Xitoy Prezidenti Si Zinpin bugun ikki kunlik tashrif bilan Islomobodda. Pokiston va Xitoy rahbarlari energetika va infratuzilmani rivojlantirishga doir loyihalar haqida gaplashmoqda.
Pokiston ittifoqchisi bo'lmish Xitoy bilan munosabatlarga jiddiy e'tibor qaratadi. So'nggi kunlarda ikki mamlakat do'stligi mavzusi Pokiston matbuotida ko'p yoritildi. Si Zinpin Islomobodda tantana bilan kutib olindi.
Tashrif chog'ida Xitoy prezidenti Pokistonning eng oliy davlat mukofoti bilan taqdirlanishi, Pokiston parlamentida ma'ruza qilishi kutilmoqda.
Ikki davlat Xitoy-Pokiston iqtisodiy korridori loyihasi bo'yicha hamkorlik qilib keladi. Loyihaga ko'ra, Xitoy janubi-g'arbidan Pokiston janubidagi Gvadar port shahri tomon yo'llar, temiryo'l, neft va gaz quvurlari tushiriladi.
Pokiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Sartaj Azizning aytishicha, loyiha uchun kelasi 8-10 yilda yiliga to'rt milliard dollar sarflanishi kutilmoqda.
"Bu so'nggi 7-8 yilda 3-4 foizga qisqargan iqtisodiy o'sishni jadallashtirishi aniq", - deydi rasmiy.
Biroq hamkorlikka Pokistonning Balujiston viloyatidagi bo'lginchilar hamda boshqa hududlarda islomiy jangarilarning faolligi halaqit bermoqda.
Xitoyning Islomoboddagi elchisi San Veydonning aytishicha, Pokiston iqtisodiy korridorga aloqador loyihalarga jalb etilgan xitoylik mutaxassislar xavfsizligi uchun qo'shinlar ajratadi.
Xitoy rahbari Pokiston rasmiylari bilan ekstremizmga qarshi kurash xususida ham gaplashadi. Pekin uyg'ur bo'lginchilari Pokistonda jangarilar tomonida tayyorgarlikdan o'tayotganidan xavotirda.
Xitoy Sharqiy Turkiston islomiy harakatini so'nggi ikki yilda yuzlab odamlarning yostig'ini quritgan xurujlarda ayblamoqda. Pokiston armiyasi so'nggi oylarda Shimoliy Vaziristonda harbiy amaliyot o'tkazib, yuzlab jangarilarni yo'q qilgan.
Ayrimlar nazarida Xitoyning musulmonlarga nisbatan qattiqqo'l siyosati Shinjondagi tartibsizliklarning asosiy sabablaridan biri. Masalan, Pekin jamoat joylarida hijob kiyishni man qiladi.
Shunga qaramay, G'arb qadriyatlariga qarshi tez-tez namoyish qilib turadigan Pokistonning islomiy partiyalari Xitoyni musulmonlarga qarshi zug'umda ayblab, ko'chaga chiqqani yo'q. Aksincha, Pokiston ham, qo'shni Afg'oniston ham Xitoyning mintaqada faol bo'lishini istaydi.
Pekinning afg'on tinchlik jarayonidagi ishtiroki ham oshmoqda. Xitoy va Afg'oniston mojaroga chek qo'yishga qaratilgan mintaqaviy anjuman o'tkazgan, Tolibonni yarash jarayonida qatnashishga chaqirgan. O'tgan yili Pekin xufyona ravishda Tolibon bilan ikki davra muzokara o'tkazgan.