AQSh musulmonlari Obamaga tavsiya-maslahat bermoqda


Qo’shma Shtatlarda 6 millionga yaqin musulmon yashaydi. Prezident Barak Obamaning Misrda islom olamiga murojaati oldidan, amerikalik musulmonlar jamoasi unga tavsiya-maslahat bitilgan maktub yo’llagan.

AQSh rahbariga ochiq xatni Vashingdonda asoslangan Amerika-Islom Aloqalari Kengashi e’lon qildi.

Tashkilot ijrochi direktori Nihad Avadning aytishicha, prezident inauguratsiyadan beri qilingan barcha bayonotlar musulmon jamiyatlarida juda iliq kutib olindi va AQSh tashqi siyosatida o’zgarishlar bo’lishiga ishonch paydo bo’ldi.

Nihad Avad fikricha AQSh avvalambor “Isroilga Iordan daryosining g’arbiy sohilida uylar qurishni to’xtating” deya jiddiy talab qo’yishi, G’azo sektoriga qo’yilgan cheklovlar olib tashlanishi va Falastin davlati yuzaga kelishi uchun muhlat belgilanishi lozim.

“Iroq, Afg’oniston va Pokistonda esa AQSh siyosati iloji boricha bu davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik, mahalliy yechim va boshqaruv uslublarini hurmat qilishga asoslansin”, - deydi Amerika-Islom Aloqalari Kengashi raisi.

So’nggi yillarda Qo’shma Shtatlar xalqaro qonunlarni pisand qilmay yakka ish tutganlikda ayblandi. Amerika endi demokratiya elchisi emas degan tanqidlar yangradi.

“Vashington inson huquqlari, diniy erkinlik va qonun ustuvorligi haqida gapirganda ularga avvalo o’zi amal qilayotganini isbotlab boshqa jamiyatlarga ibrat ko’rsatishi zarur”, - deydi Nihad Avad.

Musulmon jamoalar, shuningdek, prezident Obama e’tiborini Amerikada 2001 yil terror xurujlaridan so’ng avj olgan islamofobiya va musulmonlarga nisbatan diskriminatsiya hollariga qaratmoqda. Ular mamlakatning sodiq fuqarolari, siyosiy-ijtimoiy sohada faol va terrorizmning har qanday ko’rinishini qoralaydi.

Nihad Avad nazarida hukumat diniy birlashmalarni zimdan kuzatib, musulmon davlatlaridan AQShga kelishni istagan olim yoki talabalarga viza cheklovlar joriy etgani o’ta salbiy holdir.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi musulmon jamiyatlari ham o’z navbatida jiddiy islohotga muhtoj ekani, demokratiya, huquq va qonun himoyasi bobida ancha ishlar qilishi zarurligini tan oladi.

AQSh rahbari qancha harakat qilmasin, deyiladi maktubda, mamlakat obro’sini ko’tarish, musulmonlar ishonchini qozonishda unga Kongress ham ko’mak ko’rsatishi kerak.

Yaqin Sharqqa safari oldidan bergan intervyularida Barak Obama AQSh hech kimga aql o’rgatmoqchi emas dedi. Mintaqadagi eng og’riqli mavzu – “Isroil-Falastin mojarosini hal qilishda esa muzokara kuchiga ishonaman”, deydi u.

XS
SM
MD
LG