Vatandagi manzara: Rasmiy matbuotda ogohlikka chorlovchi maqolalar, deputatlarni tanqid qiluvchi sharhlar

  • Gazetxon Do'st

Toshkent

Toshkent

“Hurriyat” gazetasi bu haftadagi sonida “Andijon – Adolat va tiklanish” tashkiloti haqidagi maqolaning davomini bosgan.

Unda Andijon fojiasi tashkilotchilaridan yana biri deya ta'riflangan Shamsiddin Atamanov haqida so’z boradi.

Atamanov 2004 yilda hibsga olingan tadbirkorlardan biri ekani aytiladi. 2005 yilda to'polon natijasida maslakdoshlari uni qamoqdan chiqargan, shundan so’ng hukumat idoralariga qilingan qurolli hujumlarga boshchilik qilgani yoziladi.

Muallifning aytishicha, bu tashkilot muxolifat bilan birlashmoqda. “Bu muxolifat haqida hech kim yetarlicha ma’lumotga ega emas”, “ularda hech qanday harakat dasturi bo’lmasa-da, allaqachon ayrim xorijiy maxsus xizmat idoralari himoyasiga kirib olishgan va hatto ular orqali kun ko’rmoqda” deb yozadi u.

Maqola Shvetsiya va Germaniyada o’zini demokratiya va boshqa insoniy qadriyatlar himoyachisi sanayotganlar jinoyatchilar boshini silamoqda deya xulosa qiladi.

www.pressuz.info Germaniyada yaqinda qurultoy o’tkazgan “O’zbekiston xalq harakati” xususida maqola chop etgan edi. Ayrim mustaqil nashrlar xorijda muxolifat birlashgani sabab O’zbekistonda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda deya xabar beradi.

“Inson va qonun” gazetasi Germaniyaning O’zbekistondagi elchixonasi ko’magida bosmadan chiqqan “Mahkumlar huquqlari: xalqaro va milliy standartlar” kitobining taqdimot marosimi haqida ma’lumot beradi.

Bu kitob O’zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz tomonidan tayyorlangan. Taqdimot marosimida O’zbekistonda mahbuslar soni so’nggi 10 yilda ikki barobar kamaygan deya qayd etilgan. “Inson va qonun”ning yozishicha, jazoni o’tayotgan shaxslarga odamiy muomala qilish prinsiplari va mahkumlar huquqlari bu kitobda alohida yoritilgan.

“Milliy Tiklanish” gazetasi bu haftadagi sonida “o’z o’zini tanqid” rukni ostida joylarda partiyadan saylangan deputatlar sust ekani haqida maqola bergan.

“Deputatlik guruhlari – ular nega jim?” maqolasida Termiz tumani va Muzrabod tuman kengashiga saylangan, biroq ism-sharifi keltirilmagan deputatlar partiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotganlikda ayblanadi.

“Inson va qonun” gazetasida bosilgan “Rels og’irligimi yoki qo’poruvchilik?” sarlavhali maqola Sirdaryo viloyatidagi bir voqea sabab o’quvchilarni ogoh bo’lishga chorlaydi.

Sud hukmi va tergov-surishturuv jarayonlariga asoslanib yozilgan maqolaga ko’ra, jinoiy guruh 25 ming so’m evaziga O’zbekiston temir yo’llarida xuruj sodir etishga qo’l urgan. Reja o’tgan yili fosh etilgan.

Maqolada yozilishicha, jinoiy guruh niyati relslarni o’g’irlashdan iborat bo’lmagan, balki “poyezdlar qatnoviga xalaqit berish, vagonlar sostavini ag’darib, davlat iqtisodiyotiga zarar yetkazish, jamiyat hayotiga raxna, odamlar yuragiga g’ulg’ula solish, yurt osoyishtaligiga putur yetkazish” bo’lgan. Nishonga olingan poyezdlar tovar-yuk vagonlaridan iborat bo’lgan.

Maqolada “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining mazkur jinoyat ishi yuzasidan tarqatgan ma’lumoti ham keltiriladi. Ta’kidlanishicha, “Ezgulik” o’z bayonotida bu jinoyatchilarni diversant deb atashiga qaramasdan ularga nisbatan turli qiynoqlar qo’llangani haqida asossiz xabarlar ham tarqatgan.

Yozilishicha, 10 kishidan iborat guruhga tergov-surishtiruv jarayonida shaxsi aniqlanmagan “Marat” ismli kishi qo’poruvchilik harakatini amalga oshirish uchun buyurtma bergan. Buning uchun ularga 25 ming so’mdan to’langan. Shuning evaziga guruh sanoat mollari va yoqilg’i mahsulotlari ortilgan poyezdlarni izdan chiqarish maqsadida temir yo’ldagi bolt va gaykalarni yechib olishgan. Halokat temir yo’l nazorati xodimlarining nosozlikni o’z vaqtida ilg’ashi bois bartaraf etilgan. Tuni bilan qo’riqchilik qilib chiqqan nazoratchilar, tongda temir yo’l relslarida do’q-po’pisadan iborat yozuvlar qoldirilganini ko’rishgan. Shundan so’ng jinoyatchilar tezlik bilan ushlangan, surishtiruv jarayonida o’z ayblariga iqror bo’lishgan, deb hikoya qiladi gazeta.

“Ezgulik” jamiyati tarqatgan bayonotda aytilishicha, hibsga olinganlar shafqatsiz qiynoqlar qo’llanishi natijasida “ayb”ni tan olishga majbur bo’lgan.

“…kunlarimiz osoyishta o’tishi uchun turli xil ko’rinishdagi qabih niyatlar amalga oshmasligi uchun yanada hushyor bo’lishimiz lozim”, - deb yakunlanadi “Inson va qonun”da chop etilgan maqola.

XS
SM
MD
LG