Qirg’iziston: Inqilob nimalarni berdi va berolmadi?


O'sh, Qirg'iziston. 26-iyun, 2010-yil.

O'sh, Qirg'iziston. 26-iyun, 2010-yil.

7-aprel Qirg’izistonda ilk bor Xalq inqilobi kuni nomida rasman nishonlandi. Olti yil muqaddam korrupsiya hamda urug'-aymoqchilikda ayblangan prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag’dariligan va demokratik shiorlar ostida yangi rahbarlar tepaga kelgan edi.

​Kuni-kecha mamlakat rahbari farmoni bilan 7-aprel Xalq inqilobi kuni deya atalib, unga davlat bayrami maqomi berildi.

Aytish joiz, keyingi 11 yilda Qirg’iziston ikki inqilobni boshdan kechirdi. 2010-yilgi aprel inqilobidan so’ng o’lkada qanday o’zgarishlar sodir bo’ldi? Qanday muammolar mavjud?

Ushbu savollar bilan siyosatshunos, O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev va O’zgan shahar ayollar kengashi raisasi Matjubaxon Musaboevada murojaat qildik.

“Asosiy o’zgarish - mamlakatda demokratiya chuqur ildiz otmoqda. Biz parlament respublikasi bo’ldik, toza saylovlar o’tkazilayapti, o’lka xalqaro hamjamiyat e’tiboriga sazovor bo’lmoqda”, - deydi professor Anarbayev.

U korrupsiyaga qarshi kurash, umuman, qog’ozda qolayotganidan tashvishda. Suhbatdosh so'zlariga ko’ra, maorif, salomatlikni saqlash, sud tizimi sohasida e’lon qilingan islohotlar ham o’ta sust ketmoqda va kutilgan natijalardan darak yo’q.

“Ko’p narsalar boshlangan holida to’xtab turibdi”, - deydi sunbatdosh.

Anarbayev qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarning ahvolidan ko’ngli to’lmayotganini aytadi.

“Chegaralardagi mojarolarni qarang. Mintaqa mamlakatlari o’rtasida integratsiya o’rniga, uning aksi - dezintegratsiya ko’rinishlari o’rin olmoqda”, - deydi olim.

U mamlakat rahbariyatiga dolzarb masalalarni yechishda qat’iyat va shahdamlik lozim, hukumat zaif emas, kuchli bo’lishi kerak deb hisoblaydi.

“Aslida Qirg’iziston Markaziy Osiyoda o’rnak bo’lishga harakat qilishi kerak. Inqilob yo’li bilan emas, ijobiy o’zgarishlar o’tkazish borasida, deydi professor.

O’zgan shahar ayollar kengashi raisasi Matluba Musaboyeva deydiki, aprel inqilobining natijalaridan biri - amaldorlar xalqdan biroz hayiqadigan, o’ylabroq qadam bosadigan bo’lib qoldi.

"Yaxshi amallardan biri - Qirg’izistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi bo’ldi. Global ekonomik inqiroz bizga ham ta’sir qilayapti. Ammo bozorlarda arzonchilik, odamlar to’q", - deydi Musaboyeva.

2010-yilgi aprel inqilobidan keyin mamlakat jiddiy beqarorlik, millatlararo to’qnashuvlarni boshdan kechirgan.

Mutaxassislar aynan tinchlik, barqarorlik, xalq jipsligi Qirg’iziston taraqqiyotining asosiy omillari ekanini ta’kidlamoqda.

Matluba Musaboyeva ayniqsa yoshlar, yangi avlod orasida ta’lim-tarbiya ishlarini kuchaytirish zarurligini urg’ulaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG