Breaking News

Bangilik changalidan chiqishga urinayotgan o'smirlar


Doriga mukkasidan ketib bevaqt vafot etayotgan yoshlar Amerikada har yili minglab sonni tashkil etadi
Doriga mukkasidan ketib bevaqt vafot etayotgan yoshlar Amerikada har yili minglab sonni tashkil etadi

Qo’shma Shtatlarda dorilarni noto’g’ri ishlatish yoki haddan tashqari ko’p ichish sabab yiliga minglab insonlar vafot etadi. Bu preparatlarning aksariyati og’riqni qoldiruvchi vositalar. Har kuni 100 amerikalik ulardan halok bo’ladi, deya bildiradi hukumat.

“Umid” akademiyasi deb nomlangan maskandamiz. Yoshlar davrasida. Ular - jiddiy bemorlar.

“Yuqori sinfda o’qib yurganimda og’riqqa qarshi vositalar va kokainga berildim. Do’stlar orttirdim. Ko’ngilxushlik qildim. Dunyo ko’zimga quvnoqroq va mazmunliroq ko’rindi. Keyinchalik bu aslida bu bir balo, jarlik ekanini tushundim”, - deydi Indiana shtatilik Yan Luis.

U boshi berk ko’chaga kirib qolganini, bangiga aylanganini anglashi uchun ancha vaqt ketdi.

Har yili Amerikada 300 mingga yaqin o’smir mana shunday holatdan chiqish uchun muolaja yo’llarini izlaydi.

"Marixuana chekishni 13 yoshimda boshladim”, - deydi Logan Snayder giyohvandlikni tark etish uchun o’ziga o’xshagan yoshlarni izladi. Birgalikda bu baloni yengmoqchi.

“Yolg’iz kurashish mumkin emas. Bu yoshlar mening boshimdan nima o’tayotganini biladi va tushunadi. Bir-birimizga hamdardmiz. Bir-birimizni quvvatlaymiz, tekshirib turamiz. Qoidalarni buzsak, bilamiz. Giyohvand bo’lmagan odamlar orasida yursam, bu muammodan qutula olmayman. Chunki ular dardimni tushunmaydi”, - deydi Snayder.

Bu dargohni Reychil Gardner ochgan. Maqsad, deydi u, yoshlar hayotini asrab qolish.

“Yoshmisiz yoki qari, bu yo’ldan chiqish uchun harakat qilish kerak. O’smirlarga e’tibor past. Bu degani ular narkomaniyaga kirib boraveradi. Lekin undan qutulishni xohlasa, qayerga borishini bilmaydi. Qoradoridan o’layotganlar ko’p”, - deydi Gardner.

Endi Finch AQShdagi mana shunday 38 muassasa bilan tanishgan.

“Ularning xizmati butun jamiyat uchun foyda. Bu yerga kelib ruhiy madad olgan yoshlar orasida narkomaniyaga qaytayotganlar juda oz. Maktablardagi vaziyatni o’rgandik, o’smirlar bilan gaplashdik. Marixuana chekayotganlar ozaygan”, - deydi Finch.

Ayden Tompson singari giyohvand yoshlar uchun bu xushxabar.

“To’rt oy chekmadim. Chidab berdim deb xursand bo’lib yurdim. Qishki ta’tilda yana cheka boshladim. Shu akademiyaga kelib, hozir mana ancha o’zimga kelib oldim. Ortga qaytmasligim kerak”, - deydi Tompson.

Giyohvand yoshlar bir joyga yig’ilsa, ular qoradori qabul qilmasligi uchun sharoit zarur.

“Bu yo’ldan chiqish juda qiyin va juda sekin. Har bir kunni sanaysiz. Bir-birimizni nazorat qilamiz. Chidab bersangiz, mo’jiza”, - maktabni bitirishga bel bog'lagan deydi Yan Luis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG