Atom inshootlarida xavfsizlikni ta'minlash global vazifa

  • Amerika Ovozi

Radioaktiv chiqindilarni yig'ayotgan ishchi, Fukushima, Yaponiya

O’tgan o’n yillikda bir necha mamlakatda atom halokatlari yuz berdi. Yadroviy inshootlarda portlashlar, is tarqalishi, reaktorlarning buzilishi sabab vujudga keladigan zararli holatlarga guvoh bo’ldik. Ayrim davlatlar atom zavodlarini yopdi. Yangi avlod reaktorlarini ishlab chiqarayotgan kompaniyalarga ko’ra, bugungi texnologiya ishonchli. Havoga zaharli moddalar kamroq chiqayapti, deya da’vo qiladi ular.

Yaqinda Vashington shtatidagi atom majmuasida radioaktiv chiqindi saqlanadigan tunnel barbod bo’ldi. Plutoniy singari nozik modda bilan ishlaydigan zavoddagi bu holat chuqur xavotir uyg’otdi.

“Fojia haqida darrov aytishmadi. Hech qanday zarar yo’q, deya muammoni yopishga harakat qilishdi. Safsata”, - deydi sobiq ishchi Lonni Ruz.

Tunnel qulaganida hech kimga zarar yetmagani rost. Radiatsiyaga ham hech kim uchramagan. Lekin mutasaddilar masalani tushuntirishga qiynaldi. Vaholanki, inshoot eski, ta’mirlashga arzimaydi.

“Muammoni o’rganib chiqamiz. Tunnel nima uchun qulagani va bunday hollarning oldini olish uchun nima qilmoq zarurligini aniqlaymiz. Yadroviy chiqindilarni xavfsizlantirish asosiy vazifa”, - deydi Energetika vaziri Rik Perri.

Vashington shtatidagi atom inshootlaridan biriga kiraverishda
Vashington shtatidagi atom inshootlaridan biriga kiraverishda

Atom inshootlarida xavfsizlik choralarini ko’rish hukumatga millionlab dollarga tushadi. Eski zavodlarni tozalash, chiqindilardan qutulish, radioaktiv materiallarni maxsus joylarga ko’chirish murakkab jarayonlardir. Uzoq vaqt oladi.

Italiyada, masalan, 30 yil oldin ishdan to’xtagan to’rt atom zavodi hamon butkul yopilmagan.

“Bu maydonda biror xavfli modda qolmasligi kerak. Qayta-qayta tekshiramiz, obdon toza bo’lmagunicha bu yer biror boshqa maqsadda ishlatilmaydi”, - deydi Italiya rasmiysi Alessandro Dodaro.

Xitoyda esa yangicha zavodlar ishga tushmoqda. Atom energiyasining kelajagi porloq, deydi ekspertlar. Pekinda o’tgan ko’rgazmada kompaniyalar yangi mahsulotlarini ko’z-ko’z qildi.

“Havoga zararli moddalarni kamroq chiqarishga bel bog’laganmiz. Shuni ta’minlovchi texnologiyalar ishga solinmoqda. Atom energiyasi – toza quvvat. Tayansa bo’ladigan manba. Boshqa sohalarga qaraganda ishonchliroq, 24 soat davomida uzluksiz quvvat beradi”, - deydi xitoylik mutaxassis.

Yaponiyaning Fukushima atom zavodida
Yaponiyaning Fukushima atom zavodida

​Yaponiyada 2011-yilda Fukushima zavodida yuz bergan halokat ketidan dunyo bo’ylab atom zavodlariga qarshilik kuchaygan edi.

“Xavotirlanmay iloj yo’q, hatto bu inshootlar ishdan to’xtasa ham”, - deydi italiyalik faol Rodolfo Tirimbo.

Mutaxassislarga ko’ra, bu zavodlar aholi zich yashaydigan hududlardan uzoqda bo’lishi kerak. Texnologiya qanchalik ishonchli bo’lmasin, deydi ular, ehtimoliy xavf doim mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG