Breaking News

Tramp atrofidagi korrupsiya uning mavqeyini tushiradimi?


AQSh Prezidenti Donald Trampga xizmat qilgan sobiq amaldorlar jiddiy jinoyat ishlarida aybdor deb topildi. 21-avgust kuni Tramp kampaniyasining sobiq menedjeri Pol Manafort bank va soliq firibgarligi bo’yicha sakkiz modda bilan ayblandi. Trampning sobiq advokati bo’lgan Maykl Koen ham sakkiz jinoyat ishi bo’yicha o’z aybiga iqror bo’ldi.

Koen bank va soliq firibgarligi hamda kampaniya tarafidan moliya qonunlarini buzishda aybdor ekanini tan oldi. AQSh prokurori o’rinbosari Robert Xuzami mazkur qonunbuzalrlik jiddiy ahamiyatga ega ekani, uzoq vaqt mobaynida yolg’on va adolatsiz ish yuritilganini anglatishini ma’lum qilgan.

Janob Koen kampaniya moliyaviy faoliyati bo’yicha aybini tan oldi, ular 2016-yilgi saylov jarayonlariga ta’sir ko’rsatishga qaratilgan jinoyatlardir.

Bundan tashqari, Koen ikki ayol kishiga Tramp saylov kampaniyasiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkun bo’lgan axborot uchun pul berganini ham tan olgan.

Manafort firibgarlik jinoyati bo’yicha 18 ayblovdan sakkiztasida aybdor deb topilgan.

Tahlilchilarning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, ushbu ikki jinoyat ishi maxsus advokat Robert Mullerning 2016-yilgi saylovlarda Rossiya aralashuviga doir surishtiruv ishiga yangi legitimlik imkonini beradi.

“Devid Muller surishtiruvlari Tramp doirasi markazida chirish mavjudligini ko’rsatdi va bu hukm Manafortning Tramp prezidentligidan avvalgi faoliyatiga asoslangan bo’lsa-da, u Tramp kampaniyasi markazida bo’lgan odamlar va ularning faoliyat turlariga doir haqiqatni yuzaga chiqardi”, - deydi Mayami universitetidan Devid Abraxam.

Prezident Tramp Manafort ishi uning kampaniyasi va Rossiya o’rtasida maxfiy kelishuvlar bo’lganini anglatmasligini aytgan. Biroq, tahlilchilarning ma’lum qilishicha, Manafortning sentabr oyiga mo’ljallangan ikkinchi sud ishida uning Ukrainada Rossiyaga moyil hukumatni tuzish uchun amalga oshirgan lobbilik xizmati ko’rib chiqiladi. Tramp kampaniyasi vakillari Rossiya prokurori bilan saylovoldi uchrashuvida ko’rishganida prezidentning demokrat raqibi Xillari Klinton mavqeyini tushiradigan axborot taklif etilganiga doir shubhalar bor.

“Boshqa nomzodga “loy chaplash” siyosatning normal qismi ekani haqiqat, biroq ana shu loyni xorijiy dushman kuchlaridan olish siyosatning normal qismi bo’lolmaydi. Bu noqonuniy bo’lib, Xillari kampaniyasiga oid axborotni taqdim etib, o’zining saylanishiga hissa qo’shgani uchun Tramp Rossiyadan qarzdor”, - deydi Jorjtaun universiteti professori Pol Shif Berman.

Tahlilchilarga ko’ra, Muller boshchiligidagi surishtiruvlar Tramp aytganiday “yalmog’iz ovi” sifatida inkor etilmasligi kerak, aksincha u ayni damda yangi bosqichga ko’tarilishi mumkin.

“Bu shaxslar – Koen va Manafort ham prokurorlar bilan hamkorlikni boshlash taraddudida, demak axborotning baraban zarblari jaranglashda davom etadi”, - deydi professor Berman.

Tahlilchilar Tramp atrofidagi amaldorlarning korrupsiyaga aloqadorligi uning asosiy tarafdorlariga tez ta’sir ko’rsatmasligini tasdiqlaydi. Biroq ortib borayotgan bosim ko’plab saylovchilarni yo’qotishga va Trampning qayta saylanishini murakkablashtirishga olib kelishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG