O'zbekistonlik hunarmandlar san'ati Koloradoda ko'rgazmada


AQShning Kolorado Universiteti (Colorado State University) qoshidagi Avenir (Avenir Museum of Design & Merchandising) muzeyida Ipak yo’li ustalari nomli alohida ekspozitsiya ochilgan.

Unda o’zbekistonlik to’rt hunarmand - farg’onalik Fazliddin Dadajonov, Rasuljon Mirzaahmedovlar, buxorolik Zarina Kenjayeva va toshkentlik Valentina Romanenko to’qigan mato va gilamlarni ko’rasiz.

Bu ko’rgazma O’zbekistonga bir necha bor qilingan safarlar mahsuli, deydi Avenir muzeyi xodimi Linda Karlson.

Muzeyda ipak, ikat matolar, paranjilar, so’zana, gilam va zamonaviy liboslar ko’rsatilmoqda.

Ular orasida XIX-XX asrga oid qadim hunarmandchilik namunalari bor.

Ularni koloradolik san’atsevar, O’zbekistonda bir necha bor bo’lgan Judi Arndt to’plagan va yaqinda muzeyga hadya etgan.

Kolorado Universiteti, San’atshunoslik bo’limi rahbari Meri Litrell 2002 yilda O’zbekistonga borib, mahalliy ustalar mehnati bilan tanishgan. Astoydil qiziqib qolgan olima shu-shu mamlakatga qatnab, hunarmandlar bilan aloqa o’rnatgan.

“To’rt usta bilan avvalgi safarlarim chog’ida tanishganman. Ular har xil yo’nalishda ishlaydi, shuning uchun ham tanlab oldik”,-deydi Meri Littrell.

“Vatanida ham, xorijda ham shuhrat qozongan. UNESCO tomonidan tan olingan. AQShda o’tadigan nufuzli Santa Fe xalqaro hunarmandchilik festivalida bir necha bor qatnashgan. Bu tadbirga jahonning eng mohir ustalari taklif etiladi”,- deydi san’atshunos.

Ko’rgazma va festivallar san’atni tanitish va daromad qilish uchun qulay imkoniyat.

“Zarina Kenjayeva - eng yosh va bag’oyat iqtidorli usta”,- deydi Meri Littrell.

Buxorolik gilamdo’zlar oilasidan chiqqan bu chevar so’zana tikib, kashtachilik qiladi. Ingliz tilida bemalol gaplashib, dunyoning turli burchaklarida darslar bergan, o’z mahoratini ulashgan. Aprel oyida u Kolorado Universitetiga kelib, amerikalik studentlarga saboq berishi kutilmoqda.

Valentina Romanenko - dizayner. U ikat, so’zana, kashtachilik namunalaridan foydalanib, zamonaviy kiyim-kechak, sharf, qalpoqlar tikadi. Toshkentga boradigan sayyohlar Romanenkoning liboslar namoyishini hech bo’lmaganda bir marta ko’rib qaytadi.

Fazliddin Dadajonov ikat to’qiydi. Bu uning uchun ota kasb.

“Fazliddin qadim naqshlarni qayta tiklab, ularga yangicha jilo bera oladi. Mana shu xususiyatini odamlar ko’rsin deb, uning ishlarini tanlab oldik”,- deydi Meri Littrell.

Marg’ilonlik Rasuljon Mirzaahmedov ham ustalar oilasidan – atlaschilar sulolasi avlod vakili. Abrband-ikat to’qishni otasi Turg’unboy Mirzaahmedovdan o’rgangan. Rasuljon UNESCOning Sifat belgisi sohibi.

Meri Littrell to’rt ustani ta’riflar ekan, har biri kamida 50-100 shogird-hunarmand bilan ishlaydi, deydi. Ular nafaqat o’zini, balki yana yuzlab odamlarni ish bilan ta’minlamoqda. Bu insonlar bebaho hunari bilan non topmoqda. Zarina, Rasuljon, Valentina va Fazliddin yoshlarga xohlab hunar o’rgatadi, ular o’z ishining fidoiysi, deydi olima.

Muzey xodimi Linda Karlsonning aytishicha, g’arb, xususan, Qo’shma Shtatlarda Markaziy Osiyo hunarmandchilik an’analari haqida tasavvur, bilim kam. Bu ko’rgazmani tashkil qilishdan maqsad ham amerikaliklarning bilimini, dunyoqarashini oshirish. “O’zbekistondagi san’at dargohlari, universitet va hunarmandchilik maktablari bilan ishlashni xohlaymiz”,- deydi Linda Karlson.

Kolorado Universitetidagi ko’rgazma 28 maygacha davom etadi.

XS
SM
MD
LG