Breaking News

Tolibon AQSh bilan muzokaralarga tayyorgarlik ko'rmoqda


Tolibon harakati a'zolari

Vohid Mujda Tolibonning Kobuldagi sobiq rasmiysi bo’lgan. Ayni paytda Tolibon yetakchilari bilan yaqin aloqada. Uning ma’lum qilishicha, AQSh va Tolibon harakati o’rtasidagi Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha kelishuvlar to’xtab qolgan. Bunga AQShning Afg’onistonda harbiy bazalarini saqlab turishi sabab bo’lgan.

“AQSh Tolibonning kamida ikkita – Bagram va Sho’rabak harbiy bazalarining faoliyatiga rozi bo’lishini istaydi. Tolibon esa buni qabul qilishni istamaydi”, -deydi Mujda. Uning aytishicha, Tolibon AQSh diplomatik missiyasi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan nominal miqdordagi harbiylardan tashqari hech qanday baza bo’lishini istamaydi.

Vashingtondagi Afg’oniston bo’yicha shug’ullanadigan ayrim nufuzli manbalarning “Amerika Ovozi”ga tasdqilashicha, Afg’onistonda ayrim harbiy bazalarning faoliyat yuritishi AQSh hukumati uchun ustuvor ahamiyatga ega.

Iste’fodagi polkovnik va Pentagonning sobiq maslahatchisi Kristofer Kolenda joriy yilda Doxa shahrida Tolibon yetakchilari bilan norasmiy muzokaralar olib borgan edi. Uning o’tgan oyda “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ma’lum qilishicha, isyonchi guruhlar AQSh harbiy qo’shinlarini mustamlakachi kuch deb qabul qiladi va ularning mamlakatdan chiqib ketishini istaydi.

“Urush uchun ularning birinchi raqamli sababi aynan ishg’ol qilish harakatlariga qarshi kurashdan iborat. Shunday ekan, ular AQSh harbiy kuchlarining Afg’onistonda bo’lishiga osongina rozi bo’lmaydi. Chunki Tolibonga ko’ra ular aynan shu tahdidlardan himoyalanmoqda”, - deydi u.

Kolenda, shuningdek, Afg’onistonda tinchlik o’rnatilib, yangi hukumat tarkibiga Tolibon ham kiritilgan taqdirda, ular afg’on armiyasini o’quv mashg’ulotlarida malakasini oshirish bo’yicha AQSh bilan hamkorlik qilishga rozi ekanini bildirgan.

Kolenda hamda unga hamrohlik qilgan sobiq dimplomat Robin Rafel Tolibon rasmiylari bilan dastlabki muzokaralarni olib borgan. Undan so’ng Davlat Departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari yordamchisi Alis Vels iyul oyida Doxada Tolibon bilan uchrashgan.

Ana shu uchrashuv Tolibonning AQSh hukumati bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara qilish talabiga javoban amalga oshirilgan edi. Tolibon Afg’onistonning amaldagi hukumatini “qo’g’irchoq tuzum” deb hisoblaydi va ular bilan kelishuvdan natija yo’q deb biladi.

Prezident Ashraf G’ani Tolibonga hech qanday shartlarsiz istalgan yer va istalgan vaqtda uchrashishni taklif etgan.

Mujdaning bildirishicha, mahbuslarning ozod etilishi Tolibonning yana bir muhim talabi hisoblanadi.

“Reyters”ning ma’lum qilishicha, Tolibonning uchdan to’rt kishigacha vakillardan iborat delegatsiyasi AQSh rasmiylari bilan o’z harakatlari a’zolarining hibsdan ozod etilishi masalasida navbatdagi muzokaralarni boshlashga tayyorgarlik ko’rmoqda.

Ularning uchinchi muhim talabi mamlakatda shariat yoki Islom qonunlarining joriy etilishidir.

Tolibon Afg’onistonning amaldagi konstitutsiyasining 80 foizini tan oladi. Biroq Tolibon konstitutsiya AQSh mustamlakachiligiga asoslangan deb hisoblaydi, deydi Mujda.

Tinchlikka erishish umidlari joriy yilning iyun oyida hayit bayrami munosabati bilan o’t ochishni to’xtatish bo’yicha kelishuvlar natijasida kuchaygan edi. Mamlakatda bir necha kunlik tinchlik hukmronlik qildi. Biroq Tolibonning takroran hujumlarga zo’r berishi umidlarni puchga chiqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG