Xalqaro valyuta jamg’armasi rahbari Kristin Lagardning aytishicha, iqtisodiy o’sishning sekinlashishiga sabab bo’lgan global iqtisodiy muammolarni yengish uchun barcha mamlakatlar hamkorlik qilishi zarur.
O’sish ko’pdan beri past nuqtada turib qolgan, natijada bu ayrim mamlakatlarda ijtimoiy va siyosiy vaziyatga ta’sir qilmoqda, deydi u.
"Hushyor bo’laylik. Iqtisodiy o’sishni qo’ldan boy berdik. Agar siyosatchilarimiz muammolarga qarshi kurashda birgalashib ishlasa, ijobiy natijaga erishamiz”, - deydi jamg’arma ijrochi direktori.
Kristin Lagardning aytishicha, dollarning kuchaygani AQShda iqtisodiy o’sishni sekinlashtirib qo’ydi, yevro bilan muomala qiladigan mamlakatlarda esa sarmoyalar pasayib ketgan, ishsizlik yuqorilamoqda, o’sishning sekinlashgani va inflyatsiya Yaponiya iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda.
Muammolar bilan birga Lagard yutuqlarni ham sanab o’tdi - Hindistonda o’sish yuksaldi, aholi daromadi oshdi; Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tailand va Vyetnamda ham ahvol yaxshi.
Lagardning aytishicha, Qo’shma Shtatlar eng kam ish haqini o’shirishi, kam daromadli fuqarolar uchun soliq imtiyozlarini kengaytirishi lozim, yevrozona a’zolari esa yoshlarga ish topishda yordam berishi kerak.