2018-yil O'zbekiston uchun hal etuvchi davr


Va'dabozlikmi bu yoki real qadam tashlash istagi?

2018- yil O’zbekiston taraqqiyoti uchun hal qiluvchi muddat sifatida belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi yil tabrigi va parlamentga murojatida shunga diqqat qaratdi. Bu yili ko’zda tutilgan o’zgarishlardan biri Milliy Xavfsizlik Xizmatini (MXX) isloh qilish va bu tizim vakolatini qonun doirasi bilan cheklash. Mirziyoyev, shuningdek aholi daromadini oshirib, hayot darajasi va sifatini yaxshilashga va’da berdi.

Mirziyoyev boshqaruvining real natijalarini sezish payti keldi. U prezidentlikka kelganidan beri adolatli jamiyat qurish haqida gapirmoqda.

Adolatli jamiyat esa huquq-tartibot organlarini isloh qilishni talab etadi. Prezident adolatsizliklardan norozi xalq haqida so'zlayaptimi, demak, buni biladi.

Prezidentga ko’ra, xalq qama-qamadan, MXX guvohnomasi ro’kach qilinaverishidan charchagan.

Shuningdek, Mirziyoyev hududlardagi bevosita vakillari - hokimlar vakolatini kengaytirmoqchi. Prezident deydiki, uning ruxsatisiz hokimlar ishiga hech kim aralasha olmaydi; hibs va tergov taqiqlanadi.

Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab quvvatlash yili deb nomlangan 2018- yilda aholi faravonligi oshadi degan umid katta.

Tok, gaz va ichimlik suvi ta’minoti hamda ish o'rinlarining ko'payishi - odamlar uchun asosiy masalalar. Oylikka yashay olish uchun imkoniyat kengayishi lozim. Biroq bunga bir yilda erishish, oddiy qilib aytganda, qiyin ko’rinadi.

Lavozimga kirishgan dastlabki paytlarda aholi chiroq va gazsizlikdan qiynalayotganini aytib, tegishli tashkilotlarni so’roqqa tutgan Mirziyoyev bu masalalarga boshqa to’xtalmadi. Qish mavsumida aholini imtiyozli narxdagi ko’mir bilan ta’minlash qarori ham tumanlarda oqsayotgani xabar qilinadi.

Ishsizlik darajasi yuqori, mehnat muhojirligi oqimi to’xtamagan, ammo avvalgi yillardan farqli hukumat muammoni tan olgan. Rossiya bilan mehnat muhojirlari huquqiga qaratilgan hamkorlik bitimi imzolandi. “Yoshlar ittifoqi” rahbariyati Rossiyadagi sharoitni o'rganmoqda.

Ish izlab xorijga ketayotgan fuqarolar soni oshib bormoqda, ommaviy yo’nalish sanalgan Rossiya qatoriga Turkiya ham qo’shilgan.

Mirziyoyev mamlakatdagi asosiy ish o’rinlari hukumat tomonidan emas, tadbirkorlar tomonidan yaratiladi, deb umid qilmoqda. Investitsiya, tadbirkorlik uchun turli imtiyozlar va’da qilingan. Xorijdagi elchixonalardan ham sarmoya jalb qilish kutilmoqda. Ammo jarayon sekin. Uni tezlashtirish boshqa omillarga bog'liq, ya'ni boshqa sohalardagi islohotlarga.

Xorijda yashaydigan muxolifatchi Muhammad Solih tahlilicha, o’tgan yil davomida Mirziyoyev va’da qilgan iqtisodiy islohotlarining 10 foizdan oshig’ini amalga oshirdi. Hali odamlar hayotini yaxshilash uchun hech narsa qilinmadi, deydi u.

“Mirziyoyev kadrlarga, Karimov davridan qolgan kadrlarga hatto tahdid ohangida gapiryapti, ammo buning hayotdagi natijasi sezilayotgani yo’q. Men avvalo, Mirziyoyevning o’zi katta diqqat qaratgan iqtisodiy siyosatni nazarda tutayapman. Iqtisodni liberalashtirish bo’yicha 10 foizlik qandaydir o’zgarilar qilindi, ammo aksaran hech narsa o’zgarmadi. Agar o’zgarganda edi odamlar O’zbekistondan qochishda davom etmasdi. Bu jaroyon haliyam to’xtamadi, odamlarimiz endi Turkiyaga ham oqib kelyapti. Ular ahvol yaxshilangani yo’q, hatto battar bol’yapti deyishmoqda. Men siyosiy reformalarni gapirayotganim yo’q, Mirziyoyev siyosiy reformalar boshlashni va’da qilgani ham yo’q. Prezident 6 kishini ozod qilsa, MXX 9 kishini qamayapti”, - deydi Muhammad Solih.

2017-yildan 2018-yilga o’tayotgan muammolardan biri - hukumatning dindorlarga nisbatan munosabati. Yangi hokimiyat dindorlarga avf e’lon qildi, minglab dindorlar “qora ro’yxat”dan chiqarildi. Shu bilan bir qatorda bu ro’yxatdan chiqarilgan dindorlarga nisbatan tazyiqlar hamon to’xtamagan.

Diniy tazyiqlar bois O`zbekistondan chiqib ketgan Akmal Nabiyev bir necha yillardan buyon qochqinlikda yashaydi. U 2017- yilda ulkan o’zgarishlar bo`lishini, vatanga qaytish uchun imkoniyat tug’ilishini kutgan.

“Men ko’chilikka avf tegadi deb kutgan edim, lekin bu avf 159- modda bilan qamalgan siyosiy mahbuslarga ta`luqli bo`lmadi. Bu qatlamga kiruvchi dindorlar alohida bir dastur bilan chiqadi, degan gap bor, lekin bu ham hozircha quruq gap. Chiqqan amnistiya va avflardan natija yo’q. Men buni o’zgarishlar demagan bo`lardim”, - deydi u.

Mirziyoyev fikricha, 2018- yilda ko’proq ishlash lozim. Davlat rahbari va’da qilgan, biroq hali amalga oshmagan islohotlar nazarga olinsa, oldinda cheksiz sinovlar.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG