Breaking News

Turkiyaning aksil-terror qonuni aslida tanqidchilarga qaratilgan


Turkiyaning aksil-terrorizm bo’yicha qonuni doirasida mamlakatda so’nggi to’rt yilda 20 ming kishi hibsga olingan. Shulardan sakkiz ming nafari oxirgi bir yilda qamalgan.
Turkiyaning aksil-terror qonuni aslida tanqidchilarga qaratilgan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:17 0:00
Yuklab oling

Nozo’ravon jinoyatlarda ayblanganlar orasida jurnalistlar va kurd faollari ham bor. Bu haqda Turkiya Adliya vazirligi ma’lumot berdi.

Turkiyaning aksil-terror qonunlari nafaqat mamlakatda, balki xalqaro sahnada ham tanqidga uchramoqda. 1991-yilda qabul qilingan hujjat kurd isyonchilari, ya’ni Kurdiston Ishchilar Partiyasi bilan kurashga qaratilgan edi.

Bugun, deydi faollar, bu qonun hukumat tanqidchilarining og’zini yopish uchun ishlatilmoqda.

“Human Rights Watch” huquq tashkilotining Turkiya bo’yicha bosh tadqiqotchisi Emma Sinkleyer Vebb Adliya vazirligi tarqatgan raqamlarga e’tibor qaratadi:

“So’nggi to’rt yilda 40 ming kishi qurolli to’dalarga a’zolikda ayblangan, hozir yarmi qamoqda. Aksil-terror qonuni ayniqsa kurdlarga qarshi aktiv qo’llaniladi. Shuningdek, so’lchilar, jurnalistlar, studentlarga qo’yilgan ayblovlarga nazar solsangiz, terrorizmga hech qanday aloqasi yo’q”.

Rasmiy Anqara o’tgan oy demokratik islohotlar taqdim etdi, unda qonunni o’zgartirish haqida hech narsa deyilmagan. Bu bilan, deydi Yevropa parlamenti a’zosi Richard Xovitt, Turkiya hukumati muhim imkoniyatni qo’ldan boy berdi.

So’nggi xabarlarga qaraganda, terrorizmga qarshi kurash to’g’risidagi qonun yozgi namoyishlarda qatnashgan fuqarolarni jazolash uchun ham qo’l kelmoqda. Yevropa Ittifoqi yillik hisobotida Turkiyani so’z va uyushish erkinligi bobida qattiq tanqid qilib, adliya tizimini isloh qilishga undamoqda.

“Demokratizatsiya dasturi” nomini olgan hujjatni taqdim etish nutqida Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an ayrim e’tirozlar o’rinli ekanini tan oldi.

“Reformalar hech qachon to’xtamaydi, Turkiya kengroq erkinlik va demokratiya tomon yo’nalishda davom etadi”, - deydi Erdog’an. Muxolif partiyalar bo’lar-bo’lmas gaplar bilan xalqni qo’rqitishga, vahima ko’tarishga harakat qilmoqda, deydi vazir.

Omma orasida kayfiyat qanday ekani muhim, chunki kelasi 1,5 yil ichida Turkiyada bir qancha, jumladan prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Agar hukmron partiya terrorizmga qarshi kurash bobida sust deb ko’rilsa, ko’p ovoz yig’a olmaydi, deb hisoblaydi Chingiz Aktar, “Taraf” gazetasi sharhlovchisi.

“Bosh vazir boshqa siyosatchilar kabi, tabiiyki, hokimiyatda qolishni istaydi. Erdog’anning umidi millatchilardan, u faqat ana shu qatlam ovozini olish harakatida”, - deydi jurnalist.

Aksil-terror qonuni isloh qilinsa, Turkiya kurdlari himoyasida turgan Tinchlik va Demokratiya partiyasi bundan naf ko’radi. Hisoblarga ko’ra partiyaning 6 mingdan ziyod a’zosi panjara ortida. Ularning ozod etilishi yoki etilmasligi Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan ketayotgan tinchlik muzokaralari natijasini hal qilsa ajabmas. Muzokara ayni paytda boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Xalqaro huquq tashkilotlari da’vosicha, Turkiya jurnalistlarni eng ko’p qamaydigan davlatga aylanganiga ham aynan o’sha qonun sababchi. 15 yillik qamoq jazosi bilan yuzlashayotgan taniqli jurnalist Ahmet Shik deydiki, aksil-terror qonuni demokratiyaga choh qaziydi.

“Shunday zamonda yashayapmizki, birov bepul ta’lim olishni talab qilsa ham terrorist, tanqidiy maqola yozgan jurnalist ham terrorist. Hukumat repressiyani qurol qilib olgan. Miq etsang terrorda ayblanib qamalasan”, - deydi Shik.

Erdog’an hukumati bu da’volarni inkor etib, so’nggi 10 yilda misli ko’rilmagan demokratik reformalar amalga oshganini ta’kidlaydi. Ammo Yevropa parlamentida Ahmet Shik kabi jurnalistlarning nidosi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kelasi oy blok majlisida Turkiyani a’zolikka olish jarayonini davom ettirish masalasi ovozga qo’yilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG