Bush va Afrika: AQSh sobiq prezidenti SPID va saratonga qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Kuni-kecha sobiq prezident rafiqasi Lora bilan Zambiyaning Kabve shahrida yangi klinika ochdi.

Kuni-kecha sobiq prezident rafiqasi Lora bilan Zambiyaning Kabve shahrida yangi klinika ochdi.

AQSh sobiq rahbari Jorj Bush Afrikada xotin-qizlar orasida bachadon saratonining oldini olish va davolashni targ’ib qilmoqda. Prezidentlik yillari u xorijdagi urushlar va zaif iqtisodiy siyosat bois jiddiy tanqidga uchragan. Biroq Bush tashabbusi bilan boshlanib, hamon davom etayotgan, OITSga qarshi kampaniya samara berayotganini barcha e’tirof etadi.

Kuni-kecha sobiq prezident Jorj Bush rafiqasi Lora bilan Zambiyaning Kabve shahrida yangi klinika ochdi. U yerda bachadon saratoniga chalingan ayollar davolanadi.

“Imkoniyati ko’p odam boshqalarga yordam berishi kerak. Biz bunga ishonamiz va doimo shunday yo’l tutishga harakat qilamiz. Amerika to’kis diyor, biz boshqalar og’irini yengil qilishga intilamiz”.

Jorj Bush nomli markaz va boshqa sherik tashkilotlar bachadon saratoni kasalligiga qarshi kurash uchun 85 million dollar to’pladi. Davlat arbobi o’shanda, 2003-yilda orttirilgan immunitet taqchilligi sindromi – OITS ga qarshi kurash boshlagan. Birinchi bosqichda mazkur antiretrovirus terapiya-muolajasi uchun 15 milliard dollar mablag’ ajratilib, millionlab odamlar hayoti saqlab qolingan. Butun Afrika qit’asi uchun tahdid sanalmish OITS/VICH epidemiyasi to’xtatilgan. Odam immuniteti taqchilligi virusi yuqqan ayollar orasida bachadon saratoniga chalinganlar ko’p. Bundaylar soni jihatidan Zambiya dunyoda ikkinchi o’rinda turadi.

“Eng dahshatlisi shuki, OITSga chalingan ayol davolanadi-yu, so’ngra bachadon saratoni deb nobud bo’ladi. Zambiyadan boshlaymiz ishni. Bush markazi va uning hamkorlari insonlar hayotini saqlab qolish uchun kasallikka qarshi haqiqiy salib yurishi boshladi,” - dedi Bush.

Jeyn Chanda immunitet taqchilligi virusiga yo’liqqan. Yangi ochilgan klinikaning birinchi mijozi. Shifokor uni tibbiy ko’rikdan o’tkazmoqda. Muammo kichik kamera yordamida aniqlanadi. Tekshirib ko’rilganda Jeynda saraton yo’qligi ma’lum bo’ldi. Ayol Bushga rahmat aytadi:

“U juda saxiy inson. Men unga tashakkur demoqchiman. Umringiz uzoq bo’lsin”.

Bush davrida 11-sentabr fojeasi yuz berdi; mamlakat Afg’oniston va Iroqda urushga botdi; yurt iqtisodiy tanazzulga tortildi. Aksariyat amerikaliklarning Bushga munosabati salbiy.

Ammo Zambiya va Afrikaning boshqa mamlakatlarida odamlar minnatdor. Xatarli virusga qarshi dasturi haqida hamma eshitgan, ko’plar yordam olgan. Kabveda yaqinda tug’ilgan bir chaqaloqqa Jorj deb ism qo’yishdi.

Bushning o’zi esa dunyoda salomatlik uchun kurashni davom ettiraman deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG