Tojikistondan tahlil: Markaziy Osiyoda afg'on muammosi va Rossiya ta'siri


Rossiya Tojikistonda katta harbiy kuchga ega

Afg’onistonda hukumat va toliblar orasida janglar davom etar ekan, unga nisbatan AQSh siyosati va Rossiya ta’siri haqida Tojikistonda mulohazalar turlicha. Sharqshunos Tilav Rasulzoda fikricha Afg’oniston uning mamlakati uchun juda juda muhim va hukumat bu yo’nalishda qo’ldan kelgan barcha choralarni ko’rishi kerak.

AQSh strategiyasi mavhum. Afg'oniston qariyb 1400 kilometrlik chegaraga ega Tojikiston qo’shni davlat iloji boricha tinchlansin, deya umid qiladi.

Amerika yordamni ayamasin, deydi ziyolilar, shuningdek, mintaqa davlatlari ham xavfsizlik jihatdan mahkamroq bo'lishi uchun madadni oshirsin.

"Mana, o’rtamizda Amerika ko’magida besh ko’prik qurildi. Chegaraoldi savdosi taraqqqiy etmoqda. 2001-yildan beri, 16 yildirki, Afg’onistonda Amerika qo’shinlari bor. AQSh rahbari Donald Tramp ham Virjiniya shtatida qilgan chiqishida aytdiki, "biz afg’on hukumatiga yordam beramiz". Bu degani, janglar davom etadi degani. Qudratli davlatlar siyosatini qarangki, bir tarafdan do’stlik ko’priklarini qurishadi, ikkinchi tomondan u yoki bu tarafni qo’llab turib, orani buzishadi. Shuning uchun ham Tojikiston biror-bir siyosiy harbiy bloklarga qo’shilmay, do’st mamlakatlarga ochiqeshiklar siyosatini olib boradi. Tolibon esa kattami, kichikmi afg’onlar ichidagi kuchdir. Ichki dushmandir va hukumat bilan necha yillardan beri olishib kelmoqda. Ular bilan qanchalik tez o’zaro kelisha olsa, shunchalik maqsadga muvofiq bo’lardi", - deydi Rasulzoda.

Tojikistondagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov esa Afg’oniston hukumati va Tolibon orasida kelishuv bo’lishiga ishonmaydi. Bu narsa haqiqatdan yiroq narsa, deydi u.

"Chunki, ular qirq yildan beri urush ko’raverib, shunga ko’nikib qolishgan. Xalqning barcha qismi qurollanib bo’lgan. Ularning tafakkurida jang olib borish odatiy turmush tarzidek shakllanib qolgan. Uni bir kunda kelishuvga borib, chek qo’yish mumkin, deya olmaymiz. Ularning siyosatiga to’g’ri kelmaydi. Bundan o’sha yerdagi liderlar ham manfaatdor emas. U yerda ancha vaqt - 10 yilcha qattiq nazorat o’rnatish shart. Xalq qo’lida bo’lgan qurollarni birorta ham qoldirmasdan yig’ib olinsagina, kelishuvlar haqida so’z yuritish mumkin. Bo’lmasa, bugun kelishuv bo’ladi-yu, ertasiga yana qo’lida quroli bilan chiqaverishadi. Qurol-yarog' bor ekan, urush bo’laveradi. U yerda kimni ko’rsangiz cho’ntagidami, qo’ltig’idami qurol olib yuraveradiyu, tinchli haqida gapirib bo’ladimi"? - deydi Yusupov.

O’zbek ziyolisining fikricha, Amerikaning Afg’onistonga qo’shimcha harbiylarni kiritishi, uning manfaatlari uchungina bo’lsa ham, bir hisobdan yaxshi.

"Amerika baribir u yerda o’z armiyasini saqlab qoladi va kuchaytishi kerak. Chunki, harbiylarni saqlab turmasa, Suriyadagi kabi holat paydo bolishi mumkin. Ovchi ko’payib ketadi-yu, to’ng’izni kim otganini ham bilmay qolishadi va to’ng’izga da’vogarlar ko’payadi", - deydi Yusupov obrazli qilib.

Kobul, Afg'oniston
Kobul, Afg'oniston

Ba’zi bir mahalliy tahlilchilar nazarida Rossiya mintaqadagi ana shunday vaziyatdan foydalanib, o’lkada o’z mavqeini mustahkamlash, harbiy salohiyatini oshirish payidan bo’lmoqda. Bunga misol qilib Tojikiston va Qir’g’izistonga zamonaviy qurol-aslahalarni olib kirib, chegara mintaqalarida o’z harbiy maslahatchilarini oshirayotganini ko’rsatishadi.

Ayrim tahlilchilar esa Markaziy Osiyo davlatlarining o’zi yakka holda Afg’oniston tomonidan kelayotgan xavfni bartaraf etishga qodir emas deb hisoblaydilar. Yusupov bu kabi fikrlarga qo’shilmay, tahdidni bartaraf etish uchun birlashish lozim, deydi.

"Qachonki Markaziy Osiyo mamlakatlari bir tuzumdek, aytaylik, ittifoq ko’rinishda ahil bo’lsalar, ana shunda tashqi kuchlarni qaytara olish salohiyatiga ega bo’ladi. Mayda-mayda bo’lsa, ayrilganni bo’ri yer deganlaridek u yeridan, bu yeridan tashqi kuchlar kirib kelaveradi, teshik joylar ko’p", - deydi Yusupov.

Tojikiston-Afg'oniston chegarasida
Tojikiston-Afg'oniston chegarasida

​Tahlilchi Bahrom Fayzulloyev nazarida Markaziy Osiyo Rossiya yetakchiligidagi kollektiv xavfsizlik shartnomasi bilan himoyalangan.

"O’zaro harbiy mashqlar o’tkazilib turadi. Joylardagi mahalliy harbiylar va Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi eng yirik harbiy bazasi yangi va yangi zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlanib turilibdi. Shuning o’ziyoq o’lkani tashqi xatarlardan himoya qila oladi deb o’ylayman", - deydi tojik tahlilchisi.

Ilhom Yusupov:

"Rossiya uchun tashqi chegaralar qanchalik olis bo’lsa shuncha yaxshi, ularning mintaqaga qiziqishi albatta saqlanib qoladi. Ular o’lkaga bosimli tarzda kirib kelmoqda. Qir’g’izistonda, Batkentda bazasini o’rnatmoqchi bo’lyapti. Tojikistonda mana uzoq yillarga kelishilgan bazasi turibti. Ularning mintaqaga qiziqish bor, bo’ladi va bo’laveradi. Afg’oniston ham bahona. Markaziy Osiyoni ushlab qolish, rus imperiyasini saqlab qolish, o’risning shovinizmini kengaytirish! Ana shunaqa siyosat bu".

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG