AQSh tashqi yordami qayta ko'rib chiqiladi

  • Amerika Ovozi

AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Toshkentda xayriya tashkilotlari faoliyati bilan tanishmoqda, sentabr, 2016. AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) respublikada bir necha yildan beri ishlab keladi. USAID jahon bo'ylab turli sohalarda madad ko'rsatadi.

Prezident Donald Tramp AQShning xorijiy yordamini qayta ko’rib chiqadi va Barak Obama davrida boshlangan loyihalar bekor qilinishi yoki qisqarishi mumkin.

Senat a’zolari davlat kotibi lavozimiga nomzod Reks Tillersonni savolga tutar ekan, Amerika repressiv va yulg’ich rahbarlarga madad ko’rsatmasin deya talab qildi. Tillerson fikricha, buning oldini olishning yo’llari bor va shunday qilinadi ham.

“Biror davlatga ko’rsatayotgan yordamimiz suiiste’mol qilinishini bilsak, nega unda bu madadni berayapmiz o’zi?” - deydi Tillerson.

Prezident Tramp va uning ma’muriyati tashqi yordamni iqtisodiy omillar, shunindek, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash darajasiga qarab bermoqchi.

“G’arb davlatlarining, xususan AQSh va Yevropaning ko’magi korrupsiyaga asoslangan tuzumlar manfaati uchun xizmat qilib kelmoqda”, - deydi Vashingtondan konservativ siyosiy tahlilchi Jeyms Roberts.

Insonparvarlik yordami ham qayta ko’rib chiqiladi. Taqvodor qonunchilar ayrim dasturlar ortidagi maqsadlardan rozi emas. Kongress bu borada xavotirli qadamlar tashlashi mumkin degan xavotir bor.

“Oilani rejalashtirish va reproduktiv salomatlik, qolaversa immunitet taqchilligi sindromi va virusiga qarshi kurash uchun mablag’ kamayishi mumkin”, - deydi Amanda Glassman, global taraqqiyot bo'yicha ekspert.

Vakolati bitayotgan Davlat kotibi Jon Kerri fikricha esa AQSh bunday maqsadlar uchun aslida ko’proq sarflashi lozim va bunga qodir. Hozirgi 34 milliardlik yillik yordam, umuman olganda, o’zini global lider deb biladigan davlat uchun katta gap emas, deydi bosh diplomat.

“Dunyoda bir yarim milliard bola hali 15 ga kirmagan. Ularning 400 millioni maktabga bora olmaydi, savod olish uchun imkoniyati yo’q. Bu hammamiz uchun muammo axir”, - deydi Kerri.

Terrorizm, zo’ravonlik, jinoyatlar va boshqa illatlarning oldini olish uchun dunyo bo’ylab yosh avlod uchun sarmoya qilish zarur, deydi Kerri. Uning bu fikriga Vashingtonda ko’plab arboblar qo’shiladi, xususan respublikachilar ham. Yordam yulg’ich va zolim rahbarlarga emas, xalqqa berilishi kerak degan qarash keng tarqalgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG