Kalashnikov o'rniga mikrofon chiqarayotgan qo'shma biznes

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya shtatilik musiqachi Rossiyadagi do’sti bilan biznes ochib, zamonning eng o’tkir va texnologik jihatdan ilg’or mikrofonlarini ishlab chiqarmoqda. Qizig’i, ular sotib olgan inshootda bir paytlar Kalashnikov miltiqlari yaratilgan.

Tula shahri Moskvadan 200 kilometr uzoqda. Amerikalik Deyvid Braun va uning rus sherigi Pavel Bazdirev korxona sifatida bu yerni bekorga tanlamagan.

“Soyuz” deb nom berishdi, ittifoq. G’arb va sharq orasidagi tafovutni yengishda xizmat qilsin, deya niyat qilishdi. Xaridorlar jahonga mashhur musiqa va audio kompaniyalari, musiqiy guruhlari va ijodkorlari. Kuchli ovoz, tiniq ohang.

Fabrika ikki qavatdan iborat. Hozircha 12 kishi ishlaydi. Stanoklar eski lekin hali ham yaroqli. Sifatli mahsulot ishlab chiqarishga qodir mashinalar.

Mijozlardan talab tinmayapti. Retro ko’rinishidagi asboblar beradigan audio “Soyuz” mikrofonlarini zamonning antiqa vositalariga aylantirgan.

Rossiya texnologiyasi va mehnati. Amerika sarmoyasi. Kichik biznes lekin uning mahsuloti bir pasda dunyoning har tarafidan o’ziga xaridor topadi.

"Soyuz" mikrofonlaridan biri
"Soyuz" mikrofonlaridan biri

“Kompaniyamiz Rossiyaning ancha arzon hududida. Moskvadek qimmat shaharlarda xarajat osmon baravar. Amerika va Yevropada ham bunday mahsulotni hozirgidek naxda chiqara olmaymiz. Chiqimi yuqori. Biz uchun mikrofonning qo’lda yasalishi, ustalar tomonidan yaratilishi nihoyatda muhim”, - deydi Braun.

“Sifatiga qarab naqadar antiqa ekanini anglaysiz. Audio bilan ishlaydigan odam uning bahosini tushunadi. G’arb bozorlarida o’z xaridoringizni topish uchun boshqalarnikidan ajralib turadigan narsa taklif qilishingiz kerak. Birovning ishidan nusxa olib biznes qiladigan odamlar emasmiz. Ijodkor ekanmiz, mikrofon ahamiyati va qadrini bilamiz. Shu bois ham shu biznesga qo’l urdik”, - deydi Bazdirev.

“Soyuz” mikrofonlarining donasi 3500 dollar. O’xshash modellar 8000 dollarga tushadi.

Rossiyada ish qilish oson emas. Talab va cheklovlar yetarli. Yangi biznes ochayotganlar nazorat ko’lami, korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik, qolaversa mahalliy raqobat shartlari va sharoitni inobatga olishi kerak.

Deyvid Braun afsusda emas, umidga to’la.

“Soyuz” singari boshqa mahsulot yo’q ekan, boshqa kompaniyalar u bilan tenglasha olmaydi. Osiyodan keladigan mikrofonlar arzonroq va sifati pastroq.

“Muhandislik yo’nalishida ilg’ormiz deb o’ylaymiz, lekin chet eldagilar bilan raqobatlashishga qodir emasmiz. 20 yil orqadamiz degan bo’lardim. Osiyo ham bizdan o’tib ketdi. Ayniqsa texnologiya sohasida oqsab kelamiz. Raqobatga chiday olish uchun hali ko’p ish qilish kerak”, - deydi Vasiliy Abashkin, Moskvadagi Iqtisodiyot texnikumi o’qituvchisi.

“Soyuz” mikrofon kompaniyasi egalari boshqa imkoniyatlar ustida ham bosh qotirmoqda. Agar orqtiqcha cheklovlar va bosim bilan yuzlashsa, Latviya yoki Estoniyadan muqobil joylar topib qo’yishgan. Lekin ezgu maqsadi Rossiyada ishni davom ettirish va kengayish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG