Breaking News

Mirziyoyev AQSh elchisini "Do'stlik" ordeni bilan mukofotladi


Pamela Spratlen 2015-yil boshidan beri AQShning O'zbekistondagi elchisi
Pamela Spratlen 2015-yil boshidan beri AQShning O'zbekistondagi elchisi

O'zbekistonda AQSh elchisi sifatida vazifasini yakunlayotgan Pamela Spratlen mezbon hukumat tomonidan "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlandi. Mirziyoyev ma'muriyati nazarida Spratlen ikki davlat va ikki xalq orasidagi aloqalarning kuchayishida bebaho hissa qo'shgan. Elchi, tabiiyki, bu ehtirom va sharafdan mamnun.

24-sentabr, 2018, Toshkent
24-sentabr, 2018, Toshkent

Amerika Ovozi bilan suhbatda elchi Spratlen Toshkentdagi elchilik paytini tarixiy davr deya tasvirlagan:

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizni unutish qiyin bo'ladi, juda ko'p sabablarga ko'ra. Sizni qanday eslashlarini xohlar edingiz? Sizdan nima meros qoladi deb o'ylaysiz?

Elchi Pamela Spratlen: Avvalo, Navbahor, O'zbekiston ahliga aytadigan gaplarim bor. Sizdan minnatdorman. Meni keng quchoq ochib kutib oldingiz. Birinchi daqiqalardanoq olqishladingiz. Davlatga kirishim bilan 48 soat ichida tashqi ishlar vaziri ishonch yorlig'imni qabul qildi. Oradan 10 kun o'tmay ishonch yorlig'imni rahmatli Prezident Islom Karimov qabul qildi. Qayerga bormay odamlar meni juda iliq qarshilaydi. O'zbekistonning taniqli joylari Samarqand, Buxoro va Xiva yoki Farg'ona vodiysidagi Mingtepa degan joy bo'lsin, Termizmi, qayerga qadam ranjida qilmay, O'zbekiston xalqi meni ochiq chehra va tabassum bilan kutib oladi. Elchi sifatida bu ehtirom va imkoniyat men uchun bebaho.

Mening elchilik davrimda yangicha hamkorlik yo'lini ochdik. Shunday sheriklik imkoniyati yaratildi. Mevasini ko'raveramiz. Yoshlar bilan maroq bilan ishladim. Ularning orzulari, kelajak haqidagi o'ylaridan ilhom oldim. Bu bilan faxrlanaman.

Davlat departamentidagi hamkasblarimdan ham juda minnatdorman, shuningdek, Milliy xavfsizlik kengashidagi hamkasblarimdan. Ular menga ishondi, tayandi. Rishtalarimiz muvaffaqiyati, hamkorlikdagi har qanday yutuq ko'plab odamlarning qattiq mehnati mahsuli, faqat meniki emas.

AQShdek davlatning diplomati bo'lish bir baxt, chunki menikidek kasbiy faoliyatga ega bo'lish mumkin. Umidim shuki, shunday karyera qilish imkoniyati O'zbekiston yoshlarida ham bo'lsin. Menikidek maroq bilan ishlash, mana siznikidek professional faoliyat, Navbahor, O'zbekistonda ham mumkin bo'lsin. Siz o'z sohasining liderisiz, boshqalar o'rnak oladigan, ilhomlanadigan mutaxassissiz. Yo'l ochayapsiz boshqalar uchun. Sevgan sohasida maza qilib ishlaydiganlar ko'paysin.

Nafaqat ayol va afro-amerikalik diplomat, balki zamonaviy dunyoda yashayotgan inson sifatida bir narsaga ishonchim komil: odamlar hamisha o'rnak oladigan odamlarni qidiradi. Bilaman, odamlar ikkimizga ham havas bilan qarashadi. Bilaman, jurnalistlarning yangi avlodi sizga qarab o'rganishni xohlaydi, Navbahor.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ulkan mas'uliyat zimmamizda.

Elchi Pamela Spratlen: O'zbekistondek ajoyib mamlakat tarixining shu davrida o'ziga xos rol o'ynay olganimiz uchun behad shodman. Albatta, Amerika uchun ham muhim bir davr bu. Hamkorlikning asosi barpo etildi, endi uni ko'tarish kerak. O'rnimga kelgan odamning ishi shu bo'ladi. Siz esa, Navbahor, o'z sohangizda O'zbekistonda turib ham ishlash imkoniyatini ochayapsiz. O'zgacha sharoit va muhitda. Jurnalistika nima ekanini namoyish etish, axborot berish, axborot vositasi nima ekanini ko'rsatish imkoniyati bu. Bu - O'zbekiston uchun katta ahamiyatga ega ish. Shunday o'ringa ega ekanimizga shukur qilaman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Oldimizda sinovlar...

Elchi Pamela Spratlen: Juda ko'p sinovlar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ajoyib sinovlar.

Elchi Pamela Spratlen: Hayotning har bir kuni sinov. Yomg'ir yog'ayapti hozir. Bu ham kimlar uchundir sinov, chunki yurish oson emas. Ko'cha tirband. Bu ham bir sinov. Xohlagan ishimizni qilish uchun hech qachon yetarlicha mablag' yoki resurs bo'lmaydi. Lekin nimani eplay olamiz, nima qila olamiz? Gap mana shunda. Oldimizdagi imkoniyatlarni ishga solib, oldinga qadam tashlay olamizmi? Qunt, e'tibor va mehnat bilan eplaymiz.

Qo'l siltab, umidsizlansak, o'tiraveramiz. Har yerdan to'siq ko'ramiz. Lekin biz unday qilmaymiz. Biz harakat qilaveramiz, umidni boy bermaymiz. Sabr va matonat bilan olg'a va olg'a... Bor imkoniyatlardan foydalanib, yangilarini yaratamiz.

Mening nazarimda, O'zbekistonning hozirgi rahbari dunyoga yangicha ko'z bilan qarayotgani ayni muddao. 2016-yilda buni hech kim tasavvur qilmagan edi. Toshkent, Xiva va O'zbekistonning boshqa qismlaridan jahonga yangicha nigoh bilan qarashyapti. Chunki davlat rahbari shu tomonga yetaklayapti. Uning oldida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovdek optimist odamlar bor. Bu inson Amerika bilan rishtalar yaxshanishiga hamisha ishongan va uzoqni ko'zlab harakat qilgan. Shu jumladan, Senator Safoyev va Akmal Saidov ham. Umidga to'la insonlar ko'p. Yetakchilar. Qiyin davrlarda ham, yaxshi davrlarda ham oldinga intilavergan. Hamma mamnun hozir.

AQShning O'zbekistondagi elchisi: Imkoniyatlar davri boshlanmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:36:17 0:00

Slow down and focus, says U.S. Ambassador to Uzbekistan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:36:16 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG