Breaking News

Mirziyoyev rahbariyatida ishlayotgan birinchi o'zbek amerikalik


Otabek Nazirov: Vatanga kerakmiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:30:39 0:00

Otabek Nazirov: Vatanga kerakmiz

Otabek Nazirov 2018-yilning bahorida Toshkentga ko'chganida unga yangi organ - Innovatsion rivojlanish vazirligida vazir muovini degan lavozim taklif qilingan edi. Oradan ko'p o'tmay Nazirov boshga ishga o'tdi, Xalq ta'limi vazirligiga. Hozir u yerda vazir muovini.

43 yoshli vatandosh chorak asr mobaynida Amerika va Yevropada yashagan, ishlagan. 18 yoshida oilasi bilan Toshkentdan okean ortiga, Amerikaga yo'l olgan. Oliy ta'lim va kasbiy faoliyati G'arb bilan bog'liq. Siyosiy tajribaga ega emas, biror hukumat yoki boshqaruv lavozimida oldin ishlamagan.

Lekin Nazirovning o'ziga ishonchi baland. Bank va moliya sohasidagi bilim va tajribasi ona yurtida qo'l kelib, tizimni yangilash uchun xizmat qiladi, degan umidda.

"Amerika Ovozi" bilan Toshkentdagi yangi idorasida o'tirib, erkin suhbat qilar ekan, Nazirov kechinmalarini yashirmaydi. Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish bankidagi issiqqina o'rnidan voz kechib, O'zbekistonning uzoq yillar e'tibordan chetda qolgan, qoloq ta'lim tizimini o'zgartirishga bel bog'laganini tushuntiradi.

Otabek Nazirov Toshkentdagi idorasida
Otabek Nazirov Toshkentdagi idorasida

Navbahor Imamova: Otabek, biz Siz bilan bir-birimizni 2005-yildan beri taniymiz. Bundan 13 yil oldin Vashingtonda kasbiy faoliyatimizning Amerika poytaxtidagi ilk yillarida O’zbekiston haqida, kelajak haqida gaplashganimizda Sizning ham, mening ham xayolimizga mana shunday kunlar kelishi kelmagan, ya’ni, men Toshkentda Xalq ta’limidek vazirlikda yonma-yon o’tirib, Siz bilan islohotlar haqida gaplashaman... Otabek Nazirovni Amerikadan O’zbekistonga nima sabablar olib kelgani haqida suhbatlashaman deb o’ylamagan edim. Katta rahmat, bebaho vaqtingizni ajratganingiz uchun.

Otabek Nazirov: Katta rahmat, kelganingiz uchun, vaqtingizni ajratib ona yurtimizga! Odam o’ylamagan ishlar bo’layapti. Xabaringiz bor, hozir Vatanimizda shunday muhim o’zgarishlar bo’layapti. Shuning uchun ham bizga o’xshab musofirchilikda yurgan vatandoshlarimiz, biz ham, ana shu jarayonlarda ishtirok etsak, biz ham kuchimizni bersak bo’larmikan deb niyat qilib yuribdi. Biz shuni boshladik. O’ylaymanki, shunday katta ishonch berilgani uchun omadimiz bor ekan, mas’uliyat juda baland. Ana shunday niyatlar bilan bu yerga keldim, Sizga o’xshab.

Navbahor Imamova: Omad degan narsa bor, bu aniq, lekin harakatda barakot, ya’ni xohlash mumkun, lekin harakat qilmasang, hech narsa bo’lmaydi. 2005-yilda Siz bilan ilk suhbatimiz O’zbekiston kelajagi haqida bo’lgan edi. Qachon O’zbekistonda imkoniyatlar davri boshlanadi, imkoniyatlarni o’zi kim ochib berishi kerak, nima qilish kerak degan savollar... Lekin Siz aynan hozir kelishni ma’qul ko’rdingiz, aynan 2018-yilning bahorida shunday qarorga keldingiz. Albatta shoshmadingiz, chunki Siz bilan o’tgan yili Nyu-Yorkda ham gaplashgan edik. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida so’zga chiqqan paytda, biznes forumda ancha gaplashgan edik. U paytda hali qaror qilmagan edingiz... Nega aynan hozir keldingiz hukumatga?

Otabek Nazirov: Bu savolingizga javob bitta; har narsaning o’z vaqti bo’lar ekan. Boya aytganingizday, harakatda barakot. Menimcha, bugungi kelgan kunlarga o’tgan kunlar, o’tgan yillarning har doim bir harakati bo’lgan. Bu qadam-baqadam pishayotgan narsa, pishgandan keyin mana qaytib keldik.

Navbahor Imamova: Va buni o’zingiz his qildingiz?

Otabek Nazirov: To’ppa-to’g’ri.

Navbahor Imamova: Va shu paytgacha O’zbekiston hukumatiga qo’shilaman, shu tizimda ishlayman deb yurgan odamlardan farqli o’laroq, Siz o’zingiz topdingiz bu imkoniyatni.

Otabek Nazirov: Albatta, odam o’z harakatini qilish kerak. Chetda turib hech kim Sizga taklif bermaydi yoki qandaydir vazifalarni topshirmaydi.

Navbahor Imamova: Telefon qilib, iltimos, shu lavozimga kel, demaydi…

Otabek Nazirov: Albatta. Menda bir narsa bo’lgan, xabaringiz bor, oxirgi 8 yilda Londonda Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish Bankida ishlab yurgan paytimda asosiy mijozlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo’lgan. Shu 8 yil ichida O’zbekiston atrofidagi Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston bilan ishlaganman. O’tgan yili bizning bankimizni O’zbekistonga qayta taklif qilishdi. Ana shundan keyin men ham o’z tashabbusimni qo’shib, Yevropa Bankini O’zbekistonga qaytarish bo’yicha ishchi guruhga qo’shildim. Ana shu harakatda ko’p odamlar bilan tanishdim. Ko’p takliflar bo’ldi. Oqibatda eng mos kelgan taklif tushdi. Albatta, qanday qilib yo’q deysiz? Bu hayotda balki bir marta bo’ladigan imkoniyatdir. Bu, menimcha, 43 yilda tayyor bo’lib kelgan qaror.

Navbahor Imamova: Bu og’ir, chunki Siz nafaqat AQShda, balki Yevropada ham professional yutuqlarga erishib, hozir aytib o’tganingizday, komfort hududida bemalol yashashingiz mumkun edi va u yerdan turib ham O’zbekistondagi jarayonlarga ta’sir ko’rsatishingiz mumkun edi. Ana shu bankdan turib ham hissa qo’shishingiz mumkun edi, O’zbekiston taraqqiyoti uchun. Lekin Siz mana hozir Xalq ta’limi vazirligi uchun ajratilgan yangi, hali ta’mirdan chiqmagan binoda o’tiribsiz. Avvalo Siz boshqa vazirlikda ish boshlagan edingiz, innovatsiya sohasida, lekin oradan ko’p o’tmay Sizni boshqa vazirlikka olib kelishdi. Ana shu jarayon haqida gapirib bering. Siz avvalo qayerda ish boshladingiz va hozir qayerdasiz?

Otabek Nazirov: Birinchi taklif, Siz aytib o’tganingizday, Innovatsiya vazirligidan bo’lgan. Bu yangi vazirlik o’tgan yilning oxirida tashkil etilgan. Bu yil, xabaringiz bor, innovatsion yil deb e’lon qilingan. Bu muhtaram Prezidentimizning o’z fikrlari edi, chunki innovatsiyasiz davlatlar rivojlanmaydi. Ana shu vazirlikda bo’sh ish o’rni bo’lgan ekan, menga taklif qilishdi. Qiziq soha, mening asosiy vazifalarimdan biri moliya sohasida innovatsion takliflarni kiritish edi. 6 hafta ishladim, ko’p narsalarni o’rgandim. Meni bilasiz, umuman davlatda ishlamagan odamman. Siyosiy tajribam yo’q. Shuning uchun ham birinchi kelganimda ozgina shok holatida bo’lganman. Bu tizimning har bir davlatdagi kabi o’z reglamentlari bor.

Navbahor Imamova: Sizda siyosiy tajriba yo'q edi... Lekin kelishingizdan oldin men Siz bilan qisqacha gaplashganimda ruhan tayyor edingiz. Bu ham qiziq edi.

Otabek Nazirov: Tayyor bo’lganim – niyatim bor edi. Bu eng asosiy narsa. Bir odam o’ziga niyat qilib qo’ygandan keyin qolgan narsani o’rgatish mumkun. Odamda moslashuvchanlik bo’lishi kerak.

Navbahor Imamova: O’zingni o’tga tashlama, kerakmi Senga shu narsa hozir, degan maslahatlar berishmadimi?

Otabek Nazirov: Bo’lgan. 90 foiz odam maslahatlashganimda, surishtirganimda xayron bo’lishgan, Siz aytganingizday, komfort hududing bor, yuribsan, nima keragi bor deb. Lekin odam qandaydir yo’lni o’tgandan keyin o’zining keljagiga niyatlari bo’larkan: Xo’sh, ishlading, xo’sh, o’rganding. Keyingisi nima!? Olgan bilimingizni, olgan tajribangizni qayerda yana ishlatsa bo’ladi?! Vatanda!!! Mana hozir shunday imkoniyatlar ochilgan ekan, nima uchun yo’q deydi odam!? To’g’rimi, yo’qmi? Men shuni o’ylaganman. Rahbarlarga katta rahmat deyman, O’zbekiston rahbarlariga, Prezidentimizga, mana shunday imkon berib qo’yib, yo’llarni ochib qo’yayaptilar. Bu judayam katta yutuq.

Innovatsiya vazirligida ish boshlab keyin Xalq ta’limi vazirligiga kelganimga to’xtalsam: ta’lim tizimi oxirgi 25 yilda juda ham kam ahamiyat berilgan soha ekan. Muammolar juda ham ko’p. Ekspertlar kam, o’qituvchilar kam. Bizning vazirimiz Sherzod Hatamovich Shermatov bilan Innovatsiya vazirligida birga ishlayotgan edik, ularga shunday taklif keldi: shu vazirlikka ko’proq ahamiyat berish kerak ekan, komanda yig’ib kela olasanmi deb taklif berilgan edi.

Navbahor Imamova: Qiziq bu, chunki xalq ta’limini yaxshilamasdan turib, qanaqa innovatsiya haqida gapirish mumkun?

Otabek Nazirov: Xuddi shunday. Shuning uchun o’ylamasdan xo’p dedim. Bu endi rahbarlarning topshirig’i, vazifalar og’ir.

Navbahor Imamova: Ya’ni, innovatsion taraqqiyot xalq ta’limini yaxshilashdan boshlanadi.

Otabek Nazirov: To’ppa-to’g’ri. Agar biz ta’lim sohasiga hozir ahamiyat bermasak, keyin qiyin bo’ladi. Shundoq ham ko’p vaqt boy berildi. Standartlar pastga tushib ketgan, ahamiyat berilmagan, o’qituvchining obro’si tushib ketgan. “Agar o’qituvchining obro’si bo’lmasa, qanday qilib bolalarimizga tarbiya beramiz? Qanday qilib biz ularga bilim beramiz?” – deb davlat rahbari bizga taklif berdi, biz xo’p deb, shu yerga keldik. Mana endi 3 hafta vaqt o’tdi, ikki kun oldin, xabaringiz bor, Prezident bilan uchrashuv bo’ldi, hamma rahbarlarni yig’ib, bizdan hisobot so’radilar. Nimalarni o’rgandik, nima takliflarimiz bor, o’shanda ko’p-ko’p fikrlar berildi. Prezidentimiz bizni qo’llab-quvvatladi. Biz tomonimizdan ta’limni rivojlantirish bo’yicha berilgan nimaiki fikrimiz bo’lsa, barchasi tasdiqlandi. Mana endi biz jamoa bo’lib, birlashib, ishlashimiz shart.

Mening asosiy vazifalarim: tajribam, bilasiz, moliya, budjet, rejalashtirish sohasida. Ana shularni bu sohada iloji boricha to’g’ri yo’lga qo’yib, kerak bo’lgan moliyani ajratish, o’qituvchilar maoshini oshirish, tizimning samaradorligini oshirishdan iborat.

Lekin bir gapni Sizga aytaman, Navbahor, muammolar juda ham ko’p, bu bir, ikki, uch kunda hal bo’ladigan ish emas. Ikkita narsaga muhtaram Prezidentimiz iltimos qildilar ahamiyat berishga: bugungi kunda hal qila olishimiz mumkun bo’lgan masalalar va strategik masalalar, ya’ni qanday qilib butun ta’lim tizimining metodikasini o’zgartirish, boshqaruvini o’zgartirish, viloyatlarda investitsiya kam bo’lgan, ko’rilmagan maktablar bor, ularga qanday qilib moliyani kiritish kabi masalalarda taklif berib, vazifa va maqsadlarni belgilab bergan.

Navbahor Imamova: Mana Siz uzoq yillar xorijda yashagansiz. Umuman boshqa bir mentalitetda, boshqacha bir yondashuvda va hozir o’zgarishi kerak bo’lgan tizimdasiz, ya’ni islohotlar endi boshlanyapti, hali sust. Bu hukumat juda katta o’zgarishlar qilishni xohlaydi va ularni qanday qilish mumkun deb savol bilan yuzlanayotgan paytda kirib kelish Siz uchun qanchalik qiyin bo’ldi? Siz boshqachasiz. Siz Amerikadan keldingiz Sizga nisbatan qarash boshqacha, yondashuv boshqacha, deylik, Prezidentning o’zidan boshlab, to’g’rimi?

Otabek Nazirov: Bu juda ham muhim savol, mendan bu savolni ko’p vatandoshlar, yurtdoshlar so’rayapti. Menimcha, bu savolning javobi falsafiy bir javob. Biz baribir o’zbekistonlikmiz, tagimiz o’zbekistonlik. Men, masalan, 25 yil xorijda yashagan bo’lsam ham, 17-18 yoshlarimda chiqib ketganman chet elga, ana shu qolgan. Xorijda o’rgangan tajribam va o’zbekchiligimiz o’rtasida bir muvozanat yarataman deb o’zimga maqsad qo’ygan edim. Shuning uchun ham bu bir tajriba jarayoni. Har kuni o’rganib, asta-asta yechimlarni topish kerak. Odamlar bilan gaplashganingizda, o’z takliflaringizni berayotganingizda, bu yerda ham ko’p o’rganadigan narsa bor.

Navbahor Imamova: Nima uchun hamma narsa Sizga muhayyo bo’lishi kerak, to’g’rimi? Siz axir bu tizimda ishlash uchun keldingiz.

Otabek Nazirov: To’ppa-to’g’ri. Lekin kerak paytda, agar qandaydir boshqacha takliflaringiz bo’lsa, berish kerak. Men bir narsaga xursand bo’layotganim: kattami-kichikmi, kim bo’lishidan qat’i nazar, bu yerda men bilan ishlayotgan xodimlar, rahbarlar eshitishadi. Eshitishadi va dialog yuzaga keladi.

Navbahor Imamova: Sizdan o’rganishmoqchi…

Otabek Nazirov: Men ham o’rganyapman, biz bir-birimizdan o’rganyapmiz, bu juda muhim. Lekin bu jarayon; bir, ikki, uch kunda bo’ladigan ish emas.

Navbahor Imamova: Demak, har kuni Siz uchun sinov.

Otabek Nazirov: Har kuni, ha.

Navbahor Imamova: Prezident bilan tez-tez uchrashib turasizmi?

Otabek Nazirov: Prezident bilan ikki marta uchrahdik.

Navbahor Imamova: Hammaga juda ham qiziq chet eldan kelayotgan mutaxassislar nima karomat korsatishi, nimani qoyillatib berishi O’zbekistonda. Chunki, bilasiz, xorijda yurgan o’zbekistonliklardan ham juda ko’p narsalar kutilyapti. Nafaqat yordam, nafaqat investitsiya, balki intellektual madad, ruhiy madad, to’g’rimi? Va mana Sizga o’xshab chet eldan kelib astalik bilan tizimga qo’shilishni xohlab yurganlar ko’p. Ular o’ylayotgan bo’lishi mumkun: kim meni quvvatlaydi? Ertaga Toshkentga borsam, kim komandam bo’ladi? Kim bo’ladi atrofimda? Xorijdan borganlar bir-birini quvvatlay olayaptimi? O’ziga xos bir doira shakllanganmi? Ularga nima degan bo’lardingiz?

Otabek Nazirov: Bitta taklifim bo’ladi. Ertangi kun, indingi kun, bir yildan keyin nima bo’ladi, bularni rejalashtirish qiyin. Kelib, boshlash kerak. Tamom. Kelib, boshlab… Vataniga keladi – qayerga borardi. Vataniga kelgandan keyin, mana men hozir Sizga bir misol keltiraman: qaysi bir mamlakatda hozir shunday tarixiy imkoniyatlar yaratilgan? Agar odam, o’tirib uning hisob-kitobini, tavakkal qilaymi yo'qmi, deb xavotirga berilsa, hech qachon qaror qilolmaydi. Boraman deyish kerak, tayyorman deyish kerak va kelish kerak!

Navbahor Imamova: Demak, sinovlarga tayyor turish kerak…

Otabek Nazirov: Tayyor turish kerak. Misol keltiraman, hozir bizning vazirligimizda juda ham ko’p imkoniyatlar ochilayapti, yangi boshqarmalar tashkil qilinayapti, yangicha fikrlaydigan odamlarni izlayapmiz. Maktab direktori bo’lishi mumkun, tuman xalq ta’limi bo’limi mudiri, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbari bo’lishi mumkun. Bizning Xalq ta’limi vazirligiga ham mutaxassislar kerak. Tajribasi bormi, yo’qmi, shu Vatanga xizmat qiladigan yoki o’qituvchi ham bo’lishi mumkun, ingliz tili yoki matematikadan dars beradigan o’qituvchi ham bo’lishi mumkun. Hozirning o’zida mamlakat bo’ylab o’qituvchilik uchun 18000 ta bo’sh ish o’rni mavjud.

Navbahor Imamova: Demak, maorif va ta’lim sohasida ishlab yurgan, o’ziga xos tajribaga ega o’zbekistonliklar agar xohlashsa, imkoniyat bor?

Otabek Nazirov: Juda ham katta imkoniyatlar bor. Men ularning hammalarini taklif qilaman. Kimda qiziqish bo’lsa, biz hozir xatto elektron pochta ham ochganmiz yoki bizning qabulxonamizga telefon qilishi mumkun. Men hammani taklif qilaman. Kim shu Vatanga qaytib, Xalq ta’limi vazirligida ishlashga tayyorman desa, marhamat. Bundan tashqari, hozir shunday takliflar bo’layaptiki, davlat va xususiy sektor hamkorligini yo’lga qo’yish, xususiy maktablar tashkil qilish bo’yicha. Bu ham katta masala. Biz ham agar vatandoshlar maktablar ochsak, bu sohaga ham katta e’tibor berilayapti.

Otabek Nazirov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, Toshkent
Otabek Nazirov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, Toshkent

Navbahor Imamova: Tizim bilan hali ham ishlash qiyin, sust, mas’uliyat saviyasi past, degan gaplarni ko’p eshitamiz va hozirgacha harakat qilganlar ham harakatlari boshi berk ko’chaga kirib qolganini aytadi. Ayrim hollarda O’zbekiston hukumati bilan muzokara qila olmadik, misol uchun, maosh yuzasidan kelisha olmadik degan shikoyatlarni eshitayapmiz, chunki o’tgan bir yil ichida yuzlab vatandoshlar O’zbekistonga kelib ishlashga harakat boshlashgan. Maosh masalasi qanday hal qilinadi? Masalan, o’tgan yili Prezident Mirziyoyev Nyu-Yorkka borganida 18 vatandosh bilan gaplashganida Amerikada topayotganingizdan ham ko’proq maosh beramiz agar xohlasangiz degan. Lekin amalda hayot baribir boshqacha, to’g’rimi? G’arbda topib yurgan pulingizni, O’zbekistonda topa olmaysiz. Siz mana shu borada qanday qarorga keldingiz? Ya’ni moliyaviy qaror, oilangiz bor, tirikchilik qilish kerak.

Otabek Nazirov: Bu masalani hal qiladigan har xil yo’llari bor. O’z tajribamdan o’tdi bu jarayon. Masalan, Amerika bilan O’zbekistonni solishtiradigan bo’lsak, turmush darajasi degan tushincha bor. Amerikada hayot juda ham qimmat. Bor ishlagan pulingizning hammasini ijaraga to’laysiz, tibbiy sug’urtaga to’laysiz, mashina ijarasiga to’laysiz, kredit olasiz, tamom. Vatanda vaziyat boshqacha. Menimcha, ana shu ekvivalentni o’rganib chiqqanda bu yerda beriladigan pul Amerikadagiga mos kelishi mumkun.

Navbahor Imamova: Ya’ni bu yerda ham bemalol tirikchilik qila olasiz…

Otabek Nazirov: Ha. Hozirda shunday fond tashkil etayapmiz shu masalasini hal qilishga, yaxshi mutaxassislarga yaxshi oylik berishga qaratilgan. Buni hozir o’rganib chiqayapmiz, bir, ikki, uch oy ichida shu fondga turli manbalardan pul to’planadi. Yana bir gap aytaman, agarda Vatanga qaytib faqat pul masalasini o’ylayotganlar bo’lsa, unda bo’lmaydi. Vatanga qaytish masalasi boshqa-boshqa. Vatanga xizmat qilish kerak. Men 25 yil bu kunni kutganman, bu yilni kutganman. Fidoiylik degan tushuncha bor. 24 soat kunda yetmaydi bizga, ertalab soat 9da ishga keldikmi, kechasi 12, 1 gacha ishlaymiz. Hech kim bizni qulog’imizdan bu yerda ushlab turmaydi. O’zimning niyatim bor, chunki shunaqa vazifalar ko’p, hujjatlarni tayyorlaymiz, qaror, qonunlar loyihasini tayyorlaymiz. Bugun qilayotgan ishimizning ertaga juda katta ko’lamli ta’siri bo’ladi. Men qanday qilib uxlashim yoki pulimni sanashim kerak?! Bu yerda kelajakni yaratish haqida qayg’urish lozim. Biz o’zimizdan ancha ustun turadigan jarayonning bir qismimiz. Joriy hukumat, davlat rahbari bizga ana shu imkoniyatni berib turibdi. Istagan g’oyangizni stol ustiga tashlab, munozara qilib, fikringizni himoya qilib, amalga tadbiq etishingiz mumkun. Bu borada hech qanday cheklovlar yo’q. Bu menga kuch bag’ishlaydi.

Navbahor Imamova: Yuqorida kelajak haqida ertaga nima bo’ladi, indinga nima bo’ladi deb o’ylanavermang dedingiz. Masalan, qisqa muddatga kelib ishlab ketmoqchi bo’lganlarga nima maslahat bergan bo’lardingiz?

Otabek Nazirov: Bu juda ham yaxshi, hamma narsani tashlab ko’chib kelib emas, bir oy, besh oy, bir yil bo’lishi mumkun, xizmat qilsa bo’ladi. Chunki hozir bizning vazirligimizda loyihaviy ishlar joriy qilinayapti, ular qisqa muddatli bo’ladi, masalan, ma’lum bir strategiyani yaratish yoki loyihani boshlash kabi. Hozir, masalan, UNESCO, UNICEF, Jahon Banki bilan ishlayapmiz, ana shu loyihalarga ham kelib yordam berish mumkun.

Navbahor Imamova: Aytib o’tganingizday, Prezident tomonidan hozir ikki masala – birinchisi, shu tizimni rivojlantirish uchun qisqa muddatda qilish mumkun bo’lgan ishlar, ikkinchisi, strategik masalalarga e’tibor qaratish vazifasi berilayapti. Mana siz qisqa muddatda nimalar qilishingiz kerak, vazir o’rinbosari sifatida, O’zbekistonda xalq ta’limi saviyasini oshirish uchun? Hademay yangi o’quv yili boshlanadi. Qanday o’zgarishlar qila olasiz hozir?

Otabek Nazirov: Mavjud muammolarni ko’rib chiqishga yondashuv ham ikki xil bo’ladi. Shunday muammolar borki, ular qonunlarga o’zgartirish kiritish, boshqa vazirliklar bilan hamkorlikda ishlash, o’zgarishlarni mamlakat bo’ylab joriy qilishni talab etadi va uzoq muddatga mo’ljallangan bo’ladi. Boshqa tur muammolar esa o’z qo’limizda qisqa muddatda hal etilishi mumkun. Hozir biz mana shu qisqa muddatli masalalarni o’rganib chiqayapmiz. Qanday qilib o’qituvchining hayotini, kasbiy faoliyatini osonlashtirish, rivojlantirish mumkunligini o’ylayapmiz. Elementar masala - hozir bizning shu muammolarni davlat tarafidan e’lon qilayotganimizning o’zi katta gap. Aytganimizdek, o’qituvchilarning obro’sini, hurmatini ko’tarishimiz kerak, bu bir. Oylik masalasini ko’tarishimiz kerak. Buni ham hozir o’rganib chiqayapmiz qanday qilib tez yechim topish mumkunligini. Uzoq viloyatlarda e’tibor qilinmagan, investitsiya qilinmagan maktablar bor, axvollari ayanchli. Bularni ham tez tuzatish mumkun. Buning uchun 3 yillik, 5 yillik strategiya yozish kerak emas.

Navbahor Imamova: O’zbekiston hozir o’z imkoniyatidan ham tashqarida bo’lgan, ambitsiyaga to’la islohot dasturi bilan chiqdi, degan qarash bor xalqaro hamjamiyatda. Eplay olarmikan shuncha islohotlarni amalga oshirishni, o’ziga o’zi juda katta va’dalar berib yubormayaptimikan degan savollar bor. Siz ularga nima degan bo’lardingiz? Siz o’sha islohotlar dasturining bir muhim qismini amalga oshirish bilan band rasmiysiz.

Otabek Nazirov: Avvalo har bir odam o’ziga baland-baland rejalar qo’yishi kerak. Harakatda barakot deb aytib o’tdik. Agar shu yo’lga intilmasangiz, bu yo’lning yarmiga ham yeta olmaysiz. Lekin harakatni boshlashdan oldin bilishingiz kerak, shu harakatning natijasiga yetish uchun ko’p faktorlar bo’ladi. Agar biror faktor yetishmay qolsa, bu dunyoning oxiri bo’lmaydi, lekin harakat qilaverish kerak. Men o’z tajribamdan kelib chiqib aytaman, nimagaki yetisholmagan bo’lsam, oxirigacha qat’iy harakat qilmasam amalga oshmas edi. Shuning uchun ham rejalarimizni baland qo’yishimiz kerak, tez ishlashimiz kerak. Aytib o’tganimdek, kunda 24 soat yetmayapti hozir. Chunki shunday muammolar ko’pki, birlashib, komanda bo’lib, natijaga yetib ishlasak, rejalarimizning 10-20 foiziga erishsak, shu ham katta yutuq bo’ladi. Qo’rqish kerak emas bundan.

Navbahor Imamova: Demak, qoqilishlarga, xato qilishga tayyorsiz?

Otabek Nazirov: Albatta. Qoqilib bo’lgan, har kuni qoqilayapman. Qo’rqish kerak emas. Qoqilib oyoqqa turgan odam uzoqqa boradi, qoqilmagan odamning tajribasi bo’lmaydi. Ruslarda bir maqol bor-ku, bitta qoqilgan odamni uchta qoqilmagan odamga almashtiramiz, degan.

Navbahor Imamova: Mana hozir komanda haqida gapirdingiz. Mendan so’rashdiki, Amerikadagi komanda bilan O’zbekistondagi komanda o’rtasida qanday farq bor? Mening javobim shunday bo’ldiki, har ikkisida ham bir yoqadan bosh chiqara olishingiz kerak. Komandangiz bormi hozir, ishongan odamlaringiz bormi?

Otabek Nazirov: Ha, albatta. Komandani tuzish oson emas, chunki odamlar bir-biri bilan ishlashga o’rganishi kerak. Komanda degani shu, tajriba va ishonch. Odamlar birga ishlaganda bir-birlarini yarim so’z, hatto so’zsiz ham tushunganda samara bo’ladi. Har bir rahbar o’z komandasini aynan shu vosita yordamida torta oladi. Chunki tushunish bor. Misol uchun, vaqt bersangiz shu rahbar boshqa komandani ham yig’ishi mumkun. Komandani yig’ib, chetga chiqib, yangi rahbar qo’yib davom ettiraveriladi. Bu bir komanda boshqasidan ustun degani emas. Jahon chempionatida ham ko’p komandalar chiqadi, har komandaning o’z stili bor. Eng asosiysi, qancha vaqt birga ishlagan ular? Samara ana shunda bo’ladi. Vaqt kerak komandani tuzishga.

Navbahor Imamova: Va Siz hozir shu bilan bandsiz?

Otabek Nazirov: Ha, men hozir komandamga o’zim tanigan, ko’p yillar ishlagan xodimlarni taklif qilayapman. Asta-asta o’rganib chiqayapmiz, niyat shu komandani o’stirish.

Navbahor Imamova: Hozirgacha olgan asosiy sabog’ingiz nima bo’ldi? Mana boya aytib o’tdingiz, ko’p narsa o’rgandim kelganimdan beri deb. Nimalarni bilmas ekansiz O’zbekiston haqida shu kungacha?

Otabek Nazirov: Bir narsani aytishim mumkun, buni fakt desa bo’ladi: bu davlatning ishlash mexanizmi, har bir mashinaning, davlat ham bir katta mashina, har bir tizimning o’z odatlari, protokollari bo’ladi. Men bularni bilmas edim. Bu fakt. Sekin-sekin o’rganib chiqayapman. Bu ham katta tajriba men uchun. Juda katta tajriba. Chunki bu xususiy sektordan butunlay boshqa narsa.

Navbahor Imamova: Omad Sizga, katta rahmat!

Otabek Nazirov: Rahmat!

Atabek Nazirov: Uzbekistan needs us now
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:23:59 0:00

Intervyu Toshkentda O'zbekiston Milliy Axborot Agentligi (O'zA) bilan hamkorlikda tasvirga olindi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG