Breaking News

O'zbekiston Ukraina bilan savdo aloqalarini jonlantirmoqchi


Kiyevda o'tgan O'zbekiston-Ukraina iqtisodiy forumi

Ukraina va O'zbekiston Rossiya-Ukraina mojarosi ortidan keskin zaiflashgan iqtisodiy aloqalarni qayta mustahkamlashga urinmoqda. Toshkent-Kiyev o’rtasidagi aviaqatnovlar kelasi yildan qayta tiklanishi mumkin.

Toshkent “O’zbekiston havo yo’llari”ning Ukrainada yo’qotgan 500 ming dollarga yaqin mablag’i qaytarilishiga umid qilsa, Ukraina O’zbekistonni Rossiyani aylanib Yevropaga chiquvchi transport koridorlaridan faol foydalanishga chaqirmoqda.

O'zbekiston-Ukraina iqtisodiy aloqalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:42 0:00

Toshkent va Kiyev o’rtasida avia qatnovlarni tiklash bo’yicha muzokaralar parvozlar to’xtatilgan 2015-yildan buyon davom etmoqda. Hozirgacha qatnov ochilishiga doir muddat bor necha bor o’zgardi, so’nggi ma’lumotlar bo’yicha qatnov shu yilning bahoridan tiklanishi kutilayotgan edi. Ammo bu muddat yana o’zgargan.

O’zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyevga ko’ra, muzokaralar davom etmoqda va 2019-yildan boshlab ikki o’rtada avia qatnov tiklanadi. Elchining aytishicha, avia qatnov tiklanishiga doir muzokaralarda muammolar mavjud; ulardan biri “O’zbekiston havo yo’llari” tomonidan Ukrainada yo’qotilgan 500 ming dollarga yaqin mablag’ taqdiri.

“O’zbekiston havo yo’llari”ga qarashli bu mablag’ Ukrainadagi xususiy banklardan birida saqlangan, mamlakatdagi inqilob ortidan moliyaviy bo’hron boshlanar ekan, ko’plab xususiy banklar, shu jumladan, “O’zbekiston havo yo’llari”ga tegishli mablag’ saqlangan xususiy bank ham inqirozga uchraydi.

Buning ortidan kompaniyaga tegishli mablag’lar taqdiri ham mavhum qoldi, keyinchalik parvozlar to’xtatilgan, “O’zbekiston havo yo’llari” boshlig’i Valeriy Tyan ishdan olingan edi.

Alisher Abdualiyev tomonlar iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun qayta harakat boshlashayotganiga urg’u beradi.

“O’zaro hamkorlikni viloyatlar darajasida aloqalarni yo’lga qo’yishdan boshladik, viloyat hokimliklari Ukrainadagi regionlar bilan bevosita muloqotga chiqishdi. Ukraina delegatsiyasi O’zbekiston viloyatlariga safar qilib keldi, bugungi tadbir shu muloqotlar ortidan tashkil qilinmoqda, shu yo’nalishda rejalangan tadbirlarning dastlabkisi”, deydi tadbir tashkilotchilari qatorida bo’lgan Ukrainadagi elchixona rahbari Alisher Abdualiyev.

Ukraina O’zbekiston uchun Yevropa Ittifoqiga, O’zbekiston Ukraina uchun Markaziy Osiyoga darvoza bo’lishi mumkinligi haqidagi chiqishlar bilan kuzatilgan biznes forum doirasida ikki tomonlama hamkorlikka doir bir nechta shartnoma imzolanishiga qaramasdan, aniq mablag’lar haqida gap bormadi. Muhokamalar, asosan, o’zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan maqsad, niyatlar haqida bo’ldi, deyish mumkin.

Ukrainalik ishbilarmonlar muammoni O’zbekistondagi vaziyatda, jumladan konvertatsiya bilan bog’liq masalada ham ko’rishadi. Ularga ko'ra, valyuta ayirboshlashda siljishlar bor, ammo to‘siqlar tugal bartaraf etilmagan.

Xalqaro savdo palatasining Ukraina milliy qo’mitasi (ICC Ukarine) vitse-prezidenti Igor Gres O’zbekiston bugun xalqaro moliyaviy tashkilotlar uchun ochilayotganini ta’kidlar ekan, tomonlar irodali bo’lsa yuk tranzitiga doir mavjud qiyinchiliklarga yechim topishlari mumkinligini aytadi.

“Albatta, bugun ikki o’rtadagi hamkorlikni rivojlantirishda asosiy muammo bu yuk tranziti masalasi bilan bog’liq (Rossiya va Ukraina o’rtasidagi ziddiyat Markaziy Osiyodan Ukrainaga yuk yetkazish masalasini jiddiy qiyinlashtirgan). Ammo xohish bo’lganda yechim topiladi, chunki har ikki davlat ham tranzit imkoniyatiga ega. O’zbekiston Markaziy Osiyo yo‘nalishida, Ukraina Yevropa Ittifoqi yo’nalishida biri-birlari uchun yaxshi tranzit imkoniyatlari taqdim etishi mumkin. O’zbekiston valyuta bozorini liberallashtirish harakatida, bu jiddiy to’siqlardan biri edi. Albatta, muammo hali oxirigacha yechilmagan, ammo avvalgidek, xohlaganga to’lash, xohlamaganga to’lamaslik tajribasi yo’qolgan, navbat kelganda qilib berishadi. Avia qatnovlarni tiklashdagi to’siqlar ham nazarimda shunda edi, chunki O’zbekistonda valyuta ayirboshlash masalasi muammoli bo’lib kelgan. Vaziyat o’zgaryapti, bevosita avia qatnovlar imkon qadar tezroq tiklanishi kerak. Bu nafaqat biznes muloqot o’rnatilishi, balki ikki o’rtadagi sayyohlik oqimi uchun ham muhim, meningcha, tomonlardan biri hozircha bunga tayyor emas”, - deydi Igor Gres.

Ukraina O’zbekiston uchun ikki o’rtadagi iqtisodiy aloqalar ayni paytda o’ta sust bo’lgan hamkorlardan biri. Buning sababi faqatgina Ukrainada kuzatilgan inqilobda, Rossiya va Ukraina o’rtasidagi ziddiyatda deyish qiyin. Chunki Ukraina va Qozog’iston o’rtasidagi savdo aylanmasi O’zbekiston bilan solishtirganda bir necha barobarga ko’p. O’zbekiston va Ukraina o’rtasidagi qatnovlar ham, asosan, Qozog’iston orqali amalga oshiriladi.

O’tgan yilgi natijalarga ko’ra, O’zbekiston-Ukraina o’rtasidagi o’zaro savdo hajmi 300 million dollarga yaqin bo’lgan, bir necha yillar avval bu ko’rsatkich bir milliard dollar atrofida bo’lgani qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG