Breaking News

O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasiga nima dedi?


O'zbekistonning BMTdagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Bosh Assambleyaning 73-sessiyasida, 1-oktabr, 2018
O'zbekistonning BMTdagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Bosh Assambleyaning 73-sessiyasida, 1-oktabr, 2018

O'zbekistonning BMTdagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Bosh Assambleyaning 73-sessiyasida so'zlashicha, respublika ayni damda "dinamik transformatsiya" jarayonini boshdan kechirmoqda.

Besh yil ichida siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkam tizim va xalqaro me'yorlarga mos ravishda yashaydigan jamiyatga aylanishga bel bog'lagan, dedi Ibragimov 1-oktabr kuni Nyu-Yorkdagi nutqida.

O'zbekiston yaqin kelajakda BMT Inson huquqlari kengashiga a'zo bo'lishni istaydi. Diplomat deydiki, respublika bolalar mehnati va majburiy mehnatni yengib, erkinliklar ta'minlanadigan zamon tomon qadam tashlamoqda.

Xalqaro huquq tashkilotlari yuqorida qayd etilgan muammolarga nisbatan chora-tadbirlarni davom ettirib, kurashni susaytirmaslik kerak deya undamoqda. Yaqinda AQSh hukumati O'zbekistonni bolalar mehnati bo'yicha qora ro'yxatidan chiqardi, lekin majburiy mehnat bobida mamlakat hamon orqada.

Moliyaviy liberalizatsiya - O'zbekiston oldidagi asosiy maqsadlardan biri, deydi Ibragimov. Bir yil oldin konvertatsiya ochilgan va hukumat bu borada faqat oldinga harakat qilaveradi, deydi diplomat.

BMT doirasida O'zbekiston diniy ekrinlik borasida ham hamisha tanqid ostida bo'lgan. Biroq o'tgan yildan beri hukumat bu masalaga e'tiborni oshirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning o'zi o'tgan yili BMT minbarida bu sohada progress bo'ladi deya so'z bergan edi. Taqvodorligi uchun nishonga olingan minglab fuqarolar qora ro'yxatdan chiqarildi va yuzlab o'zbekistonliklar ozodlikka chiqdi.

Ibragimovning bugungi nutqiga ko'ra, ekstremizmga qarshi kurashda O'zbekiston yangi yo'ldan ketmoqda. Yoshlar bilan ishlash, terrorga qarshi mintaqaviy va xalqaro hamkorlik real qadamlar talab etishini tan olib, hukumat yondashuvni o'zgartirgan. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari jiddiy e'tiborda, deydi diplomat.

Markaziy Osiyodagi qo'shni davlatlar bilan aloqani kuchaytirish va ular bilan yaqindan hamkorlik qilish - Toshkent tashqi siyosati markazidagi vazifa. BMTdagi elchi bu haqda ham so'zlar ekan, bugun mintaqa har doimgidan ham ahil va bog'langan, dedi.

Toshkent nafaqat siyosiy va iqtisodiy integratsiya tarafdori, deydi Ibragimov, balki turizm singari umummintaqaviy manfaatlar yo'lida ham bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladi va yangi tashabbuslar bilan chiqmoqda.

Diplomat Orol dengizi taqdiri va bu hududda yashaydigan aholi hayotini yaxshilash uchun xalqaro hamjamiyatni diqqat qaratishga undadi.

Afg'onistondagi vaziyat ham tilga olindi. O'zbekiston rasmiysining aytishicha, uning davlati qo'shni davlatda tinchlikka erishish uchun qo'lda kelgan barcha harakatni qilishga shay va shu maqsadda faol muloqotda.

Markaziy Osiyo rahbarlaridan bu yili BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasiga Qirg'iziston va Turkmaniston rahbarlari keldi. Qolgan uch davlatdan yetakchi diplomatlar so'zladi.

Uzbekistan/UN: Ambassador Bakhtiyor Ibragimov, Oct 1, 2018
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:03 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG