Irqchilikka qarshi kurashayotgan shaharda politsiya islohotlar ostida

  • Amerika Ovozi

2014-yilda Missuri shtatining Ferguson shahri to'polonlar markaziga aylangan edi

Missuri shtatining Ferguson shahrida ikki yil oldin politsiya qora tanli bolani o’ldirgani katta namoyish va to’polonlarga sabab bo’lgan edi. Shundan beri tizim islohotlar ostida. Huquq tartibot organlarini irqchilikdan butkul tozalash mumkinmi? “Amerika Ovozi” yaqinda Fergusonda bo’lib, bugungi manzara bilan tanishdi.

Ferguson politsiya boshqarmasi rahbari Delrish Moss bo’yniga ulkan mas’uliyat yuklangan - islohotlar qilish.

"Hozirgi asosiy masala, bilasizmi, nima? Politsiya va adliya tizimida zarur mutaxassislar yetishmayotgani”, - deydi u.

2014-yildagi to’polonlar ketidan politsiya ko’plab xodimlaridan ayrildi. Malakali, chiniqqan politsiyachilar sohani tashladi.

Qora tanli aholiga nisbatan diskriminatsiyada aybdor deb topilib, ishdan haydalganlar ham ko’p bo’ldi. Fergusonda asosan qora tanlilar yashaydi. Huquq tartibot organlarida afro-amerikaliklar katta sonni tashkil etadi. Lekin bu bilan irqchilik barham topmagan.

“Politsiyachi kimgadir nomaqbul munosabatda bo’libdi degan gap eshitsam, juda jiddiy qabul qilaman va darhol chora ko’ramiz. Har bir fuqaroga nisbatan professional muomala qilinishi shart. Kamsitishlarga toqat qilmaymiz”.

Delrish Moss Florida shtatining Mayami shahrida 32 yil politsiyachilik qilgan. Pensiyaga tayyor edi. 2016-yilda uni Fergusonga shu vazifaga chaqirishdi.

1980-yillarda Mayamida politsiya va qora tanli aholi orasida to’qnashuvlar avj olganida Delrish yosh bola edi. Ko’rganlari kechagek yodida. Hayot va jamiyatga nisbatan qarashlari o’sha voqealar ta’sirida shakllangan.

“Politsiya qonunga xilof ravishda ish tutmaydi. Jazolanishi shart buning uchun. Bu muqaddas kasb sha’niga dog’ tushirganlar javobgarlikka tutiladi”.

Fergusondagi namoyishlar butun mamlakatni o’ziga qaratdi. Afro-amerikaliklar hayoti hali ham og’ir ekanini ko’rsatdi.

“Politsiya aslida jamiyat tinchligi va xavfsizligini ta’minlaydi. Politsiyachi fuqaroga xizmat qiladi. Buni tushuntirish, ommani bunga ishontirish eng qiyin vazifa. Politsiya juda zarur, muhim tizim. Kasbimni ardoqlayman”, - deydi Delrish.

Delrish Moss yangi tizim barpo etmoqda. Politsiyaga ishonchsizlik chuqur ildiz otgan shaharda buning uddasidan chiqish tog’ni talqon qilish bilan barobar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG