Breaking News

Jurnalistika va matbuot erkinligi jahon bo'ylab tahdid ostida


Istanbulda so'z va matbuot erkinligi uchun namoyishlar
Istanbulda so'z va matbuot erkinligi uchun namoyishlar

Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti nazarida, jihodchilar - so'z va matbuot erkinligining eng shafqatsiz buzg'inchilari. "Islomiy davlat", al-Qoida, Boko Haram va al-Shabab jurnalistlarni yo'q qilishda oldinga o'rinda, deyiladi yillik hisobotda.

Matbuot erkinligi va jurnalistlar doimiy xavf ostida, dunyo bo'ylab - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:20 0:00

O'tgan yilning 7-yanvarida aka-uka Sharif va Said Kuvachiylar Fransiya poytaxtida "Sharli Ebdo" gazetasi binosiga bostirib kirib, sakkiz jurnalist va to'rt xodimni o'ldirgan edi. Al-Qoidaning Arab yarimorolidagi bo'limi bu hujumlar uning ishi ekanini tan olgan.

"Chegara bilmas muxbirlar' tashkiloti rahbari Kristof Delua tahlilicha, muxbirlarga nisbatan tahdid kun sayin oshib bormoqda va dunyoning hech bir yerida ular xavfsiz emas. Jurnalistika global miqyosda doimiy nishonda, deydi Delua. Matbuot va so'z erkinligi boy berilgan muhitda yovuz kuchlar har qanday qora ishni bemalol amalga oshiradi va buning uchun ularni hech kim javobgarlikka torta olmaydi, hatto ayblay yoki tanqid qila olmaydi. Informatsiya ololmaysiz, deydi Delua.

2015-yilda dunyo bo'ylab 69 jurnalist o'ldirilgan, 28 nafari "Islomiy davlat" va al-Qoida qo'lida halok bo'lgan. Muxbirlar eng ko'p nobud bo'lgan yurt bu Suriya.

Jahonda hozir 154 jurnalist panjara ortida. Qamoqda eng uzoq paytdan beri o'tirganlar O'zbekistondagi ikki jurnalist: "Erk" muxolif gazetasi muxbirlari Muhammad Bekjon va Yusuf Ro'zimurodov. 1999-yilda sud ularni mavjud tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topgan. Bekjon va Ro'zimurodovning safdoshlari va yaqinlari ularni begunoh deb biladi. "Human Rights Watch" va boshqa huquq tashkilotlari ta'biricha, bu insonlar nohaq va asossiz ravishda qamalgan, yagona aybi Islom Karimov rahbarligidagi hukumatni tanqid qilgani va qoralagani.

162 shaxs internetdagi faolligi, xususan blog va sharhlari uchun qamoqda. Xitoy, Suriya, Vyetnam, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari bu borada eng zolim tuzumlar.

Markaziy Osiyoda ekstremizm va unga qarshi kurashni yoritgan jurnalistlar hukumatlar tomonidan ko'p bor nishonga olingan va mutaassib kuchlarni quvvatlayotganlikda ayblangan.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining so'nggi hisoboti terrorchilarni jurnalistikaning asosiy dushmani deya atar ekan, radikalizmni targ'ib qilmagan jurnalistlar qonli jazolanayotgani haqida ogohlantiradi.

"Islomiy davlat" jurnalistlarga 11 buyruq, talab bilan chiqqan. Birinchidan, ular xalifani tan olib, unga sodiqligi haqida qasam ichishi kerak. Islomiy davlatlar bilan mojaroda bo'lgan mamlakatlarning axborot vositalariga ishlash o'lim bilan barobar. "Islomiy davlat" ma'qullamagan material chop etilmaydi, efirga uzatilmaydi.

Talablarni bajarmasangiz, g'oyib bo'lasiz, o'ldirilasiz va bu haqda e'lon qilinadi. Yaqinlaringizning hayoti ham xavf ostida qoladi.

6-yanvar kuni "Sharli Ebdo" bir million nusxada chop etiladi va unda soqolli shaxs xudo timsolida aks ettirilib, yelkasiga qurol osgan. "Qotil hamon erkin" deyiladi karikatura ostida.Gazetaning 20 xodimi, tahdidga qaramay, faoliyatni davom ettirishga bel bog'lagan. Maqsad, deydi ular, haqiqatni satira va keskin hajv orqali yoritish.

“Biz safimiz kengayadi deya umid qilgan edik,- deydi Erik Portolt, "Sharli Ebdo" vakili. - Lekin qo'rqinch hukmron. Bizga qo'shilish o'lim bilan yuzma-yuz turishni talab qiladi".

"Chegara bilmas muxbirlar" o'z saytida matbuot erkinligi dushmanlari degan ro'yxat tuzib, unga O'zbekiston rahbari Islom Karimov, Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov, Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Suriya, Eron, Ozarbayjon, Kuba rahbarlarini kiritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG