ta’kidlaydi. Biroq loyiha jamoatchilikning tanqidiga uchrab, fuqarolar shaxsiy huquqlarini qo’pollarcha buzish deya ko’rildi.

Kongress quyi palatasi sal oldin hujjatga biroz tuzatish kiritib ma’qullagan edi. Bu tuzatishga ko’ra, Milliy xavfsizlik agentligi fuqarolar haqida ma’lumotni o’zi to’plamay, telefon kompaniyalaridan faqat muayyan hollarda olishi mumkin. Mazkur o’zgartishga qaramay Senat dasturni yopishga qaror qildi. Biroq masala Senatda seshanba yoki chorshanba kuni yana ovozga qo’yilishi mumkin.

Hukumat fuqarolarni shu dastur yordamida zimdan kuzatib borayotganini ikki yil oldin Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Edvard Snouden oshkor qilgan. Bu xabar ketidan jamoatchilik junbushga kelgan edi.

Senatda ko’pchilik respublikachilar sardori Mitch Makkonell loyihani aqalli vaqtincha uzaytirish uchun bir necha hafta kurashdi. Biroq bundan naf chiqmadi. Kecha nihoyat yengilganini tan olgan Makkonell dastur ahamiyatini yana eslatdi.

“Tahdid va xavf tobora oshib, murakkab tus olayotgan bir paytda loyihadan voz kechish… Xato ish bo’ldi”, - deydi qonunchi.

Senat masalani erta-indin yana ko’rib chiqishi kutilmoqda. Yuqori palata tomonidan ma’qullansa, hujjatni prezident Barak Obama imzolashi kerak.

Tanqidchilar nazarida dastur Amerika fuqarolarining haq-huquqini oyog’osti qiladi. Respublikachi Rend Pol fikricha, masalan, aholining telefonlarini kuzatish konstitutsiyaga zid.

“Biz josuslar haqida axborot to’playotganimiz yo’q. Terrorchilar haqida axborot yig’ayotganimiz yo’q. Amerika fuqarolarini zimdan kuzatayapmiz. Erkinlik, ozodlik kabi qadriyatlarni poymol qilish emasmi bu?” - deydi 2016-yilgi prezident poygalarida qatnashish qarorini e’lon qilgan senator.

Loyiha tarafdorlari nazarida dastur yordamida hukumat haqiqatda terror tahdidlarining oldini olib kelayotgan edi. Ularning aytishicha, Rend Pol kabi siyosatchilar loyihani qoralab o’zining siyosiy maqsadlarini ko’zlayapti, xolos.

Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan sal oldin Senatni loyihani ma’qullashga undagan edi. Terrorchilar josuslik qobiliyatini tobora charxlayapti, deya eslatadi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG