Shu kunlarda dunyodagi bir necha xalq Navro’z ayyomini nishonlamoqda. Kimdir Vatanida, kimdir esa Vatandan yiroqda. Yaqinda Amerikadagi o’zbek, uyg’ur, afg’on, Eron jamoalari turli shtatlarda madaniy tadbirlar o’tkazdi. Xususan, o’zbeklar Chikago, Nyu-York, Sietlda Navro’zni nishonlashdi. Yakshanba kuni esa Vashington yaqinida tojikistonliklar to’plandi.

Amerikada har bir xalqning madaniy tadbiri vatandoshlar uchrashishi uchun yaxshi bahonadir. Markaziy osiyoliklar bepoyon Amerikaning turli chekkalarida yashashadi. Tez-tez ko’rishish uchun na imkoniyat va na vaqt bor. Hamma o’qiydi, ishlaydi, bir-biridan uzoqda yashaydi. Ammo Navro’z kabi madaniy va milliy bayramlarni hech kim qoldirgisi kelmaydi. Amerikadagi tojik jamoasi bundan mustasno emas.

Ikki yil oldin yoshlar tomonidan asos solingan Tojik-Amerika madaniy uyushmasi tashkiliy ishlarni o’z bo’yniga oldi. Guruh Virjiniya shtatidagi kollejning madaniy markazini ijaraga olib, barcha tojikistonliklarni bayramga da’vat etdi.

Tadbirga yoshu qaru, talabalar, oilalar keldi, deyarli barchasi milliy kiyimda. Kimdir Virjiniyadan, kimdir Nyu-Yorkdan, kimdir boshqa shtatdan. Salkam 300 kishi uchun ajoyib dasturxon tuzaldi. Palov, somsa, kabob, shirinliklar, mevalar ortib ham qoldi.

"Amerikaning Nyu-York, Nebraska, Kaliforniya shtatlarida ko’plab vatandoshlarimiz bor. Har yili ularning soni oshmoqda. Vashington va uning atrofida 500 ga yaqin tojikistonlik yashaydi. Maqsadimiz madaniy tadbirlar orqali hammani bir joyga to’plash, Amerikada Tojikistonga qiziqishni orttirish", - deydi Tojik-Amerika madaniy uyushmasi prezidenti Vladimir Fedorenko.

Vladimir Tojikistonda 15 yoshigacha yashagan bo’lsa-da, tojik tilini yaxshi biladi.

Tanovuldan so’ng yoshlar arqon tortib kuch sinashdi, boshqa milliy o’yinlar o’ynashdi. Virjiniyada ko’p yutuqlarga erishgan tojikistonlik ikki kurashchi bola o’rtaga chiqib, mahoratini ko’rsatdi, lotereya o’ynaldi. Tashkilotchilar g’oliblarga sovg’alar ulashdi.

Bayramga samarqandlik Nigina Jeykob ham bordi. Amerikada sakkiz yildan beri yashaydi. Turmush o’rtog’i amerikalik.

"Onam o’zbek, otam tojik. Bu yerga kelib, ona tilimni eshitib, xursand bo’ldim", - deydi Nigina.

Navro’z tantanasida Tojikiston elchisi Nuriddin Shamsov ham qatnashdi.

Bayramning asosiy qismida tojikistonlik taniqli qo’shiqchi Jonibek Murodov kuyladi. Yosh san’atkor Tojikiston xalq artisti Jo’rabek Murodovning o’g’li.
  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG