Breaking News

Adolatsizlik, omma fikricha, kishilarni egri yo'llarga boshlamoqda


Yaqinda Tojikistonda o’ndan ortiq kishi O’zbekiston Islomiy Harakatiga a'zolikda ayblanib sudlangan.

"Hizb-ut-Tahrir"ga aloqadorlikda gumon qilinib, qamoqqa olinganlar soni ham qariyb yuz kishini tashkil etadi.

Rasmiylarning aytishicha, Isfara shahrida ekstremist kuchlar faollashgan. Hududga safar qilgan prezident Imomali Rahmon mazkur guruhlar faoliyatini chet el kuchlari moliyalamoqda degan fikrda.

“Biz ogoh va hushyor bo’lishimiz kerak. Bir marta qattiq kuyganmiz. Loqaydlik jamoaning ashaddiy dushmanidir”, - dedy prezident Rahmon.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi esa gazetalarda tilga olingan “Bayat” radikal guruhi borligini inkor etib, ularni O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari deb hisoblaydi.

“Aslida bu guruhga kirganlarning aksariyati O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari bo’lib chiqdi,” - deydi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xodimi.

Huquq himoyachisi Fayziniso Vohidova regionda radikal islomga moyillik sababi ijtimoiy illatlarda deydi. Uning fikricha, jamiyatdagi adolatsizlik turli diniy tashkilotlarning faollashuviga sabab bo’lmoqda.

“Hokimiyat esa tushuntirish ishlari va rejali asosda mafkuraviy harakat o’rniga repressiya yo’lini tanladi. Bu esa jamiyatda radikal o’zgarishlarni istaydiganlar sonini ko’paytiradi xolos,” - deydi huquqshunos.

Jamiyatshunos Karimjon Zokirov bunday sharoitda Tojikiston va O’zbekiston rahbarlari din peshvolari bilan birgalikda ish olib borishi kerak deb biladi.

Qirg’izistonlik taniqli jurnalist Egamberdi Kabulov mamlakatda radikalizmga moyil bo’lganlarning aksariyati o’zbeklar deydi. O’zbekistonda inson huquqlari poymol qilinayotgani tufayli norozilik hissi, jinoiy guruhlarga qo’shilish ko’paygan deydi journalist.

“Bunga hukumatning millatchilikka asoslangan siyosati sabab bo’lmoqda. Davlatning o’zi odamlarni radikal harakatlarga qo’shilishga undamoqda. Qirg’iziston janubida o’zbeklarning iqtisodiy ahvoli ancha yomon. Mamlakatda odamlar qanday qamoqqa olinishini hamma biladi”, - deydi Kabulov.

Ismini aytishni istamagan Tojikiston Islom Uyg’onish partiyasi faollaridan birining aytishicha, guruh saflariga keyingi paytlarda "Hizb-ut-Tahrir" a’zolari qo’shilmoqda.

“Ammo bizning partiya radikal o’zgarishlar tarafdori emas. Biz hozircha bunday mafkuradan yiroqmiz. Lekin fikrimizcha, regionda qattiqqo’l rejimlar hukmron ekan, radikallarning bo’lishi muqarrar. Hozir ularning ko’payib borayotgani sir emas”, - deydi faol.

XS
SM
MD
LG