Breaking News

Amerika ayollari noyabrda kimga ovoz beradi?


Aksariyat saylovchi ayollar prezident Obamani qo'llab-quvvatlaydi
Aksariyat saylovchi ayollar prezident Obamani qo'llab-quvvatlaydi

AQShda prezident saylovlariga hozirlik avjida ekan, demokratlardan nomzod Barak Obama ham, respublikachilardan uning ehtimoliy raqibi Mitt Romni ham diqqatni asosan saylovchilarning 53 foizini tashkil etuvchi toifaga qaratmoqda. Bu – ayollar.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Obama va Romnining umumiy saylovchilar orasida imkoniyatlari deyarli teng bo’lgani bilan, ayollar orasida Obama salmoqli ustunlikka ega.

Demokratlardan saylovlarda nomzod aniq. Respublikachilar esa hali ham saralash bosqichida ishtirok etmoqda. Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romnining asosiy raqibi sobiq senator Rik Santorum poygadan chiqqach, muxolifatdan nomzod deyarli tayin.

Ichkipartiyaviy poygada respublikachilar ayollarga taalluqli ayrim masalalar, jumladan abort va homila nazoratiga jiddiy e’tibor qaratdi. Romnining keskin pozitsiyasi uni so’nggi so’rovlarda ko’p ayollar ovozlaridan mahrum qilgani aniqlandi. Obama bu borada ehtimoliy raqibini 20 foiz ortda qoldirmoqda. Demokratlar muxolifatni ayollarga qarshi kampaniyada ayblagani Romnini g’azabga soldi.

"Prezident nazarida respublikachilar ayollarga qarshi urush ochgan. Bu gapdan afsusdaman. Aslida prezidentning samarasiz iqtisodiy siyosatini ayollarga qarshi haqiqiy urush deb bilsa bo’ladi", - dedi Romni.

Ayollarga qaysi tomon ko’proq g’amho’rlik qilishi qizg’in munozara etilmoqda. Televideniyeda siyosiy sharhlovchi hamda demokratlar strategi Xillari Rouzn Romnining rafiqasi, besh farzandining onasi hayotida bir kun ishlamaganini da’vogarning badavlat va beg’am hayotiga misol tariqasida keltirib, respublikachilarning o’rta hol va kambag’al amerikaliklar bilan ishi yo’q, deya izza qilmoqchi bo’ldi.

Biroq Romnining kampaniyasi “bu ayollarga bo’lgan g’amho’rlikdan dalolat” deya tanqidni ustalik bilan raqib tomonga qarshi qurolga aylantira oldi. Prezident Obama esa “ayol bo’lishdan og’irroq ish yo’q” deya vaziyatdan chiqishga harakat qildi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, Obama ayollarga teng maosh va ijtimoiy himoya dasturlari uchun astoydil kurashmoqda.

"Prezident 2009-yilda imzolagan maxsus qonunda bu holat belgilangan. Obama ishidan ayrilgan o’qituvchilarni ish bilan ta’minlash, respublikachilar tomonidan kesilishi mumkin bo’lgan tibbiy yordam dasturini saqlab qolishga harakat qilmoqda", - deydi Karni.

Virjiniya universitetida siyosiy tahlilchi Larri Sabatoning aytishicha, Amerika siyosatida ko’p yillardan beri jinsiy jarlik mavjud.

"Ayollarning katta qismi Demokratlar partiyasi, erkaklar esa asosan respublikachilar tomon og’gan. Vaziyatga qarab bunday nomutanosiblikning ko’lami har yili har xildir. 2008-yilda juda katta etdi, bu yili ham shunday bo’ladi, aminman", - deydi ekspert.

Larri Sabatoning aytishicha, bu safargi prezident saylovlarida 2008-yilgi jarayon kabi ayollar asosan demokratlarga, erkaklar esa respublikachilarga ovoz beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG