General Mattis: Putin NATOni tarqatib yubormoqchi

  • Amerika Ovozi

General Mattis (o'ngda), Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi senator Jon Makkeyn(chapda). Qonunga ko'ra, iste'foga chiqqaniga yetti yil to'lmagan harbiy mudofaa vaziri bo'lishi mumkin emas. Kongress general Mattis uchun istisno qilishi kerak bo'ladi.

Mudofaa vaziri lavozimiga nomzod, iste'fodagi general Jeyms Mattis ham payshanba kuni Senat qurolli kuchlar qo'mitasida savol-javobdan o'tdi.

Rossiyaning sharqiy Yevropadagi harakatlari va kiber-xurujlari ortidan u Moskva bilan qanday muomala qiladi?

General Mattis Rossiya bilan aloqalar tarixiga asoslanib ish tutmoqchi. Avval ham Moskva bilan murosa qilishga uringanmiz, lekin bu doim ham natija bermagan, dedi u.

Putin Shimoliy Atlantika ittifoqini tarqatib yubormoqchi ekanini tushunishimiz kerak. Diplomatik, iqtisodiy, harbiy choralar bilan o'zimizni va ittifoqchilarimizni himoya qilishimiz lozim, deydi Mattis.

General oxirgi yarim asrda Pentagonni boshqargan birinchi harbiy bo'lishi mumkin. Markaziy qo'mondonlikni boshqargan, Iroq va Afg'onistondagi urushlarda xizmat qilgan Mattis 2013-yilda iste'foga chiqqan.

Qonunga ko'ra, iste'foga chiqqaniga yetti yil to'lmagan harbiy mudofaa vaziri bo'lishi mumkin emas. Kongress Mattis uchun istisno qilishi kerak bo'ladi.

Bu orada, Markaziy razvedka idorasi rahbari lavozimiga nomzod, Tramp tanlagan respublikachi Mayk Pompeo Senatda qonunchilar savollariga javob berdi. U davlat rahbariga xolis axborot yetkazishga, maxfiy xizmatni har qanday siyosiy bosimdan himoya qilishga va'da bermoqda. Holbuki, Tramp razvedka agentliklarini pisand qilmay, malakasizlikda, soxta ma'lumot tarqatishda ayblab tanqid qilgan.

Kanzas shtatidan bo'lgan Pompeo qator masalalarda Tramp bilan fikri qarama-qarshi ekanini aytmoqda. Xatto prezident buyursa ham shafqatsiz tergov usullarini ishga solmoqchi emas u. Pompeo, shuningdek, Rossiyaga nisbatan keskin chiqishlar qilgan.

Markaziy razvedka idorasining Rossiya xakerlari amalga oshirgan hujumlarga doir hisobotiga to'xtalar ekan, u bu tahlil mutlaqo xolis va puxta ekanini ta'kidladi. Rossiya rahbariyati Amerika partiyalarining saytiga, bu yurt demokratiyasiga qilingan hujumda bevosita qatnashgan, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG