Breaking News

Afg'onistonning tog'li hududida bolalar g'orda o'qiyapti


Afg'onistonlik talabalar
Afg'onistonlik talabalar

Afg'onistonning tog'li Bomiyan viloyatida qochqinlikda yurgan ko'plab bolalar uchun ta'lim olish ushalmas orzu edi. Ularning hatto yashash uchun uyi yo'q, g'orlarda tunaydi. Hujjati yo'qligi bois maktabga bora olmaydi, ammo maktab ularning oldiga o'zi keldi.

Bir necha asr muqaddam bu g'orlarda buddistlar yashagan. Bugun bu yerda 200 qashshoq oila yashaydi. Hatto ularning bolalari uchun sinfxona ham bor.

O'n yillar oldin oilasi g'orga ko'chganda Farishta Ahmadi maktabini tark etmaslikka qaror qildi. Bugun u yuqori sinf o'quvchisi. G'orda yashayotgan bolalarga rahmi kelib, ular uchun g'ordagi joyini sinfxonaga aylantirdi. Bu yerda u har kuni ikki soat 30 ta boshlang'ich sinf o'quvchisiga turli fanlardan dars o'tadi. Hatto ingliz tilidan ham.

"G'ordagi odamlarning qimmat kvartira va uylarda yoki zamonaviy mahallalarda yashovchilardan farqi yo'q. Ular ham o'qiy oladi, maktablarga borib, shaxsiy darslar olib, o'z ustilarida ishlashni xohlaydi", - deydi Farishta Ahmadi.

Yosh o'qituvchi o'z hisobidan 200 ta kitobi bor kichik kutubxona ham ochdi. Maqsad o'quvchilarning o'qish malakasini oshirish. Farishta endi sinfxonani kengaytirish niyatida.

"Kelajakda maqsadim kichik kursimni katta maktabga aylantirish. Xizmatlarimni navbatdagi bosqichga olib chiqishim uchun hukumat yoki boshqa tashkilotlar yordam berishi kerak", - deydi u.

Ta'lim olayotgan bolalarning quvonchi cheksiz. Ularning orzulari ham ulkan.

"Biz bu yerda turli fanlarni o'qiymiz. Masalan, dariy tili, matematika, ingliz tili, chizish va o'qish. Kelajakda shifokor bo'lishni xohlayman", - deydi o'quvchilardan biri.

"Bu yerda o'qishimning sababi shuki, boshqa maktablarga bora olmayman. Oilamiz juda qashshoq va g'orda yashaymiz", - deydi yana bir o'quvchi.

Mamlakatdagi uzoq yillik urush va qashshoqlik ko'plab oilalarni mana shunday tog' kovaklarida jon saqlashga majbur qilgan. Yosh bir qizning tashabbusi bilan bu yerdagi bolalar ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'ldi. "Amerika Ovozi" shu haqda xabar bergach, Afg'oniston Ta'lim vazirligi sinfxonaga ko'mak ko'rsatishini ma'lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG