Breaking News

Amerika maktablaridagi robot-o'quvchilar


Merilend shtatidagi maktablardan birida bolalar robot-sinfdosh bilan muloqotda
Merilend shtatidagi maktablardan birida bolalar robot-sinfdosh bilan muloqotda

Bolangiz kasal bo’lib, maktabga bora olmasa, o’rniga robot o’qiydi. Hazil emas bu. Xayol ham emas. Haqiqat.

Kloyi Grey ismli qizning xonasidamiz. U kunini, asosan, shu yerda o’tkazadi.

“Ertaklar dunyosiman go’yo. Shular bilan yashayman” – deya xonasidagi bezaklarga ishora qiladi.

Kloyi singari bolalar ko’p emas. Falajning og’ir turiga chalingan qizaloq beshinchi sinfni bitira olmasligi mumkin edi. To’shak yoki kolyaskada.

Endi esa uning “Clo-Bot” degan roboti bor. Uning uchun o’qiydi.

“Clo-Bot” uzoqdan boshqariladi. Yotog’ida o’tirib, Kloyi sayt orqali bilim oladi. “Double Robotics” kompaniyasi mahsuloti bu. Planshetga o’xshaydi.

Kloyi xuddi sinfda… Sinfdoshlari bilan birga. Ular qatorida darsni kuzatadi.

Kloyi o’qituvchisi bilan gaplasha oladi.

Hech kimdan orqada emas. Mashg’ulotlarda faol qatnashadi.

Robot orqali savollarga javob beradi.

Kloyi sinfdoshlari singari qo’lini ko’taradi.

Kloyi Grey roboti orqali darsda, Merilend shtati
Kloyi Grey roboti orqali darsda, Merilend shtati

O’quvchi internetda, lekin xuddi sinfda o’tirgandek. Barcha harakati, signallar to’xtovsiz yetib boradi.

Muallima Meri Fusella jarayondan mamnun.

“Boshida Kloyi ancha qiynaldi, aloqa qilish unga oson kechmadi. Lekin hozirga kelib, o’quvchim sinfdan orqada emas”, - deydi u.

Tushlik payti yoki tanaffus, “Clo-Bot” ishda.

Kloyining yaqin dugonasi Kayla bilan birga.

Uyda esa Kloyining otasi unga tushlik tayyorlaydi. Qizi uchun xursand.

“Jarrohlik amaliyotlari ketidan qizim o’rnidan tura olmay qoldi. Juda qiynaldi. Bu robot unga yangi hayot baxsh etgandek. Kunini shu bilan o’tkazadi”, - deydi u.

Ta’til paytida robot ham dam oladi. Zaryadlanadi. U boradigan maktabda mana shunday ilg’or texnologiya namunasidan oltitasi bor. Donasi 3000 dollar turadi. Kloyiga sovg’a qilishgan.

"Menga yordami juda katta. Jonu dilim”, - deydi u.

Qizaloq butkul tuzalishga bel bog’lagan. Maktabga o’z qadami bilan borish niyatida. Biroq hozircha roboti orqali bilim olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG