Breaking News

AQSh Isroil va Falastinni shahdamroq bo'lishga chaqirmoqda


Prezident Barak Obama nazarida Yaqin Sharqda tinchlik qaror topishi muqarrar -- Isroil va Falastin xalqlari jonliroq, shahdamroq harakat qilsa bo’lgani, deydi Obama.

AQSh rahbari Oq Uyda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashgan.

Barak Obama fikricha, Isroil tinchlik istasa, Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiylar uchun uy-joy qurishni bas qilishi kerak.

Biroq Isroil bunga ko’nmay keladi.

Hozir g’arbiy sohilda 120 dan ziyod aholi punkti mavjud va u yerda 300 ming isroillik yashaydi. Falastinliklar esa bu hududda bo’lgusi davlatini barpo etishni istaydi.

Kecha Mahmud Abbos bilan suhbatda Obama “Falastin ham g’arbiy sohilda tinchlik uchun javobgar” dedi. “Isroil xavfsizlik haqida qayg’urib, to’g’ri qiladi, bunga haqli”, - deydi Obama.

Mahmud Abbos ta’biricha, Falastin xalqi ham tinch-totuv yashashni istaydi. Yaqin Sharq tinchligi doirasida erishilgan bitimlarga so’zsiz amal qilishga tayyormiz, deydi u.

Mahmud Abbos so’zlariga ko’ra, arab davlatlari Isroil bilan do’stona muloqot qilish tarafdori, faqat bir shart bilan - Isroil bosib olgan yerlarni qaytarishi kerak.

Isroil 1967 yilda Misr, Iordaniya va Suriya bilan urushda G’arbiy sohil, Sharqiy Quddus, G’azo sektori va Golan tepaligini qo’lga kiritgan.

Qo’shma Shtatlar Falastin davlati barpo etilishi kerak, deb keladi. Ammo Isroil hukumati buni o’ziga tahdid deb biladi. Prezident Barak Obamaning aytishicha, muammoning yagona yechimi – muzokara.

XS
SM
MD
LG