Qochqin bolalarga bilim berish uchun maxsus grant bor

  • Amerika Ovozi

Livan va Iordaniyada yashayotgan suriyalik qochqinlarning farzandlari qayerda ta’lim oladi? Buning uchun imkoniyat yaratish kimning vazifasi? Bu maqsadda 100 million dollarlik grant bor. U kimga beriladi?

Qochqinlar lagerlarida yetishmovchiliklar bisyor. Yosh avlod, oddiy qilib aytganda, ko’pchilik. Ularga o’z vaqtida bilim berish oliy vazifa, lekin bu murakkab ishni bajarish hammaning ham qo’lidan kelavermaydi.

Xalqaro qutqaruv qo'mitasidan Sara Smit:

“Dunyoda 250 million bola talabini qondira olmasligimiz mumkin. Ular yo mojaro nuqtalarida yashaydi yo qochqinga aylanib, kimgadir qaram. 12 milliondan oshiq bola hali sakkiz yoshga kirmagan va boshpanasiz. Ularga har tomonlama madad zarur”.

Suriyadagi vaziyat tobora chigal ekan, Xalqaro qutqaruv qo’mitasi degan tashkilot Amerikaning “Sesame Workshop” nomli kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi tashabbus boshlab, urushdan jabr chekkan yosh avlod uchun sharoit yaratish bilan band. Tanlov e’lon qilingan. Makartur Jamg’armasi 100 million dollar grant ajratishga tayyor. Lekin da’vogarlar mo’jizaga qodir odamlar bo’lsin.

“Jahonda hozir 65 million odam uy-joysiz qolgan va ularning yarmi bolalar. Bolalar manfaati uchun xizmat qiladigan kompaniyamiz”, - deydi Sherri Vestin, “Sesame Workshop” vitse-prezidenti.

Bu kompaniya ta’lim-tarbiya sohasida ishlaydi. Bolalar hayoti bilan bog’liq har bir jabhada faol. Mijozlar yosh avlod ekan, ularni tushunish kerak. Bolalar ruhiyati, salomatligi, zehni va talablari birinchi o’rinda.

“Bizni odamlar qahramonlarga qarab tanishadi. Sarguzashtlarga to’la kitoblardan olingan obrazlar… Bolalar bizni darrov taniydi va muloqotga kirishadi. Qay yurtda bo’lmasin, ularga quvonch bag’ishlaymiz. Shu bois ham millionlab bolalarning azob-uqubatda yashayotganini ko’rib, chora izlashimiz tabiiy hol. Ularga yordam ko’rsatishimiz shart”,- deydi Vestin.

Insonparvarlik tashkilotari va xususiy sektor mojaro nuqtalaridagi odamlarga birgalikda madad ko’rsatib tanilgan. Bunday hamkorlik yangilik emas. Tashabbus haqiqatda o’z aksini topishi uchun qattiq mehnat qilish lozim. Bolalar bilan ishlash ularning ota-onalariga ham yordam berishni talab qiladi.

“Bolalarni erta yoshdan himoya ostiga olib, ular va ota-onalar uchun dasturlarni ishga solsak, butun insoniyat foyda ko’radi. Yordam berish xavfli joylarga borishni talab qiladi. Ota-onalar kunu-tun ishda bo’lishi mumkin. Ular kasalmand bo’lishi mumkin. Qashshoq bo’lishi mumkin. Demak, har tomonlama madad zarur. Kattalarni quvvatlamay, bolalarni quvvatlay olmaysiz”, - deydi Sara Smit, Xalqaro qutqaruv qo'mitasidan.

Shu tariqa bu tashkilotlar urushdan qochgan oilalar bilan yaqindan ishlashga harakat qilmoqda. Ularning o’zi tan olayotganidek, faqat dars taklif qilish bilan ish bitmaydi. Boshqa imkoniyatlar ustida ham bosh qotirish zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG