Breaking News

O'zbekistonda moliya tizimi "azimovchilardan" tozalanmoqda


Rustam Azimov uzoq yillar O'zbekiston moliya tizmini boshqargan
Rustam Azimov uzoq yillar O'zbekiston moliya tizmini boshqargan

O’zbekistonda moliya sohasi Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan so’ng tubdan yangilanayotgan birinchi tizim bo'lishi mumkin. Ishonchli manbalarga ko'ra, shu kunlarda bu sistemada ishdan bo’shatilgan xodimlar soni 550 kishidan ortgan. Matbuot “tozalash” amaliyoti davom etayotgani, ishdan bo’shatilgan xodimlar o’rniga iqtidorli yoshlar jalb qilinayotgani haqida xabar tarqatmoqda. Bu o’zgarishlar sobiq moliya vaziri Rustam Azimov boshchiligidagi moliya tizimining yolg’on ko’rsatkichlarda ayblanishi ortidan kuzatilmoqda.

Mirziyoyev moliya tizimini "tozalash" bilan mashg'ul
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:59 0:00

Prezident Mirziyoyev va Rustam Azimov o’rtasidagi taranglik Islom Karimov rahbarligi davridan, Mirziyoyev hukumatni, Azimov moliyani boshqargan yillarga borib taqaladi.

Karimov paytida hukumatlararo muzokaralar, xalqaro hamkorlik masalalarida O’zbekiston nomiddan bosh vazir o’rinbosari Azimov gapirib keldi. 13 yil bosh vazir bo’lib ishlagan Mirziyoyevning hukumat rahbari sifatida xorijdagi muzokaralarda qatnashgani kam kuzatilgan. Bosh vazir o’rniga bu vakolatni bajarib kelgan Azimov Karimovning o'rnini egallashi mumkin degan taxmin keng tarqalgan edi.

22-dekabr kuni parlamentga murojaatida moliya vazirligini iqtisodga doir yolg’on ko’rsatkichlarni taqdim etishda ayblagan prezident bu tizimdagi bir nechta mutaxassislarni nomma-nom tilga oldi va bu soha faoliyatidan yaxshi xabardorligini namoyon etdi.

Iqtisodchi Saparboy Jubayev Moliya vazirligida turli mas'ul lavozimlarda ishlagan. 2005-yilda vazirlikdan ketgan Jubayev Azimov rahbarligida ham ishlagan va Mirziyoyev o’z murojaatida tanqid ostiga olgan Ella Ostrogojskaya hamda tizimdagi boshqa mutaxassislarni yaxshi taniydi.

“Shavkat Miromonovich 13 yil hukumat boshlig’i bo’lgan, Rustam Azimov bilan bevosita ishlagani uchun Moliya vazirligida qanday savollar hal bo'ladi, nimalar qilinadi - yaxshi tushunadi. Hozir O’zbekiston moliya tizimi yaxshi ishlamaganiga Azimov sababchi deb belgilanayapti. Men hukumat boshlig’ining fikrini to'g’ri yoki noto’g’ri deyishdan uzoqman, chunki Mirziyoyev ko’proq axborotga ega. Men u yerda 2005-yilgacha ishlaganman. Albatta Azimovning javobgarligi bor, [Moliya vaziri birinchi o'rinbosari Tatyani Nikolayevna] Guskovani ham... Ella Ostrogojskaya byudjet departamentini boshqargan, uning ham javobgarligi bor. Rustam Azimov bank tizimidan moliyaga keldi, yaxshi mutaxassis, lekin baribir statisik ko’rsatkichlarda kamchiliklari bo’lgan”, - deydi Saparboy Jubayev.

UzA ma’lumotiga ko’ra, prezidentning tanqididan so'ng hozirgacha moliya tizimidan 500 dan ortiq xodim ishdan bo’shatilgan. Moliya tizimini eski kadrlardan tozalash davom etmoqda. Ishdan bo’shatilyotganlar nafaqat markaziy, shuningdek, viloyat, tumanlardagi moliya bo’limlari kadrlari hamdir.

Hozirgacha birorta davlat idorasida bu darajada ommaviy ishdan olish, kadrlar almashtirilishi kuzatilmagan.

Mirziyoyev Azimovni va moliya vazirligidagi bir qator mutaxassislarni prezidentga iqtisod har yili 8 foiz o’sayotgani to'g'risida yolg’on ma'lumotlar taqdim etganlikda, iqtisodiyot ishlashi uchun to’siqlar yaratib, O’zbekistonni bugungi og’ir ahlovga olib kelganlikda aybladi.

Jubayev nazarida Azimovni yolg’on ma’lumotlar berishda emas, iqtisodga doir haqiqiy vaziyatni ko’rsatib berishga jur'at topmaganlikda aybdor deyish to’g’riroq.

“Men atayin yolg’on ma’lumotlar taqdim etgan demagan bo’lardim, balki byudjetdagi, soliqdagi muammolar, taqchillik haqida davlat rahbariga gapirishga jazm qilolmagan degan bo’lardim. Natijalarni yaxshiroq ko’rsataylik deb harakat qilgan bo’lishi mumkin. Azimov Islom Karimov oldida hammasi yaxshi, bezovta bo’lmang degan qabilda ish turgan bo’lishi mumkin. Buning javobgarligi uning bo’ynida, lekin Shavkat Miromonovich birdaniga shuncha odamni ishdan bo’shatishni talab qilyotganini men tushunmadim. Ular orasida mutlaqo byudjetga aloqasi yo'q, ilmiy xodimlar ham bor”.

O’zbekiston axborot agentligi prezident tanqidiga uchragan Moliya vazirligidagi rahbarlardan biri Ella Ostrogojskaya haqida maqola e'lon qilgan. Unda Azimovning “hamtovog’i” bo’lgan Ostrogojskaya xonim davlat rahbariga yolg’on ma’lumotlar taqdim etish, hududlarning moliyaviy haq-huquqlarini himoyalab chiqqan o’rinbosarlarga tazyiq o’tkazish, ularni ishdan chetlatish bilan shug’ullangani yoziladi. Maqolada Ostrogojskaya boshqa mamlakat fuqaroligiga ega bo’lishi mumkinligiga ham ishora qilingan.

Moliya vazirligidan bo’shatilgan rahbarlar qatorida iqtisodiy masalalar bo’yicha prezident maslahatchisi bo’lib ishlagan Vyacheslav Golishevning turmush o’rtog’i Irina Golisheva ham bor.

500 dan oshiq kishining ishdan ketishi yuzasidan rasman izoh yo’q. Matbuotda mamlakat bo’ylab moliya tizimiga dog’ tushirganlarni ishdan bo’shatish jarayoni ketayotgani yozilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG