Breaking News

Xalqaro Mehnat Tashkiloti: O'zbekiston haqida noto'g'ri ma'lumot bermaganmiz


BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Jenevada asoslangan

O'zbekiston hukumati bilan ayniqsa o'tgan bir yarim yil ichida hamkorlikni kuchaytirgan Xalqaro Mehnat Tashkiloti yaqinda chiqqan mustaqil tekshiruv natijalarini inkor etmoqda. Bu tahlilnomaga ko'ra, BMT organi O'zbekistondagi paxta terimi xususida xato axborot bergan. Tashkilotning Jenevadagi bosh idorasiga ko'ra, respublikadagi vaziyat yuzasidan hisobotlar ishonchli va puxta izlanishlar mahsuli.

Kristian Lasslett va Vanessa Gstrein ismli mutaxassislar esa o'z tadqiqotlariga asoslanib, Xalqaro Mehnat Tashkilotining monitoring faoliyatini noxolis deya baholagan.

Kelasi haftadan binoan tashkilot O'zbekiston bo'ylab majburiy mehnat bilan bog'liq ahvolni tekshira boshlaydi. Terim mavsumi oxirida o'z xulosalarini ayon etadi. O'tgan yili ham shunday qilingan. 2017-yilda bu muammo aks etgan 300 mingdan oshiq holat qayd etilgan.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa davlat organlari hamda mustaqil huquq tashkilotlari bilan ishlab, faollar va jurnalistlar uchun treninglar o'tkazib, mamlakatda majburiy mehnatning barcha ko'rinishlariga chek qo'yish uchun hissa qo'shayotganini bildirib keladi. 7000 mutaxassis o'qitilgan, 300 mehnat inspektori tayyorlangan, 500 prokuror malaka oshirgan va 250 jurnalist muammoni qanday yoritishni o'rgangan.

Vashingtonda asoslangan "Paxta kampaniyasi" degan xalqaro koalitsiya ham O'zbekiston hukumati bilan aloqani yo'lga qo'ymoqda, lekin vaziyatni ijobiy baholashga shoshmayapti. Uning tahlilicha, tuzum majburiy mehnatdan butkul voz kechmagan va hal etilishi kerak bo'lgan muammolar talay.

"Paxta kampaniyasi" ham Xalqaro Mehnat Tashkilotining hisobotlariga shubha bilan qaraydi.

Lasslett va Gstrein "bizning qo'llanmalarimizga" qarab xulosa qilmoqda, ya'ni amalda monitoring qanday olib borilishini kuzatmagan va shu bois ham xulosalari o'rinsiz, deyiladi tashkilot javobida.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan gaplashayotgan fuqarolar erkin va ixtiyoriy ravishda bilan dardlashadi. Ularga biror bosim o'tkazilmagani tasdiqlanadi, deyiladi rasmiy izohda. Ma'lumot yig'ish jarayoni puxta rejalangan va manbalarning kimligi sir tutiladi hamda ularga doir ma'lumotlar xavfsiz, deya qayd etmoqda tashkilot.

Monitoring jarayoniga O'zbekiston hukumati aralashmaydi. Tarjimonlar, haydovchilar va barcha xodimlar faqat Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan ishlashi shart. Hisobot nafaqat BMTning tegishli organlari balki monitoring homiysi bo'lmish Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Shveytsariya hukumatlari tomonidan ham elakdan o'tkaziladi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti monitoring bilan qiziqqan tomonlarga uning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan bog'lanishni so'ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG