Obama Iroqni havodan o’qqa tutishni buyurdi

  • Amerika Ovozi

7-avgust kuni AQSh prezidenti Amerika “islomiy jangarilar tuzog’iga tushgan minglab iroqliklarga yordam berishini” aytib, shimoliy Iroqni havodan o’qqa tutish hamda gumanitar yuk yetkazishni buyurdi.

Harbiy samolyotlar Sinjar tog’ida suv va yeguliksiz jangarilar qamalida qolgan minglab odamlarga havodan gumanitar yordam tashlaganidan bir necha soat o’tib Barak Obama bu haqda ma’lum qildi.

“Bugun Amerika yordamga kelyapti”, - dedi Obama.

Qurshovdagi iroqliklar - asosan nasroniylar va yazidiylar. Jangarilar ularni islomni qabul qilmasang o’lidiramiz, deb qo’rqitgan. Mamlakat shimolida “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISID) nomli guruh nazorat o’rnatar ekan, minglab odamlar uyidan qochishga majbur bo’ldi. Sunniy musulmon bo’lmagan barcha iroqliklar qo’rquvda. Jangarilar xotin-qizlarni o’g’irlagani va ommaviy qatl uyushtirgani haqida xabar qilinmoqda.

Obama armiyaga vaziyatga aralashishni buyurgan.

“Ommaviy qatliomga yo’l qo’ymaslik uchun ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan harakat qilishimiz kerak. Sinjar tog’ida aynan shunday qilyapmiz. Tog’dagi qamalni buzishga urinayotgan Iroq armiyasiga havodan turib yordam beramiz. U yerda tinch aholi qamalda”, - dedi AQSh rahbari.

Davlat kotibi Jon Kerri ham havo hujumlari zarurati haqida gapirdi va ISID zo’ravonliklarida ommaviy qatliom alomatlarini ko’rish mumkin, deb aytdi.

“Kim ilk qo’ng’iroqni kutgan bo’lsa, mana, u jarangladi. ISID sunniylarni himoya qilib jang qilmayapti. ISID Iroqning kuchliroq bo’lishi uchun ham jang qilmayapti. ISID Iroqni ajratib, yo’q qilish yo’lida jang qilmoqda. Tartibsizlik, qonunsizlik va shafqatsiz bosqinchilikni amalga oshirmoqda”, - dedi Kerri.

Jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda prezident Obama Iroq tuprog’iga Amerika askarlarini yubormaslikni va’da qildi. AQSh rasmiylariga ko’ra, operatsiya ko’lami cheklangan bo’ladi va qo’shin yuborilmaydi.

Obama “bu safar Qo’shma Shtatlar yordam qo’lini cho’zmasa bo’lmaydi”, deb aytdi.

“O’sha tog’da yuzaga kelgan vaziyatda begunoh odamlar dahshatli zo’ravonlik bo’sag’asida turibdi. Biz ko’maklashish vazifasini o’z zimmamizga olganmiz. Qolaversa, Iroq hukumati bizdan yordam so’radi. Qirg’inning oldini olish imkoniga ega yagona kuchmiz. Demak, Amerika Qo’shma Shtatlari ko’z yumib turolmaydi deb hisoblayman”, - dedi Obama.

Uning buyrug’iga ko’ra, agar ISID Irbil shahri tomon harakatlana boshlasa havodan o’qqa tutiladi. Irbilda AQSh konsulligi joylashgan va harbiy maslahatchilari ishlamoqda.

ISID Iroqning qaysi qismida amerikalik xodimlar va inshootlarga tahdid solsa, o’sha yerga hujum qilish buyurilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG