Breaking News

AQSh va Turkiya Suriya bo'yicha kelishmovchiliklarni bartaraf qilmoqchi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (o'ngda) Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li bilan, Vashington, AQSh, 4-iyun, 2018-yil.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li 4-iyun kuni Vashingtonda uchrashib, o'zaro mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf qilishga, xususan, terrorizmga qarshi kurashni davom ettirishga kelishib oldi.

Muloqot ortidan e'lon qilingan qo'shma bayonotga ko'ra, ikki rasmiy "o'zaro va mintaqaviy masalalar bo'yicha fikr almashgan" hamda "terrorizmning barcha shakllari va ko'rinishlariga qarshi birgalikda kurashishga kelishib olgan".

Uchrashuvdagi muhim muhokama mavzularidan biri IShIDga qarshi kurashda Vashingtonning kurd jangchilarini qo'llab-quvvatlagani haqida bo'ldi. Anqara kurdlarning bu harbiy bo'linmasini terrorchi guruh deb ataydi.

"AQSh Suriyada terrorchi tashkilot bilan hamkorlik qilishni lozim topdi. Bu jiddiy xato va biz ularning qarashini o'zgartirishga urinyapmiz", - dedi Chovusho'g'li AQShga safari oldidan.

AQSh-Turkiya aloqalarida Suriyaning Manbij shahri ham bahs mavzusi bo'lib turibdi. Anqaraga ko'ra, Manbij turk qo'shinlari tomonidan ishg'ol qilingach, kurdlar mintaqani tark etishi kerak edi. Lekin AQSh bu borada bergan va'dasining ustidan chiqmadi, deydi turkiyalik rasmiylar.

Qo'shma bayonotda Suriya yuzasidan mavjud kelishmovchiliklar ustida ish olib borilayotgani qayd etiladi. Bu masalada Suriya bo'yicha AQSh-Turkiya ishchi guruhi maslahatlari inobatga olinishi aytiladi.

"Tomonlar shu maqsadda qabul qilingan Yo'l xaritasini qo'llab-quvvatlashdi hamda uning ijrosiga qat'iy kirishishlarini ta'kidladi", - deyiladi bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG