Breaking News

Urush haqidagi kino xususida urush qo'mondoni bilan suhbat


"12 jangchi" (12 Strong) - Gollivud filmi
"12 jangchi" (12 Strong) - Gollivud filmi

“12 jangchi” filmi yaqinda AQShda katta ekranga chiqdi. Kartina Afg’onistonda Tolibonga qarshi kurashgan 12 amerikalik askar va ular bilan hamkorlik qilgan o’zbek generali Abdul Rashid Do’stum haqida. Balx viloyatidagi urush, shafqatsizlik va azob-uqubat. “Amerika Ovozi” 2001-yilda o’sha janglarda faol qatnashgan qo’mondon, hozirgi kunda Juzjon politsiyasi boshlig’i, general Faqir Muhammad Juzjoniy bilan suhbatda bo’ldi.

Faqir Muhammad Juzjoniy ko’p yillar AQSh askarlari bilan yonma-yon turib terrorizmga qarchi jang qilgan. Juzjoniy suhbatlaridan o’sha paytdagi janglar ancha qaqshatqich ekanini anglasa bo’ladi.

“Qal’ai Jangiy (Balx)dagi urush juda xavfli bo’lgan edi. chunki, ham Tolibon ham biz bir qal’a ichida bo’lib jang qilganmiz. Uch kecha-kunduz urush davom etdi... Tolibonning vahshiyligi shu darajada bo’lganki, ular hatto otlarni suyib go’shtlarini xom yegan. Toliblar bir yerto’laga kirishib olishdi, ularni yerto’ladan chiqarish juda qiyin kechdi, vositachi sifatida jo’natgan to’rt kishini o’ldirdilar. Yerto’laga suv quyib yubordim. Shunday qilib ular taslim bo’lishdi. Toliblar juda ko’p urushdi lekin, shunchalik qattiq shikast ham yedi… Biz bilan toliblarga qarshi urushayotgan xorijiy askarlarga Mark degan bir amerikalik boshliq edi. Vatanni qutqarish uchun jang qilishimiz kerak edi. General Abdul Rashid Do’stum rahbarligida biz birinchi bo’lib, shimoliy, shimol-sharqiy viloyatlar, keyin poytaxt Kobulni toliblardan tozaladik”,- deydi “12 jangchi” filmining haqiqiy ishtirokchi Faqir Muhammad Juzjoniy.

Filmda toliblar qo’mondoni bolalarga ilm o’rgatayotgan bir ayol o’qituvchini bolalar oldida otib o’ldirgani aks etgan. Suhbatdoshimizga ko’ra, toliblar mahalliy aholiga ham rahm qilmagan. Ta’lim-tarbiya, ilm-savodga mutlaq qarshi bo’lgan bir guruh sifatida qad ko’targan.

“Tolibonning zolimligi haqida aytadigan bo’lsak, bu na kameraga sig’adi na ham kompyuterga. So’z bilan aytib adog’iga yetkazib bo’lmaydi. Xudkush, qatldan tashqari, ayollar va hatto bolalarga rahm qilmagan. O’ylaymanki, ularning zulmi, shafqatsizligi jahon bo’yicha, Afg’onistonda birinchi, tengi yo’q vahsiylikdir”,- deydi Juzjon politsiyasi boshlig’i.

Jang shunchalar qaqshatqich bo’lganki, askarlar har soniyada o’lim bilan mujodila qilgan.

“Har daqiqa dushman bizni nobud qilishini tasavvur qilar edik. Kurash, qarshilik va tangrining yordami bilan toliblarni mag’lub etdik. Lekin, toliblar yana qad ko’targan, ularni sharqiy va g’arbiy qo’shnilarimiz quvvatlab kelmoqda”,- deydi Juzjoniy.

U, dunyo davlatlarining himoyasidan minnatdor. Ittifoqchi davlatlar himoyasisiz bugungi Afg’onistonni tasavvir qilish mumkin emas edi, deydi. Afg’oniston bugun qayerga yetgan bo’lmasin, unda xalqaro hamjamiyatning roli ko’zga ko’rinarli darajasa bo’lgan.

“Bu, haqiqatlarni aks etgan hujjatli bir film. Afg’oniston mustaqilligi dunyoga bilindi. Afg’onlarda dushmanni nobud qiluvchi kuch mavjud ekani ham. Lekin, film xalq xotirasini tozalaydi”,- deydi Faqir Muhammad Juzjoniy.

Faqir Muhammad Juzjoniy Juzjon viloyati politsiyasi boshlig’i sifatida ishlar ekan, xalqning harbiylar bilan hamkorligi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. U ayni holda ushbu viloyat aholisining harbiylar bilan hamkorligidan rozi.

“Juzjon Afg’onistonning 34 viloyati ichida tinchi. Lekin muammo yo’q emas, hozir ikkita tumanimiz, Qo’shteppa va Darzobning 75 foiz hududi DAISh nazoratida. Lekin, boshqa yetti tumanda vaziyat qoniqarli”,- deydi Juzjon politsiyasi boshlig’i.

U, xalqqa har qanday dushman hujumini yakson qilish va’dasini beradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG