Isroil posyolkalari - tinchlik yo'lidagi g'ov


Yaqin Sharqda Isroil va Falastin o'rtasidagi tinchlikka g'ov bo'layotgan muammolardan biri yahudiy posyolkalari masalasi. Chegara, qochqinlar taqdiri ham haligacha hal bo'lmagan. Prezident Barak Obama 1967 yilgi urushdan keyin bosib olingan yerlarda Isroil ortiq uylar qurmasin deydi.

Yaqin Sharq matbuot markazi muxbiri Nadya Bilbassining aytishicha, hozirgi vaziyatning shakllanishida Likud partiyasi yoki Bosh vazir Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi o'ng siyosatchilarni ayblash noto'g'ri. Isroilni o'z vaqtida boshqargan so'lchilar bosib olingan hududlarda uylar qurish kelajakda mustaqil Falastin davlatining oldini oladi deb o'ylagan, deydi arab jurnalisti. Bu uylarni qonuniy va noqonuniy deb ajratish xato, deydi u.

"Isroilga farqi yo'q. Ammo xalqaro qonunga ko'ra, bosib olingan yerlardagi har qanday qurilish noqonuniydir. Gap G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi 450 mingga yaqin aholi haqida ketmoqda. Falastinliklar nazarida ular arab yerlarida noqonuniy yashamoqda. Ba'zi posyolkalar yangi Falastin davlati tarkibiga kirishi mumkin, biroq aholisining holi nima kechadi? Isroil yarim millionga yaqin yahudiyni uyidan chiqarib, boshqa joyga ko'chirmaydiku," deb mulohaza yuritadi Nadya Bilbassi.

5 millionga yaqin falastinlik qochqinlar taqdirini ham o'ylash kerak, deydi u.

"Saudiya Arabistoni tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasiga ko'ra, agar Isroil arab davlatlari bilan tinchlik va normal aloqalarga ega bo'lishni istasa, 1967 yildan oldingi chegaraga qaytishi, G'arbiy Sohildan yahudiy aholini chiqarishi kerak. Ammo bu xom xayol. Nafaqat men, balki Amerika ham, Yevropa ham, arablar ham bunga ishonmaydi."

Nadya Bilbassiga ko'ra, aksariyat arablar agar Obama ma'muriyatining qo'lidan kelmasa, buni hech kim uddalay olmaydi degan fikrda.

"Bu - tinchlik yo'lidagi so'nggi imkoniyat. Prezident Obama qurilishlar to'xtashi kerak deb aniq aytgan. Ammo bosib olingan yerlarda yashayotgan yahudiylarni u yerdan chiqarish lozimligi haqida lom-lim demagan," deydi Bilbassi.

Isroilda chiqadigan gazeta muxbiri Neyten Gattmenning aytishicha, mamlakat matbuotiga qarab isroilliklar kayfiyatini bilish mumkin.

"Ayni damda matbuotda ikkita masalaga urg'u berilmoqda. Biri yahudiy mahallalari. Ikkinchisi esa AQShning Isroilga ortiq uylar qurmaslik talabi. Ko'pchilik qurilishlarni to'xtatish kerak degan fikrda va yahudiylar ko'p yashaydigan yerlarni boshqa hududlar evaziga qoldirish yo'lini o'ylash lozim deydi. Biroq Isroilga chetdan bosim o'tkazishga kelganda jamoatchilik fikri bo'lingan," deydi Gattmen.

Uning aytishicha, o'ng qanot AQSh Isroil ichki ishlariga aralashmasin deydi. Xalq ham shu fikrda.

"Bular - Netanyaxu hukumati tarafdorlari. Ular Isroil Falastin davlatchiligi bo'yicha qarorni tashqi bosim natijasida qabul qilgan degan tasavvur shakllanishini istamaydi," deydi jurnalist.

Britaniyalik muxbir Ian Uilyamsning Amerika ovoziga aytishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yahudiy posyolkalari bo'yicha munosabati ayon - ular xalqaro qonunga zid.

"Arab yerlari Jeneva konvensiyasiga xilof holda bosib olingan. Ular tinchlik jarayoniga to'g'anoqdir. Isroil BMT hujjatlariga rioya qilmayapti. AQSh Klinton va Bush prezidentliklari davrida bunga jiddiy e'tibor bermagan," deydi Uilyams.

Obama uchun esa bu masala katta ahamiyat kasb etadi, unga bo'lgan ishonch shu masala yechimiga bog'liq, deydi u.

XS
SM
MD
LG