"Ota-ona Rossiyada bo'lsa, bola bechora nima qilsin?"


Tojikistonda aholining 53 foizini 30 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi. Rasmiy Dushanbe yoshlar kelajagi va ta’minoti borasida qator qarorlar qabul qilgan bo’lsada, aksariyati kutilgan natija bermayapti.


Har yili o’rta maktabni bitirayotgan minglab qiz-o’g’illar ishsizlik sabab bekor qolishadi, ko’pi mehnat muhojirlari safini to’ldiradi. Ishsizlik, nochorlik va ta’lim-tarbiyaning abgor holati yoshlar orasida jinoyatchilikning oshishiga sabab bo’lmoqda.

Tojikistonda ishga yaroqli ikki millondan ortiq aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Ularning ham qariyib 80 foizi mehnat muhojirligida. O’smirlar orasida o’zini o’ldirish hollari ko’paymoqda.

Maktabni tugatganlar borki, darhol hayotning shafqatsiz ko’rishishiga ro’baro’ bo’lishadi, ishsizlik, oilalarda daromadning nihoyatda ozligi ularni iztirobga soladi. Ziyoli Naimjon Sameyev yoshlar orasida jinoyatchilikning ortishiga ma’naviyatning sustligi, diniy ta’lim-tarbiyaning yo’qligi sabab deb biladi.

“Tojikistonda 18 yoshgacha bo’lganlarning masjidlarga borishini qonun man etadi, bu ham jinoyatga sabab bo’ladi, kambag’allik bir tomoni xolos, asosan diniy sabab. Kimniki ichida nazorat bo’lmas ekan, uni tashqaridan nazorat qiluchilar eplolmaydi, militsiya, organlarning qo’lidan kelmaydi. Negaki, ichidan qo’rqqandan keyin u birovning molini o’g’irlamaydi, o’ldirmaydi, o’zini kuydirmaydi”, - deydi u.

Mahalliy junalist No’mon Rajabzodaning fikicha, ta’lim tarbiyadagi kamchiliklar jinoyatchilikning ortishiga sabab bo’lmoqda. Hozir ota-onalaning mas’uliyati haqida ko’p gapirishadi, ularni gunohkor hisoblashadi, deydi u.

“Atrofga bir qarang, ota-onasi Rossiyada bo’lsa, maktablarda o’qitish saviyasi sust bo’lsa, har yerda va har vaqt pul so’rab tursalar, bola bechora nima qilsin? Bola maktab partasidanoq pul asosiy kuch degan aqidaga bormoqda, nima qilib bo’lsa ham pul topishga intilmoqda, bu ham jinoyatga yetaklaydi”, - deydi u.

Respublika Ichki ishlar vazirligining joylardagi bo’limlarida ishonch telefonlari ishlab turgani yoshlar orasida jinoyatchilikning oldi olinishiga birmuncha ko’mak bermoqda. Huquq-tartibot xodimining aytichicha, shaxsan vazirning tashabbusi bilan tashkil etilgan bu tarmoqlarda berilayotgan ma’lumot sabab oylab ochilmagan jinoyatlar tuguni yechilgan holatlar bor.

AQSh elchixonasi ko’magi bilan respublikaning barcha yirik shaharlarida tashkil etilgan Amerika burchaklari ham o’smirlar orasida jinoyatchilikning kamayishiga ta’sir qiladi. Xo’jand shahridagi ana shunday burchak rahbari Madina Po’latova aytadiki, So’g’d viloyatida nafaqat studentlar, balki o’quvchilar orasida ham ko’ngilli hordiq chiqarish, tarbiyaviy volontyorlik ishlari yo’lga qo’yilgan.

“Soros” jamg’armasi ko’magida Amerikada malaka oshirib qaytgan yosh mutaxassis Najmidinning bildirishicha, o’tgan yillar orasida AQShda asoslangan turli jamoatchilik tashkilotlarining ko’magida yuzdan ortiq studentlar chetda ta’lim olgan, yuzlab maktab o’quvchilari uch oygacha turli shtatlarda o’qib, dam olishgan, 3 mingga yaqin yoshlar turli sohalarda malaka oshirgan. Ularning hech biri jinoyatchilik ko’chasiga kirmagan, kirmaydi ham, deydi Najmiddin.

Jurnalist Rajabzoda yangi texnologiyalar, internetning jadal rivojlanishi ham Tojikistonda yoshlar orasida jinoyatchilikning oshishiga sabab bo’lmoqda, deydi.

“Yoshlar internetga, boshqa kompyuter o’yinlariga qo’shiladi, har qanaqa zo’ravonliklar targ’ib etiladigan filmlarni ko’rishadi, bularning hammasi bolalar ruhiyatiga albatta ta’sir qiladi. Kuni bilan komyuter markazlarida urush-urush o’ynayotgan o’smirlarni ko’ramiz. Yana bu markazlar aynan maktablar biqinida joylashgan, bu ham o’zining salbiy ta’sirini yetkazadi”, - deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG