AQShning yangi rahbari qochqinlar oqimini cheklaydi

  • Amerika Ovozi

Amerikaga kelayotgan suriyalik qochqinlar

Prezident Donald Trump AQSh immigratsion tizimini tubdan isloh qilishga bel bog’lagan. Amerika bedarvoza yurt emas, deydi u. Terrorizm va zo’ravonlik chuqur ildiz otgan jamiyatlardan kelayotgan odamlar qattiq tekshiruvdan o’tadi.

Dekabr oyida Berlinda hunarmandlar bozorida yuk mashinasida amalga oshirilgan terror xuruji, Prezident Tramp nazarida, muhojirlarni keskin nazorat qilish kerakligini eslatuvchi voqea.

“Rejalarimni oldin ham aytganman. Men haq ekanimni hamma ko’rib turibdi. 100 foiz haqman. Hozirgi vaziyatga chidab bo’lmaydi”, - deydi Tramp.

Lekin yangi prezident aynan qanday chora ko’rmoqchi ekanini hali bilmaymiz. Tizimni yangilash katta mablag’ talab qiladi, qolaversa vaqt va xohish.

Laviniya Limon - qochqinlar va mihojirlar huquqlari uchun kurashuvchi tashkilot rahbari.

“Prezident Tramp qochqinlarni kiritmang, desa bas. Muayyan toifa vakillari uchun eshik yopiladi”, - deydi Limon.

O’tgan yili Kaliforniyadagi terror hujumlari ketidan Tramp musulmonlarni umuman Amerikaga yaqinlashtirmaslik kerak, deb chiqqan edi.

“Men Qo’shma Shtatlarga birorta musulmon kirishiga ruxsat berilmasin deyman. Vashingtondagi siyosatchilar mamlakatda nima bo’layotganini bilmaydi”, - deydi Tramp.

Bu taklif o’shanda ham, hozir ham qarshilikka uchrab, qoralab kelinadi. Muhojirlarni diniga qarab ajratish diskriminatsiya hisoblanadi.

Sobiq elchi Ruben Brijiti uzoq yillar davomida afrikalik qochqinlar bilan ishlagan.

“Hech kimni e’tiqodiga qarab kamsita olmaysiz. Bu katta xato bo’ladi. Nafaqat qochqinlar balki sarhadimizga qadam qo’yishni xohlagan har bir shaxs huquqi buziladi. Bunday ajratish qadriyatlarimiz, qonunlarimizga zid”, - deydi arbob.

Tramp keyinroq bu takliflarini o’zgartirib, musulmonlar vaqtincha man etilishi mumkin deya boshladi.

Yevropadagi suriyalik qochqinlar masalasi hamon dolzarb. Obama davrida

Amerika eshikni ular uchun kattaroq ochgan edi. Bu yili ikki baravar ko’proq qochqin qabul qilinishi kutilmoqda.

“Bu odamlar o’zi kim? Qayerdan? Nima xohlaydi? Hujjatlari qani? Hukumatimiz bu masalani obdon o’rganib qaror qilishga qodir emas. Minglab qochqinlar orasida terroristlar, “Islomiy davlat” odamlari kirib keladi”, - deydi Tramp.

2001-yilning 11-sentabr voqealari ketidan Prezident Jorj Bush qochqinlarni kiritishni olti oy davomida cheklab qo’ygan edi.

Keyingi ikki yil mobaynida esa xavfsizlik idoralari bu tizimni isloh qilishga majbur bo’lgan.

“Qochqinlar orasida terroristlar ham kirib keladi deya vahima ko’tarish uchun asos yo’q. Bunday tahdid ehtimoli past ekani qayta-qayta isbotlangan”, - deydi Brijiti.

Tramp esa shu paytgacha AQShga kelgan suriyaliklarni chiqarib yuborishi ham mumkin.

“Qochqinlarni qaytarish xalqaro qonunlarga zid. Ular hayoti xavf ostida ekanini isbotlagan, xalqaro va mahalliy tekshiruvlardan o’tgan. Qochqinni xavf tomon qaytarib yuborish xalqaro qonunlarni qo’pol buzish bilan barobar”, - deydi Brijiti.

Mutaxassislar ta’biricha, Prezident Tramp musulmon davlatlaridan qochqinlar oqimini cheklashi tayin. Bu degani Amerikaga keladigan muhojirlar soni qairyb 50 foizga kamayishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG